Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:42

Bishkekda ayollar marshiga noma’lum shaxslar hujum qildi, tashkilotchilar qo‘lga olindi (VIDEO)


Ayollar marshi qatnashchisi qo‘lga olinmoqda, 8 mart, 2020, Bishkek
Ayollar marshi qatnashchisi qo‘lga olinmoqda, 8 mart, 2020, Bishkek

Bishkekda 8 martga belgilangan navbatdagi «Ayollar birdamligi marshi» o‘tkazilmay qoldi.

Noma’lum kishilar tadbir ishtirokchisi bo‘lgan ayollarga hujum qildi. Militsiya esa marsh tashkilotchilarini hibsga oldi.

Ozodlik qirg‘iz xizmati muxbirining xabar qilishicha, marsh o‘tkazilishi kerak bo‘lgan G‘alaba maydonida, mahalliy vaqt bilan soat 11:45 larda, tashkilotchilar ishtirokchilarga transparantlar tarqata boshlagan.

Yurish boshlanayotgan paytda esa niqob taqib olgan kishilar tashkilotchilar va marsh ishtirokchilariga hujum qilgan.

Muxbirga ko‘ra, hujumchilar ayrim ayollarni tepgan, transparantlarini otib yuborgan.

Ayollar marshiga hujum, 8 mart, 2020, Bishkek
Ayollar marshiga hujum, 8 mart, 2020, Bishkek

Ayni choqda mojaro ro‘y bergan joyga militsiya xodimlari yetib kelib, marsh tashkilotchilari va qatnashchilarini qo‘lga ola boshlagan. Qo‘lga olinganlar avtobuslarda olib ketilgan.

Ayollar marshi qatnashchisi qo‘lga olinmoqda, 8 mart, 2020, Bishkek
Ayollar marshi qatnashchisi qo‘lga olinmoqda, 8 mart, 2020, Bishkek

Hujum qilganlar esa militsiya yetib kelishi bilan voqea joyidan qochib ketgan.

Aytilishicha, 70 ga yaqin odam qo‘lga olingan. Qo‘lga olinganlar orasida jurnalistlar va faollar bo‘lgan. Ular Sverdlov tuman IIBga olib borilgan.

Militsiyadagilar vaziyat yuzasidan kechroq izoh berajagini ma’lum qilgan.

Hibsga olinganlarning aytishicha, tuman IIBda ular bilan «suhbat o‘tkazmoqchi» bo‘lishgan va militsiyadagilar qo‘lga olish sababini hanuz ochiqlamagan.

Bir necha kishi, jumladan, jurnalistlar, voyaga yetmaganlar va chet elliklar biroz o‘tib qo‘yib yuborildi.

Bu orada Sverdlov tuman IIB binosi oldida bir necha o‘n kishi to‘plandi. Ular hibsga olinganlarni ozod qilishni talab etib, «Militsiya sharmanda!» deb baqirishdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Oltinoy O‘murbekova IIV rahbariyatiga ayollar marshi vaqtida qo‘lgan olinganlarni qo‘yib yuborishni so‘rab, murojaat kiritganini ma’lum qildi.

Men hibsga olinganlar jinoyat qilgani yo‘q, dedim. Ular bayonnoma tuzib, qo‘yib yuborishini aytdi. Ertaga hammani yig‘amiz, vaziyatni o‘rganamiz va biror to‘xtamga kelamiz, − dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Ushbu tadbir tashkilotchilari 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kunida mamlakatdagi ayollarning muammolari - kelin o‘g‘irlash, oiladagi zo‘ravonlik va gender tengligi bilan bog‘liq qator muammolarni ko‘tarib chiqishni niyat qilgan edi.

Bishkek administratsiyasi tashkilotchilar marsh o‘tkazilishi uchun tegishli tartibda ruxsat olmaganini aytmoqda. Ayni paytda, poytaxt rahbariyati ayollarga niqobda hujum qilgan shaxslar jazolanishi va’da qilmoqda.

Ayollar huquqlari himoyasi talab qilingan marsh 8 mart kuni Qozog‘istondagi Almati shahrida ham bo‘lib o‘tdi. Bu marshda biror tartibsizlik yoki to‘qnashuv bo‘lganiga oid ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG