Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:19

Mutaxassis: Rubl qulashi o‘zbek muhojiri uyiga yuborayotgan dollar kamayishiga olib keladi!


Keyingi kunlar ichi rublning asosiy valyutalarga nisbatan qadri keskin tushib bormoqda.
Keyingi kunlar ichi rublning asosiy valyutalarga nisbatan qadri keskin tushib bormoqda.

Seshanba kuni Moskva birjasi o‘z valyuta savdosini rubl qurbining keskin tushishi bilan boshladi. Dastlabki savdoda dollar 4 rublga qimmatlab¸ 72 rubl 80 kopeykani tashkil etgan bo‘lsa¸ yevro 82 rublga chiqdi.

9 mart kuni Rossiya Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEC) bilan neft qazib olishni kamaytirish masalasida kelisha olmagani ortidan birjalardagi neft narxi ham pastga sho‘ng‘idi.

Mutaxassislar¸ rubl qadrsizlanishining Markaziy Osiyo valyutalariga ta’sir qilmay qolmasligidan nahs etmoqda.

Dushanba, 9 mart kuni Brent markali neft narxi 30 foizga arzonlab, bir barreli 31 dollarga tushdi.

Bunday qulash arafasida Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEC)ning Vena muzokaralarida dunyo bozoridagi ikki yirik eksporter - Saudiya va Rossiya neft qazib olishni qisqartirish to‘g‘risida kelisha olmadi.

Neft narxi tushishi ortidan unga bog‘lanib qolgan Rossiya rubli ham qadrsizlandi va dushanba kungi savdolarda bir yevro 84 rubl, AQSh dollari esa 73 rublgacha ko‘tarildi.

Moskva birjasi indeksi 8 foizga, RTS esa – 13 foizga quladi. Kuzatuvchilar neft narxining bu tarzda qulashi 1991 yildan buyon kuzatilmaganini aytmoqda.

“Neft narxi qayta tiklanishiga bir necha oy vaqt kerak"ligini ta’kidlagan Rossiya Energetika vaziri Aleksandr Novak Rossiya hukumati OPEC a’zolari bilan muzokaralarni davom ettirayotgani, tez orada murosaviy kelishuvga erishish ehtimoli borligini bildirdi.

Rossiya vaziri neftning arzonlashishi “Rossiyada benzinga bo‘lgan narxlar stabil saqlanishi” va inflyatsiyaga jiddiy ta’sir qilmasligiga va’da berdi.

Vazirning bu va’dasiga qaramay, 10 mart kuni rublning qadrsizlanishi davom etdi va u aksar valyutalarga nisbatan 10 foizga arzonlashdi. Bu vaziyat 10 mart kuni London birjasida Brent markali neft narxining 36,8 dollarga ko‘tarilishi qaramasdan saqlanib qolmoqda.

Qozog‘istonda tenge ham quladi.

Jahon bo‘ylab koronavirus infeksiyasi yoyilib borayotgani ortidan¸ neftga nisbatan talab kamaydi va neft narxi ham pastladi.

Rossiya rublining qulashi ortidan xom-ashyo eksportiga bog‘lanib qolgan qozoq tengesi qiymati ham qadrsizlandi.

9 mart kuni Nur-Sultondagi valyuta almashtirish punktlarida 1 dollar 391-395 tenge, 10 mart kuni esa 397–398 tengedan sotilmoqda. Dam olish kunlari dollar kursi 382,05 tengeni tashkil etdi. Qozog‘iston hukumati “valyuta bozoridagi parokandalikning oldini olish” maqsadida valyuta intervensiyasini amalga oshirayotganini ma’lum qildi.

Qirg‘iz so‘mi, tojik somonisi va o‘zbek so‘mi qozoq valyutasiga nisbatan kamroq qadrsizlandi. Ammo ekspertlar bu valyutalar 2015 yil avgustdagi vaziyat takrorlanishi va global moliyaviy inqiroz tufayli ular ham qulashi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

FBK Grant Thornton kompaniyasining Strategik tahlil instituti direktori Igor Nikolayev Ozodlik bilan suhbatda neft-gaz xom-ashyosi savdosiga bog‘lanib qolgan Rossiya va Qozog‘iston kabi iqtisodiyotlardagi vaziyat mintaqadagi boshqa mamlakatlarga ham ta’sir etmasdan qolmaydi, degan fikrni bildirdi:

- Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari valyutalari neftga kamroq bog‘langan. Bozordagi vaziyat shuni ko‘rsatmoqda. Ammo bu hozirgi sharoitda ular valyutalari qadrsizlanmaydi¸ degani emas. Hamma narsa qulashni boshlaganidan keyin investorlar xavfli valyutalardan aktivlarini chiqarishga tushadi. Markaziy Osiyo davlatlari Qozog‘iston va Rossiya iqtisodiyotlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani bois ularning ham qadrsizlanishini kutish mumkin. Bu mamlakatlar orasida savdo oboroti pasayadi, rublning tushishi esa mehnat muhojiri rublda ishlayotgan pulining dollarga ko‘chirgan miqdorini keskin kamaytirib yuborishi turgan gap.

Suhbatdosh oldingi iqtisodiy inqirozlar davrida rublning qadrsizlanishi barcha Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston valyutasiga ham ta’sir qilganini eslatdi.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston hukumati bergan ma’lumotlarga qaralsa¸ hozircha vaziyat buning aksini ko‘rsatmoqda.

Xususan¸ O‘zbekiston Markaziy Banki joriy haftaga belgilagan kursga ko‘ra, AQSh dollari o‘zbek so‘miga nisbatan arzonlagan.

Xususan¸ AQSh valyutasi so‘mga nisbatan 13,3 so‘mga arzonlab, 9500,54 so‘mni tashkil etdi. Keyingi olti hafta davomida O‘zbekistonda AQSh dollarining nisbatan arzonlashi kuzatilmoqda.

9 mart kuni O‘zbekiston hukumati jahon moliya va xom ashyo bozorlaridagi oxirgi o‘zgarishlarning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo‘chqorov neft narxining tushishi ortidan gazga bo‘lgan talabning kamayishi va ayrim qo‘shni mamlakatlar milliy valyutalari devalvatsiyasi O‘zbekiston eksport daromadlariga salbiy ta’sir o‘tkazishini ta’kidladi. Vazir xalqaro tovar va moliya bozorlaridagi vaziyatning mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini "neytral” deya baholadi.

Ushbu yig‘ilishda hukumat yuzaga kelgan inqiroz ta’sirlaridan saqlanish va mamlakat makroiqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sirlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi va Moliya vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilganini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG