Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 23:11

Eron-turkman chegarasidan o‘tkazilmayotgan o‘zbek haydovchilari 20 kundan beri yuk mashinasida yashamoqda


Eron-Turkmaniston chegarasida qolib ketgan o‘zbek furachilar.

Koronavirus sababli Eron-Turkmaniston chegarasi yopilgani ortidan o‘ndan ziyod o‘zbekistonlik haydovchi yigirma kundirki Eronning "Lutfobod" va "Saraxs" chegara maskanida qolmoqda.

Ozodlikka bog‘langan haydovchilar 23 fevraldan buyon antisanitariya holatida yuk mashinalarida yashayotganliklari, pullari ham tugab bo‘lganini aytdi.

Tehrondagi O‘zbekiston elchixonasining Ozodlik bog‘langan vakili chegarada qolib ketgan haydovchilar bilan doimiy muloqotda ekanliklari, ularni O‘zbekistonga olib o‘tish bo‘yicha Eron va Turkmaniston idoralari bilan muzokara olib borilayotganini bildirdi.

Mulozimga ko‘ra, haydovchilar yuk mashinalarini bojxona postida qoldirib, vatanga qaytish taklifni rad etgan.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik fura haydovchilari oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari ortilgan yuk mashinalarini chegarada qoldirib keta olmasliklarini bildirdi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan o‘zbekistonlik fura haydovchisi 20 kundan beri Eronning Turkmaniston bilan chegarasidagi "Lutfobod" bojxona postida antisanitariya vaziyatida yashayotganini aytadi:

- Yigirma kundan beri kabinada yotib-turamiz. 100 foiz antisanitariya holatidamiz, lekin koronavirusni yuqtirmaganmiz. Soppa-sog‘miz. Koronavirus bizdan 1000 kilometr uzoqlikda. Hozir pullarimiz ham tugagan. Elchixona furalarni chegarada qoldirsangizlar¸ O‘zbekistonga borishlaringizga yordam beramiz, dedi. Lekin birovning omonat yuki, tashlab ketolmaymiz. Konvoy bilan bo‘lsa ham bu yerdan olib chiqib ketishsin. Boshqa davlatlar, mana Turkmaniston o‘zinikilarini olib chiqayapti, biz hali shu yerda yotibmiz, - dedi Turkmaniston-Eron chegarasida qolib ketgan o‘zbekistonlik haydovchilardan biri 11 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Tehrondagi o‘zbek elchixonasi rasmiylaridan biri Ozodlikka haydovchilarning yuk ortilgan mashinalar bilan qaytishiga ruxsat olish urinishlarini borayotganini bildirdi:

- Turkmaniston koronavirus sabab chegarani yopgan. Shuning uchun bularga mashinalarni chegarada qoldirib, samolyotda O‘zbekistonga borishlariga yordam taklif etildi, ular bu taklifga ko‘nishmadi. Hozir ularni masalasi bo‘yicha Turkmaniston va Eronning tegishli idoralari bilan muloqot olib borilayapti, - dedi Tehrondagi O‘zbekiston elchixonasining ismi ochiqlanmasligini istagan rasmiysi.

Eronda qolib ketgan o‘zbek haydovchilari 7 mart kuni vatanlariga qaytishga yordam so‘rab O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga murojaat bilan chiqqan edi.

Eronda koronavirus shiddat bilan tarqalishi ortidan unga qo‘shni bo‘lgan Pokiston, Iroq, Turkiya qatori Turkmaniston ham fevral oyi o‘rtalaridan bu mamlakat bilan chegarasini yopgan edi.

Buning oqibatida Eronning Turkmaniston bilan chegarasidagi "Lutfobod" va "Saraxs" maskanida 700 dan ziyod yuk mashina to‘planib qolgan.

Turkmaniston tomoni Eron bilan chegara qachon ochilishini ma’lum qilmagan.

- Hech kim hech narsa bilmaydi. Koridor ochib bersa, konvoy bilan olib chiqib ketsa bo‘ldi edi. Borgandan keyin, karantinga olsa ham rozimiz. Vatanga yetib olsak bo‘ldi. Iltimos, yordam beringlar, murojaatimizni prezidentimizga yetkazing, vatanimizga, bola-chaqaning oldiga etib olaylik, - deydi Turkmaniston-Eron chegara postida qolgan o‘zbekistonlik haydovchi.

11 mart holatiga ko‘ra, Eronda 9 mingdan ortiq odamning koronavirusga chalingani qayd etilgan.Epidemiyadan o‘lganlar soni 350 nafardan oshgan.

XS
SM
MD
LG