Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:58

Qozog‘istonda favqulodda holat joriy etildi, koronavirusga chalinganlar soni 8 taga yetdi


«Koronavirus, biz sendan qo‘rqmaymiz» deb yozilgan plakatni tutgan yigit, 14 mart, 2020, Olmaota.
«Koronavirus, biz sendan qo‘rqmaymiz» deb yozilgan plakatni tutgan yigit, 14 mart, 2020, Olmaota.

Qozog‘istonda 15 martdan boshlab, favqulodda holat joriy etildi.

15 mart kuni Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19 — koronavirusni yuqtirganlar soni 8 nafarga yetganini ma’lum qilgandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Eljan Birtanovga ko‘ra, 15 mart kuni ertalab 1959 yilda tug‘ilgan yana bir ayolda virus aniqlangan va bu ayolning barcha yaqinlari izolyatsiyaga olingan.

Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq ilk ikki holat haqida mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi 13 mart kuni ma’lum qilgandi.

Kazakhstan Today nashri xabariga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusni yuqtirgan olti nafar bemordan to‘rt nafari Olmaotada, ikki nafari Nur-sultonda karantinga olingan.

Shuningdek, statsionar karantindagi fuqarolar soni 1090 kishini, uy karantinidagilar soni – 452 kishini tashkil etadi.

Qozog‘istonda Navro‘z tadbirlari hamda fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bekor qilindi.

Bu orada 15 mart kuni O‘zbekistonda ham koronavirus infeksiyasiga chalingan ilk bemor qayd etildi. Virus Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida aniqlandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, kasallik dunyoning 135 mamlakatida tarqalib, 156 mingdan oshiq odamda qayd etilgan.

Bugunga qadar 5800 dan oshiq odam ushbu kasallikdan o‘lgan.

Virus o‘tgan yilning dekabrida Xitoyda tarqala boshlashi ortidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Xitoydan qaytgan shaxslarga keskin cheklovlarni joriy qila boshladi.

Bu orada AQSh prezidenti Donald Trampda koronavirus topilmadi. Bu haqda Oq uy shifokori Shon Konli ma’lum qildi.

- Bu test salbiy natija ko‘rsatgani haqida tasdiq oldim, — dedi u 14 mart kuni.

Avvalroq Tramp Floridada Braziliyalik diplomatlar bilan ko‘rishgan edi. Tramp bilan uchrashgan diplomatlarning bir nechtasida keyinroq koronavirus aniqlangan edi.

Boshida Oq uy Tramp analiz topshirishiga ehtiyoj yo‘qligini aytdi. 13 mart kuni Vashingtondagi Braziliya elchixonasi Tramp bilan ovqatlangan delegatsiya vakillarida COVID-19 aniqlanganini ma’lum qildi. Xususan, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning maslahatchisida virus aniqlandi. Maslahatchi Floridada Tramp bilan birga ovqatlangan va rasmga tushgan.

Bolsanaruning o‘zida virus aniqlanmadi, ammo unga qo‘shimcha analiz topshirish va ikki hafta davomida uyda o‘tirish tavsiya qilindi.

13 mart kuni Tramp koronavirus bilan bog‘liq favqulodda vaziyat e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Namoyandalar palatasi kasallikka chalinganlar analizlarini bepul tekshirish va ularga moliyaviy yordam ko‘rsatish masalasida qaror qabul qildi.

14 mart kuni Oq uy bundan nari prezident Tramp hamda vitse-prezident Mayk Pens bilan yaqindan muloqot qilmoqchi bo‘lgan har qanday shaxs tana harorati tekshirilishini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG