Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 16:52

AOKA koronavirus haqida xabar tarqatgan Telegram kanallariga ogohlantiruv yo‘llashni boshladi


AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov

Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) Telegram tarmog‘idagi kanallarga ogohlantiruv xatlarini yo‘llashni boshladi.

Ogohlantiruvda ma’lum bir postda yolg‘on ma’lumot aniqlangani, kanal ma’muriyati bu postni olib tashlamasa, Jinoyat kodeksining 244-1 moddasiga​ binoan javobgarlikka tortilishi aytilgan.

Biroz muqaddam AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov yolg‘on va uydirma ma’lumot tarqatganlar 5 yilgacha qamalishi mumkinligini eslatgan edi.

Telegram tarmog‘idagi turli kanallar ma’murlari Ozodlikka ularga kelib tushgan ogohlantiruv matnini taqdim etdi.

Ulardan birida jumladan shunday deyilgan:

"Hurmatli foydalanuvchi! 2020 yil 15 mart soat .. : .. da “Telegram” messendjeridagi “...” virtual kanalda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid ma’lumot (post) joylashtirganingiz aniqlandi. Unda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) fonida haqqoniyligi isbotlanmagan, aholi orasida asossiz qo‘rquv, xavotir va/yoki vahima uyg‘otishga qaratilgan, davlat va jamiyat barqarorligiga putur yetkazuvchi ma’lumot (post, lavha, video-, foto- va h.k.) aks etgan...

Shundan kelib chiqib, Sizdan mazkur ma’lumotni (post, lavha, video-, foto- va h.k.) tezkorlik bilan olib tashlash talab etiladi.

Aks holda, sizning ushbu harakatingiz va/yoki harakatsizligingiz O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1 moddasiga (aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish) binoan javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi".

Bu mazmundagi ogohlantiruv xatlarini Ozodlikka taqdim qilgan bir necha Telegram kanali ma’murlari koronavirusga oid aholidan video, foto xabarlar yog‘ilayotganini aytmoqda.

Ammo, AOKAning ogohlanitiruvi ularni jiddiy xavotirga solib qo‘yganini aytmoqda.

Ayrim ma’murlar buni koronavirus vahimasining oldini olish uchun ko‘rilgan o‘rinli chora, deb baholamoqda. Ayrimlari esa buni senzura - ijtimoiy tarmoqlardagi so‘z-fikr erkinligiga qarshi oshkora tahdid, deb baholamoqda.

AOKA direktori birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov 15 mart kuni yolg‘on xabar tarqatganlarga O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-1 moddasining 2-qismi qo‘llanishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

"Shu asnoda, barcha OAV va blogerlarni axborot sohasida qonunchilikka jiddiy va to‘liq amal qilishlarini suraymiz, ya’ni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborot tarqatish "OAV to‘g‘risida" qonunining 6-moddasi, "Axborotlashtirish to‘g‘risida" qonunining 12 prim 1 moddasi va Jinoyat Kodeksini buzish hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka olib keladi", deb yozdi mulozim ijtimoiy tarmoqda qoldirgan postida.

Mulozim Jinoyat Kodeksining 244-1 moddasining 2-qismi matnini to‘liq keltirgan:

"Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish,

xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish,

shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar:
a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
b) xizmat mavqeidan foydalanib;
v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Bunga qadar Prezident Mirziyoyev Bosh prokurorga karantin qoidalarini mensimagan yoki buzganlar uchun jazo chorasini qat’iylashtirishni topishirgani xabar qilindi.

Kun.uz nashrining xabar qilishicha, bu haqda 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasida karantin qoidalarini buzgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM) ning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi va u bilan muloqotda bo‘lgan 150 nafarga yaqin kishi izolyatsiyaga olindi.

Buning ortidan, O‘zbekiston 16 martdan boshlab virus tarqalishi oldini olishga qaratilgan keskin choralar joriy etildi - barcha aviaqatnovlar, mamlakatga odamlarning kirish-chiqishi taqiqlandi.

Chet davlatlarda qolgan o‘zbekistonliklar uchun charter reyslar tashkil etilishi mumkin, xorijdan qaytarilganlarning barchasi karantinga joylashtiriladi.

XS
SM
MD
LG