Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:08

Koronavirus tufayli Rossiya aeroportlarida minglab o‘zbekistonlik qolib ketdi VIDEO


Yuzlab o‘zbek muhojirlari Rossiya aeroportlarida qoldi
Yuzlab o‘zbek muhojirlari Rossiya aeroportlarida qoldi

Rossiya aeroportlarida qolayotgan yuzlab o‘zbek muhojirlari O‘zbekistonga ketolmayotganidan shikoyat qilmoqda.

2020 yilning 16 martidan koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida temir yo‘l qatnovlari ham to‘xtatilgani e’lon qilindi.

18 martdan 1 mayga qadar Rossiya ham xorijliklarning kirib kelishiga taqiq qo‘ydi. Rossiya Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi bu mamlakatda qolib ketgan xorij grajdanlarini jarimaga tortmaslik va ularning qayd hujjatlari va patentlari muddatini uzaytirib berish to‘g‘risida boshqarma bo‘linmalariga buyruq bergan. ​

Moskvadan Novosibirsk orqali Toshkentga uchib ketayotgan 300 ga yaqin o‘zbekistonlik mehnat muhojiri 2 kundan beri Tolmachyovo aeroportida qolmoqda. Ikki kunda S7 shirkatining 5565- va 5567- reyslari qoldirilgani ma’lum bo‘ldi.

Bu xabarni Ozodlikka yetkazgan o‘zbekistonlik Husanboy Ilyosov bunday dedi:

- Kecha biz Tolmachyovo aeroportiga uyga uchib ketish uchun kelgandik. Biz Amurskdan keldik. Bu yerda Namangan reysi bor edi - unda 171 kishi uchishi kerak edi.Yana bekor qilingan Buxoro reysi bor. Jami 300 dan ko‘p odam bo‘lyapti. 17 mart kuni uchishga 20 minut qolganida bekor qilindi. “O‘zbekiston qabul qilmayapti!”, dedi dispetcher. “Ertaga xuddi shu vaqtda charter reysi bo‘ladi Toshkentga”, deb biletlarimizni almashtirib berdi. Bugun uchishimizga 20 minut qolganda yana otkaz bo‘ldi! Yana o‘tiribmiz.

Husanboyning aytishicha, aeroportda qolayotgan o‘zbek yo‘lovchilari orasida homilador va yosh bolali ayollar bor, ayrimlar pulsiz yuribdi.

Коронавирус туфайли Россия аеропортларида қолиб кетган минглаб ўзбекистонлик ҳамон уйига кетолмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:05 0:00

U Tolmachyovo aeroportiga yetib kelgan O‘zbekiston konsulxonasi vakillari ham vaziyatga oydinlik kiritmaganini va ortga qaytishni tavsiya qilayotganini bildirdi:

- Konsullikdan keldi, ular ham biror narsani hal qilmadi. “Yana qaytarib chiqaramiz, boshqattan qilib beramiz hujjat - ketadi orqaga”, deyapti. Qilgani bilan Saxalin, Kamchatka, Amursk, Piter va Moskvadan kelganlar bor. Ularning boradigan joyi yo‘q! Bu yerdagilar hech biri qaytib ketish niyati yo‘q - hammamiz uyga ketmoqchimiz.

Suhbatdosh o‘zi 5 maygacha ish joyidan ta’tilga chiqib, uyga ketayotganini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa yo‘lovchilar ikki kundan beri o‘zi bilan olib kelgan oziq-ovqatlarni yeb tugatganini gapirdi.

- Odamlar pechenye yeb yuribdi, bir akaxonning 100 rubl puli ham yo‘q. Sumkasida uyiga olgan narsalarni - pechenye shokoladlarni yeb tugatdi. Aeroportda bitta suv 100 rubl, sendvichi - 410 rubl! Ular bizni bu yerdan chiqarib, biletlarimizni qaytarib berar ekan. “Moskvada 8 mingta odam bilet bilan o‘tiribdi! Avval ularni olib chiqamiz, keyin sizlarga navbat keladi”, deyapti konsullik vakillari. Uchirish niyati yo‘q bularni. Bizni politsiyachilar chiqarmoqchi bo‘ldi. Rossiya tarafi “Biz o‘zimiz olib bormoqchimiz, faqat O‘zbekiston bizni kiritmayapti”, deyapti.

Yo‘lovchilar aeroport tomonidan ham hech qanday yordam bo‘lmayotganini aytmoqda.

Ayni damda, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Moskvaning Domodedovo aeroportidan jo‘natilayotgan barcha reyslarini Vnukovo aeroportiga ko‘chirganini rasman e’lon qilgan edi.

Ozodlik bilan bog‘langan Ali ismli yana bir yo‘lovchi 4 kundan beri Vnukovo aeroportida qolayotganini bildirdi. Uning aytishicha, aeroportda asosan Rossiyaning turli mintaqalaridan kelgan O‘zbekiston fuqarolari juda ko‘p:

- 15 martdan beri o‘tirganlar bor. Aslida qo‘lida bileti borlar 400-500 kishimi, 700-800 kishimi - bilmaymiz. Hozir Vnukovoda Rossiyaning turli mintaqalaridan kelganlar qoldi. Ularning boradigan joyi yo‘q. Masalan, men ishimdan bo‘shab, kvartiramni topshirib kelyapman. 21 martda registratsiyam tugaydi - chiqib ketishim kerak. Elchixonadan kelishdi, “Biz charter tashkil qilishga harakat qilyapmiz, yordam albatta beramiz”, deyishdi. Faqat bu yordam qachon bo‘lishini bilmayapmiz.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mulozimining aytishicha, O‘zbekiston hukumati uchun aeroportlarda qolayotgan muhojirlarni O‘zbekistonda qabul qilish va minglab odamlarni birdaniga karantinga joylashtirish muammosi vujudga kelgan.

Yo‘lovchilar bilan suhbatlashgan elchixona vakillari yo‘lovchilarga vaziyatga to‘g‘ri baho berishni, vahima qilmaslik va iloji boricha o‘z ish joylariga qaytib, karantin tugaguncha O‘zbekistonga kirmaslikni tavsiya qilgan.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchiligi rasmiy saytida mamlakat hududida qolayotgan musofirlarga o‘z tavsiyalarini e’lon qildi.

Unda elchixonaning vaziyatni nazorat qilib boruvchi Operativ shtabi telefon raqamlari ham e’lon qilingan.

Uzbekistan Airways kompaniyasi koronavirus bilan bog‘lik cheklovlar kiritilishidan oldin haftasiga Rossiya shaharlariga 21 reysni Toshkentdan va yana 28 reysni O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi aeroportlaridan bajarib kelgan.

Ozodlik o‘z manbalaridan olgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Valentina Kazakova Rossiyada qolib ketgan va migratsiya hujjatlari joyida bo‘lmagan xorij grajdanlarini jarimaga tortmaslik to‘g‘risida buyruq chiqargan.

18 mart kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda Migratsiya boshqarmasi boshlig‘i Rossiyadan chiqib keta olmagan muhojirlarga registratsiyasini 90 kunga, ishga ruxsat beruvchi patenti muddatini esa 2 yilga uzaytirib berishni taklif qilgan.

Rasmiy manbalar hozircha bu qarorni tasdiqlaganicha yo‘q.

Ayni damda, 18 martdan 1 mayga qadar Rossiya ham xorijliklarning kirib kelishiga taqiq qo‘ydi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG