Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:49

Karimova advokati: So‘nggi sud hukmi tomonlarning murosaviy kelishuvga erishishini yanada qiyinlashtirdi!


O‘zbek rasmiylariga ko‘ra¸ Gulnora Karimova Zangiotadagi 21-sonli ayollar koloniyasida saqlanmoqda.
O‘zbek rasmiylariga ko‘ra¸ Gulnora Karimova Zangiotadagi 21-sonli ayollar koloniyasida saqlanmoqda.

Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja (Gregoire Mangeat ) Ozodlik bilan suhbatda o‘z mijozi ustidan 18 mart kuni Toshkentda chiqarilgan hukmni “O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘llayotgan hatti-harakatlarning noqonuniyligini ko‘rsatuvchi navbatdagi misol” sifatida baholadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani “jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli” deb topdi va 13 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etishga qaror qildi.

2015 yilning 21 avgustidan hisoblanishi aytilgan bu hukm¸ bundan so‘ng ham o‘zgarishsiz qoldirilsa¸ Gulnora Karimova 2028 yilning boshida ozodlikka chiqishi mumkin.

Advokat sud hukmini Ozodlikdan eshitdi

O‘z mijozi ustidan 18 mart kuni Toshkentda chiqarilgan navbatdagi sud hukmini birinchi bo‘lib Ozodlikdan eshitganini e’tirof qilgan Manja¸ Karimova ustidan o‘tkazilgan mahkamalarni “masxarabozlik” deb atadi.

- Hukmdan hozirgina xabar topdik. 2015 yil avgust oyida mijozim (Gulnora Karimova) uyining oshxonasida o‘tkazilgan masxarabozlik sudida birinchi hukm o‘qilgan¸ ikkinchi hukm viloyat sudida yopiq eshiklar ortida o‘qilgan¸ mana endi uchinchisini Oliy sud e’lon qilyapti¸ dedi Ozodlikka 18 mart kungi hukmga munosabat bildirgan shveysariyalik advokat.

2019 yilning 12 mart kuni Britaniyada chiqadigan The Guardian nashrida e’lon qilingan intervyusida Karimovaning qizi Imon onasi ustidan 2015 yil avgustida oshxonada uyushtirilgan birinchi “mahkama majlisi” haqida gapirgan edi.

Imon Karimovaga ko‘ra¸ sudya¸ prokurorlar va "qo‘rqqanidan a’zoyi badani titrashdan to‘xtamagan hukumat advokati" onasi tutqunlikda saqlangan villa oshxonasida bir necha soatlik sud majlisi o‘tkazib¸ hukm chiqargan.

Karimova ustidan mahkama bo‘lib¸ unda hukm chiqarilgani haqida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi oradan ikki yilcha o‘tib - 2017 yilning 28 iyul kuni birinchi marta jamoatchilikka ma’lumot bergan edi.

Rasmiy xabarda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgust kungi majlisida Gulnora Karimovaga Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingani va sud hukmi bilan unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani aytilgan edi.

O‘zbekiston hukumati hozirga qadar birinchi hukmning Karimova uy qamog‘ida saqlangan villa oshxonasida o‘qilgani haqidagi Imon Karimova va Greguar Manja iddaolarini inkor qilgan emas.

Greguar Manjaga ko‘ra¸ Gulnora Karimova ustidan olib borilgan tergov va sud jarayonida advokatlarning o‘z ishini mustaqil amalga oshirishiga imkon berilmagan.

- Gulnora Karimovaga tayinlangan o‘zbek advokatlari birin-ketin g‘oyib bo‘ldi¸ so‘nggi hukm ham yopiq eshiklar ortida o‘qildi. O‘zbekiston hukumati bu bilan mijozimga qarshi keyingi 6 yil davomida qilinayotgan ishlarning bari o‘z tabiatiga ko‘ra noqonuniy va qabul qilib bo‘lmaydigan ekanini ochiq namoyish qildi¸ - dedi shveysariyalik advokat.

18 mart kungi sud hukmi bo‘yicha Ozodlikka bergan sharhida Manja O‘zbekiston hukumatining Karimova manfaatlarini himoya qilayotgan shveysariyalik advokatlar guruhi¸ shaxsan o‘zining mamlakatga kirishini taqiqlaganini eslatib o‘tdi.

Manja ta’kidicha¸ bunday taqiq bilan hukumat o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilib¸ Gulnora Karimovani risoladagiday himoya huquqidan mahrum qilgan.

- Butun bu jarayonda O‘zbekiston hukumati ishga solgan zo‘ravonlik tomonlarning murosaviy kelishuvga erishishiga qaratilgan muzokaralarga to‘g‘anoq bo‘ladi va Shveysariyada bu masalada adolat qaror topishini yanada qiyinlashtiradi¸ dedi Greguar Manja Ozodlikka bergan bayonotida.

Karimova qoralovchilari va himoyasi o‘rtasidagi bayonotlar jangi

Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi advokati Greguar Manja va Karimova tergoviga mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘rtasidagi huquqiy munozara anchadan beri davom etib kelmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Shveysariyada ham jinoiy ish figuranti bo‘lib qolayotgan Gulnora Karimova ustidan borayotgan xalqaro tergov doirasida Greguar Manjaning Toshkentga kelib¸ 2016 yil dekabridan 2019 yil iyuniga qadar Karimova bilan bir necha bor bevosita uchrashishiga ruxsat bergan.

Bu uchrashuvlardan so‘ng Manja o‘z Twitter sahifasida mijozi ustidan borayotgan tergov jarayonining xalqaro standartlarga mos emasligi¸ Karimovaning qamoq sharoitlari yomonligi¸ jismoniy va ruhiy salomatligi yomonligi¸ qolaversa¸ nafaqat Karimova balki u bilan Zangiota qamog‘ida saqlanayotgan yuzlab mahkumalarning himoya huquqidan mahrumligi haqida yozib keldi.

Bunday tvitlar ortidan 2019 yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Greguar Manjaning O‘zbekistonga kirishini taqiqladi.

Bunday keskin qaroriga asos qilib Bosh prokuratura Manjani “o‘z mijozi bilan uchrashish uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilgan”lik¸ O‘zbekiston qamoqxonalari haqida “bo‘hton” tarqatganlik va advokatlik etikasini buzganlikda aybladi.

11 dekabr kuni Ozodlikka yo‘llagan yozma javobida shveysariyalik advokat bu ayblovlarni “mutlaq asossiz” " va “jamoatchilik e’tiborini chalg‘itish uchun o‘ylab topilgan uydirma” deb baholagan edi.

“Oqilona kelishuv” urinishlari

2012 yil yozidan beri Gulnora Karimovaning Shveysariya banklaridagi 1 milliard dollarga yaqin mablag‘i va qator ko‘chmas mulklari muzlatib qo‘yilgan.

Bu pullarni O‘zbekistonga qaytarish urinishlari Karimovaning otasi tirikligidayoq boshlangan¸ ammo amaliy natija bermagan edi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu pullarning O‘zbekiston hududida jinoiy yo‘l bilan topilgani asosida uni qaytarish harakatini kuchaytirdi¸ Gulnora Karimovaning uyushgan jinoiy guruh tuzish¸ katta miqdorda pora olish kabi jinoyatlarda ayblanayotgani¸ uning ustidan bir necha marta mahkama o‘tkazilganini e’lon qildi.

Bu jarayonlar bilan ayni paytda muzlatilgan pullarni joriy Toshkent hukumatiga qaytarish masalasida Gulnora Karimova va Bosh prokuratura o‘rtasida maxfiy muzokaralar bo‘lgani haqida Karimovaning qizi Imon Instagram sahifasida yozgan edi.

Ayni paytda¸ o‘tgan chiqishlarida Greuar Manja ham bu pullarni O‘zbekistonga qaytarish faqat Gulnora Karimova manfaatlari inobatga olingan taqdirdagina hal bo‘lishini aytib¸ hukumatni muzokaralarga da’vat qilib keldi.

Shveysariya hukumati Karimovaning muzlatilgan pullaridan 133 millionini O‘zbekistonga qaytarish haqida qaror chiqarganidan so‘ng Manja qolgan pullar berilishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi.

25 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga yozgan ochiq xatida Gulnora Karimova¸ ozodlikka chiqarilish evaziga qolgan 686 million dollardan O‘zbekiston hisobiga voz kechishga tayyorligini bildirdi.

Bu maktubdan uch hafta o‘tib-o‘tmay¸ Oliy sud Karimovaning 13 yil 4 oylik qamoqqa hukm qilinganini e’lon qildi.

Zangiota qamoqxonasida jazo muddati o‘tayotgani aytilgan Gulnora Karimovaning Londonda yashaëtgan farzandlari Imon va Islom hozircha bu hukmga munosabat bildirmadi.

XS
SM
MD
LG