Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2020, Тошкент вақти: 07:10

Koronavirus pandemiyasi va mavsumiy gripp o‘rtasidagi farq nima?


COVID-19 pandemiyasi insonlar avval uchratmagan virus tufayli yuzaga keldi. Inson organizmida hozircha unga qarshi immunitet shakllanmagan.

Gripp pandemiyalari hamda mavsumiy gripp epidemiyalariga tayangan holda muhim xulosalarni chiqarish mumkin bo‘lsa-da, koronavirus pandemiyasi yangi kasallik bo‘lgani uchun uni oldingi epidemiya va pandemiyalar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Shu sabab pandemiya kelajagini bashorat qilish hamda unga qarshi samarali kurashish ancha mushkul kechmoqda.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-2020 yilgi mavsumiy gripp virusi kamida 38 million odamga yuqdi, ularning 390 ming nafari shifoxonaga yotqizildi, 23 ming nafari esa vafot etdi.

AQSh Allergiyalar va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi karyerasi davomida ko‘plab yuqumli kasalliklarni uchratgani, ammo COVID-19 ko‘lami ularning barchasidan kattaligini aytdi.

O‘tgan hafta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusni og‘ir gripp epidemiyasi xolos, deya mensimaslik oqibatlari yomon bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Tashkilot bemorlar soni tez suratda o‘sib borayotgani tufayli dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimlari uni nazoratga olishga ulgurmayotganini bildirdi.

Tashkilot direktori Mayk Rayan:

- Bu oddiy holat emas. Shunchaki yomon gripp mavsumi emas, — dedi.

Mavsumiy gripp virusi ham, koronavirus ham o‘xshash kasalliklarni keltirib chiqarsa-da, ularning o‘rtasida muhim farqlar bor.

Xususan, gripp virusi inkubatsiya davri 2-3 kunni tashkil qiladi. Koronavirus tanaga yuqqanidan keyin kasallik alomatlari paydo bo‘lgunicha o‘rtacha 5-6 kun vaqt o‘tadi. Ya’ni, koronavirusni yuqtirgan odam alomatlar paydo bo‘lgunicha ancha odamga virusni yuqtirishi mumkin.

Shuningdek, grippni qo‘zg‘ovchi aksar virusga qarshi vaksinalar, uni davolash yo‘llari ishlab chiqilgan. Ammo COVID-19 uchun hali tasdiqlangan vaksina yo‘q. Muhimi, COVID-19 sabab bo‘layotgan o‘rtacha o‘lim soni grippnikiga solishtirganda 10-40 barobarga yuqoridir.

Bu orada Xitoy kabi pandemiyadan oldinroq aziyat chekkan davlatlar tajribasini ko‘rib chiqib, qanday choralar samara berishi haqida haqida xulosa chiqarish mumkin.

Masalan, olimlarning aytishicha, Janubiy Koreyada analizlar tez suratda o‘tkazilgani hamda bemorlarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgani kasallik yuqtirganlar erta aniqlanishiga yordam bergan. Italiyada esa ijtimoiy masofa saqlash kampaniyasi o‘tkazildi, ammo virusni yuqtirganlarni karantinga olish choralari o‘z vaqtida va yetarlicha ko‘lamda bajarilmagani uchun mamlakatning ko‘plab hududlarida tibbiy bo‘hron yuzaga keldi.

Jorjtaun universitetining Global sog‘liqni saqlash va xavfsizlik markazi xodimi Julie Fisher 1918 yilgi ispan grippi kabi pandemiyalardan ham ayrim xulosalar chiqarish mumkinligini aytdi. Xususan, Fisher pandemiya davomida aholi ruhini ko‘tarish maqsadida parad o‘tkazilgan Filadelfiyada kasallik tez tarqalgani, ammo karantin joriy qilingan Sent-Luisda epidemiya ko‘lami kichikroq bo‘lganini aytadi.

Shuningdek, Fisher ispan grippi pandemiyasi davomida o‘z vaqtida maktablarni yopish katta samara berganini qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG