Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:16

Koronavirus cheklovlariga qaramay¸ MH17 ishi bo‘yicha mahkama o‘z ishini davom ettirdi


MH17 uchqichi qoldiqlari.
MH17 uchqichi qoldiqlari.

23 mart kuni Hollandiyaning Haaga shahrida 2014 yili Ukraina havo hududida Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli MH17 reysi uchog‘ini urib tushirishga bevosita aloqadorlikda ayblanayotganlar ustidan qisqa mahkama majlisi bo‘lib o‘tdi.

Haaga mahkamasi uch nafar Rossiya va bir nafar Ukraina vatandoshini sirtdan sud qilmoqda.

Niderlandiya sudyalari ishni ko‘rib chiqishni 8 iyunga qoldirish haqidagi qarorini o‘qib eshittirdi.

Qarorda aytilishicha¸ mahkama majlisi ayblanuvchilardan biri advokatiga ishni tayyorlash uchun ko‘proq vaqt berish maqsadida orqaga surilgan.

Bo‘m-bo‘sh zalda 45 daqiqa davom etgan majlis koronavirus tarqashini to‘xtatishga qaratilgan cheklovlar sabab internet orqali jonli tarzda namoyish etildi.

MH17 reysi uchog‘i 2014 yil 17 iyulda Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar nazoratidagi hududdan Rossiyada ishlab chiqalirgan “BUK” raketasi bilan urib tushirilgan edi.

Uchoq bortida Amsterdamdan Malayziyaga uchayotgan oddiy yo‘lovchilar bor edi. Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘ldi.

Qurbon bo‘lganlar orasida 193 nafar Niderlandiya vatandoshi, shuningdek, 43 nafar malayziyalik va 38 nafar avstraliyalik bor edi.

4 nafar ayblanuvchi – Rossiya vatandoshlari Igor Girkin, Sergey Dubinskiy va Oleg Po‘latov hamda Ukraina vatandoshi Leonid Xarchenko – hibsga olish uchun xalqaro order berilganiga qaramay, hamon ochiqda qolmoqda.

Faqat Po‘latov Niderlandiyada bo‘lib o‘tayotgan sud majlisida o‘z nomidan ish ko‘rish uchun advokatlar yolladi.

9 mart kuni ochilgan mahkamada advokatlar, sudyalar, halok bo‘lganlarning oila a’zolari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Ayni paytda¸ koronavirus pandemiyasi sabab prokuror, advokat va boshqa ishtirokchilar soni cheklandi. Halok bo‘lganlarning a’zolari va axborot vositalari vakillariga sud mahkamasida shaxsan qatnashishga ruxsat etilmadi, sudyalar esa o‘rtadagi stullarni bo‘sh qoldirib, bir-biridan alohida o‘tirdi.

Prokurorlar to‘rt ayblanuvchining barchasi MH17 reysi uchog‘ini urib tushirgan Rossiya raketasini voqea joyiga yetkazib berishda ko‘maklashganini aytmoqda.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) sobiq polkovnigi Igor Girkin Ukraina sharqidagi ayirmachilar guruhining yetakchi bosh qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan. Ukraina vatandoshi Xarchenko esa mintaqadagi harbiy qismga rahbarlik qilgan, deyiladi Niderlandiya yetakchiligidagi Qo‘shma tergov guruhi (JIT) bergan ma’lumotda.

Dubinskiy bilan Po‘latovning Rossiya harbiy razvedka xizmatiga aloqasi bo‘lgan, deya xulosa qiladi tergovchilar.

Rossiya harbiylari MH17 reysi uchog‘ini urib tushirishga bevosita aralashganiga oid isbotlar bo‘lishiga qaramay, Kreml bu ishga daxli borligini muntazam suratda rad etib kelmoqda.

Kreml shuningdek¸ JIT bilan Bellingcat guruhlari o‘tkazgan surishtiruv davomida o‘z isbotini topganiga qaramay¸ Ukraina sharqidagi rossiyaparast ayirmachilarga harbiy yoki moliyaviy ko‘mak ko‘rsatganidan ham tonib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG