Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:09

Koronavirusni nazoratga olgan Xitoy dunyo bo‘ylab pandemiya diplomatiyasini boshladi


Xitoy koronavirus o‘chog‘i bo‘lib turganda O‘zbekiston kabi davlatlar Xitoyga gumanitar yordam yuborgan bo‘lsa¸ bugunga kelib epidemiyani nazoratga olgan Xitoy qolgan dunyoga tibbiy anjomlar yubormoqda.
Xitoy koronavirus o‘chog‘i bo‘lib turganda O‘zbekiston kabi davlatlar Xitoyga gumanitar yordam yuborgan bo‘lsa¸ bugunga kelib epidemiyani nazoratga olgan Xitoy qolgan dunyoga tibbiy anjomlar yubormoqda.

Buni “pandemiya diplomatiyasi” deb atash mumkin.

Xitoyda koronavirus infeksiyasining tarqalish ko‘lami kichraya boshlashi bilan mamlakatda tibbiyot anjomlari narxi tusha boshladi. Zahirasida ortib qolgan bunday anjomlarni Xitoy hukumati va uning ishonchli vakillari chet ellarga uchoqda yetkazib bera boshladi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Leyen 18 martda Xitoy bosh vaziri Li Ketsyandan Italiya, Polsha, Ispaniya va Niderlandiyadagi koronavirus pandemiyasini to‘xtatish uchun millionlab tibbiy niqob, test tizimlari yetkazib berish to‘g‘risida taklif oldi.

Efiopiya aviakompaniyasi uchog‘i 22 martda xitoylik milliarder Jek Ma “Afrikaning 54 ta mamlakatidan har biriga” va’da qilgan millionlab shaxsiy himoya jihozlari va test sistemalarining birinchi partiyasini Xitoydan olib keldi.

23 mart kuni amerikalik taniqli ixtirochi va milliarder Ilon Mask Pekin hukumati yordamida koronavirusga chalingan bemorlar hayot-mamotini hal qiluvchi ventilyatorlardan 1255 donasini Xitoydan Kaliforniyaga olib keldi.

Pekin Markaziy Osiyo hukumatlariga ham koronavirusga qarshi kurashda har turli yordam taklif qilmoqda va mahalliy hukumatlar bu taklifni jon deb qabul qilmoqda.

COVID-19 tarqalishini to‘xtatishga erishgan Xitoy, Chatham House tadqiqotchisi Yuy Sze ta’biri bilan aytganda, “sog‘liqni saqlash sohasidagi inqirozini jug‘rofiy-siyosiy imkoniyat” - qayishuvchan diplomatiya tantanasiga aylantirmoqchi.

Xitoy dunyo bo‘ylab jadallik bilan boshlagan bu kampaniyaning yorqin alomatlari Bolqon yarim oroli shimolida namoyon bo‘ldi. Ushbu mintaqa Yevropa Ittifoqi o‘z tarkibiga intergratsiya qilish¸ Xitoy bilan Rossiya esa o‘z siyosiy-iqtisodiy ta’sirini yoyish uchun kurashayotgan joydir.

Xitoyning ushbu mintaqaga berayotgan kreditlari va kiritayotgan investitsiyalari pandemiyaga qadar ham oshib borayotgan edi. Ammo bir muddat pandemiya bois Pekinning kredit, savdo-sotiq va siyosiy maqsadlarini o‘zaro omuxta qiluvchi “kompleks savdo strategiyalari” yo‘qqa chiqish tahdidi ostida qoldi.

Fevralda Bosniya va Hersegovinaning serblar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Serbska Respublikasi Xitoy kompaniyalari bilan birga shifoxonalar, to‘g‘onlar qurish¸ qolaversa¸ boshqa yuz millionlab dollarlik loyihalarni to‘xtatib qo‘ydi.

Biroq qo‘shni Serbiyada prezident Aleksandar Vuchich 21 martda uchoqda tibbiy anjomlar olib kelgan xitoylik shifokorlarni qizil poyandoz yozib kutib oldi.

− Hozirgina olib kelingan yordam natijasida Serbiyadagi yuz minglab odam hayoti saqlab qolinadi, − dedi Vuchich. − Serbiya Xitoy bergan yordamni unutmasligi kerak.

7 million aholisi bor Serbiya Yevropa Ittifoqiga a’zolikka rasmiy nomzod. Shunga qaramay Serbiya prezidenti 15 martda “Yevropa birdamligi cho‘pchakdan boshqa narsa emas” deb bayonot bergan va yordam so‘rab, “birodari Si Szinpinga murojaat qilgani”ni aytgan edi.

Shu o‘rinda AQSh bilan Xitoy munosabatlari tangligicha qolayotganini ham qayd etish joiz.

AQSh prezidenti Donald Tramp 2016 yilda Pekin Qo‘shma Shtatlarga munosabatini o‘zgartirishi kerakligini aytgan bo‘lsa, endi Xitoy bilan savdo urushi olib bormoqda hamda Pekinni “Xitoy virusi” haqida ma’lumotlarni yashirganlikda ayblayapti.

AQShning bunday bayonotlari Pekinning koronavirusni go‘yo Xitoyga AQSh armiyasi olib kelgani haqidagi piar taktikasiga javob tariqasida yangramoqda.

Vashington Pekinni “fitna nazariyasini tarqatayotganlik”da, “global pandemiyaga yo‘l ochib berib, u haqda dunyoni xabardor qilmaganlik”da aylamoqda.

Lekin ekspertlar COVID-19 pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurash borasida amalga oshmay qolayotgan hamkorlik Vashington bilan Pekin o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf qilish yo‘lida qo‘ldan chiqarilgan imkoniyat ekanini aytmoqda.

Ular fikricha, ikki mamlakat o‘rtasidagi COVID-19 pandemiyasi vaqtidagi ziddiyat vaziyatni murakkablashtirib yuborishi mumkin.

XS
SM
MD
LG