Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:07

Manba: Koronavirusga chalinganlar uchun konteyner kasalxonalarni Toshkent hokimiga oid shirkat jihozlamoqda


Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida quriladigan 20 ming o‘rinli tibbiy shaharcha uchun «konteyner-palata»larning birinchi partiyasi tayyor bo‘lgani haqida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan tashqari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq va Zangiota tumanlaridagi muvaqqat shifoxonalar qurilishi yakuniga yetgani ham bildirildi.

Ma’lumotda ta’kidlanishicha¸ 6-7 soatda tayyor bo‘layotgan 1600 ta konteynerning har biri konditsioner¸ televizor¸ sanuzel va boshqa maishiy texnika bilan ta’minlangan.

Konteynerlarni jihozlashda ishtirok etayotgan ishchining Ozodlikka bildirishicha¸ konteynerdagi eshik romlar Akfa shirkatiga¸ maishiy texnika esa Artel shirkatiga oid. Bu shirkatlarning egasi Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevdir.

O‘zbekistondagi vazirliklardan birida ishlovchi xodimning ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bildirishicha¸ konteynerlar Bosh vazir Abdulla Aripov buyrug‘i bilan Qashqadaryodagi neft va gaz shirkatlaridan olib kelingan.

Ming dona Dry Cube rusumli konteyner Qashqadaryodagi gaz kondensat bilan shug‘ullanuvchi shirkat tarafidan tekin berilgani haqidagi ma’lumotga egaman” ¸ dedi bu mulozim.

Uning iddao qilishicha ¸ qolgan konteynerlarni “tekinga topib yetkazib berish "O‘zbekiston temir yo‘llari" shirkatiga topshirilgan”.

Ayni mulozimga ko‘ra¸ konteyner kasalxona qurish va jihozlash bo‘yicha tender o‘tkazilmagan.

Qashqadaryodagi shirkatlar balansidagi konteynerlarning Bosh vazir buyrug‘iga ko‘ra¸ kasalxona qurish uchun tekin berilgani haqidagi ma’lumotni gaz va neft qidirish shirkatida ishlovchi muhandis ham Ozodlikka tasdiqladi.

Muhandisning aytishicha¸ konteynerlarni Toshkentga yetkazib berish ishlarini Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov muvofiqlashtirgan.

25 mart kuni Ozodlikka Toshkent viloyati hududida koronavirus yuqtirgan bemorlarni saqlash uchun maxsus konteyner kasalxonalar qurilayotgani aks etgan videotasvir yuborilgan edi.


Ozodlikka bu videoni yuborgan transport sohasi mulozimlaridan biri
Toshkent va uning atrofidagi yaqin stansiyalar¸ xususan¸ “ Tashkent yuk”, Angren, Abliq, Chuqursoy va Sergeli stansiyalaridan 40 futlik konteynerlarni dislokatsiya qilib¸ Toshkent viloyatida ehtimoliy bo‘lajak kasallarga shu konteynerlardan mobil shifoxonalar yasalayotgani"ni aytgan edi.

Ozodlik suhbatdoshi taxminiga ko‘ra¸ “konteynerni tekin olib jihozlab kasalxonaga aylantirganlar bundan katta foyda ko‘radi”.

O‘zbekiston Moliya vazirligiga yaqin mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ kasalxona barpo qilish bo‘yicha barcha xarajatlarning davlat tarafidan shakllantirilgan “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi¸ Sog‘liqni saqlag‘sh vazirligi va qisman Toshkent shahar hokimligi byudjeti tarafidan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Konteyner kasalxonalarni qurish ishlarini Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov muvofiqlashtirmoqda.

Konteynerlarni tayyorlash jarayoniga¸ rasmiy bayonotda aytilishicha¸ 2 300 kishi jalb qilingan bo‘lib, har bir konteyner uch kishiga mo‘ljallangan.

Koronavirusga qarshi konteyner kasalxonalar Toshkent viloyatidan tashqari O‘zbekistonning boshqa hududlarda qurilishi rejalangan. Mahalliy matbuot respublika bo‘yicha 10 ta maxsus shifoxonani qisqa fursatda barpo etishga kirishilgani, koronavirus yuqtirgani aniqlangan har bir bemor uchun alohida palata ko‘zda tutilganini xabar qildi.

Ozodlik suhbatlashgan andijonlik oliy toifali vrach Baxtiyor Qurbonov kunlar qizib borayotgan O‘zbekiston iqlimiga temir konteynerdan bo‘lgan kasalxonaning umuman to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaydi:

- Covid -19 virusi nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi bilan bog‘liq virus. Bunday bemorlarga konditsioner yomon ta’sir qiladi. Temir konteynerning ichi bemor uchun eng ma’qul joy emas. Uning ichki qoplamasi steklovatadan ekan. Steklovata rak keltirib chiqaruvchi¸ deya gumon qilinib G‘arb qurilish materiallari ro‘yxatidan o‘chirilgan. Steklovata formaldegid smolasidan qilinadi. Bu modda issiqda o‘zidan fenol chiqaradi. Fenol o‘ta zaharli modda. Umuman O‘zbekistondagi mavjud kasalxonalar bemorlar karantini uchun yetarli deb o‘ylayman. Masalan¸ Andijonda 200 dan ziyod xususiy tibbiyot muassasasi bor. 126 muassasa statsionar sharoitda, 162 tasi esa ambulator xizmat ko‘rsata oladi. Ayni raqamni boshqa viloyatlar misolida ham aytish mumkin. Menimcha konteyner kasalxona qurish yaxshi g‘oya emas.

Hozircha virus yuqtirganlarning aksari¸ rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ Toshkentdagi respublika Virusologiya ilmiy-tekshirish institutida davolanmoqda.

Koronavirusning birlamchi o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida 10 kun ichida 1000 bemorga mo‘ljallangan kasalxona qurilgani jahon miqyosida shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG