Линклар

Шошилинч хабар
03 июн 2020, Тошкент вақти: 07:33

“O‘zbekiston havo yo‘llari” chipta puli qaytarilishini ichki buyruq bilan taqiqlab qo‘ydi


O‘zbekiston havo yo‘llari samolyotlari

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning reyslari bekor bo‘lgan uchoqlariga chipta sotib olgan yo‘lovchilarga uning puli qaytarilmayapti.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan yo‘lovchilarning aytishlaricha, O‘HY garchi o‘z Telegram kanali orqali chipta puli qaytarilishini e’lon qilgan bo‘lsa-da, lekin kassalar pulni qaytarib bermayapti.

Toshkentdagi aviakassalardan birining xodimi chipta puli qaytarilmasligi haqida ichki buyruq borligini aytdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ mulozimi aviakassalar karantindan chiqqanidan so‘ng, chipta puli qaytarilishini bildirdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” uchog‘i bilan Moskvaga uchmoqchi bo‘lgan farg‘onalik tadbirkor A’zamjon Isroilovning aytishicha, reyslar bekor qilinganidan keyin u chipta sotib olgan aviakassa pulni qaytarib bermayapti:

Menga endi bu yilga chipta kerak emas, pulini qaytaringlar desam, bo‘lmasa kutasiz, deyishdi


“Biz ikki kishi tadbirkorlik yumushi bilan Moskva orqali boshqa shaharga bilet olgandik. Lekin, koronavirus tufayli barcha reyslar bekor qilindi. Kassalar yopilmasdan turib borganimda, aka kuting qaytarib beramiz deyishdi. Kecha “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Telegramdagi bayonotini o‘qiganimdan so‘ng, yana aviakassaga qo‘ng‘iroq qilib chipta pulini hisobimga o‘tkazib beringlar desam, aka imkoni yo‘q, Telegramda beramiz deb yozgani bilan bizga ichki buyruq kelgan, hozircha kutib turing yoki chiptangizni boshqa muddatga almashtirib beraylik deyishdi. Menga endi bu yilga chipta kerak emas, pulini qaytaringlar desam, bo‘lmasa kutasiz, deyishdi”.

27 mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” bekor qilingan qatnovlarga chipta puli qay tarzda qaytarilishi yuzasidan Telegram kanali orqali izoh berdi.

Aviashirkatga ko‘ra, chiptalarni qaytarish yoki ularni cheklovlar bekor qilinganidan so‘ng amalga oshiriladigan aviakompaniyaning qatnovlariga qayta bronlash jarimalar va sanksiyalarsiz amalga oshiriladi.

Ammo, Toshkent shahridagi ismi sir qolishini so‘ragan aviakassa xodimlaridan birining aytishicha, ularga bu bayonotga tamoman teskari bo‘lgan ichki buyruq kelib tushgan.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" ma’muriyatining ichki buyrug‘i
"O‘zbekiston havo yo‘llari" ma’muriyatining ichki buyrug‘i

Ozodlikka nusxasi yuborilgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ filiali direktori A.N.Mullabekov nomi bilan yozilgan buyruqda shunday deyilgan:

“Ishlab chiqarishdagi zaruriyat sababli 24.03.20.dan boshlab toki maxsus ko‘rsatma bo‘lmaguncha, AJdagi qoldirilgan reyslarga yo‘lovchilar olgan barcha aviachiptalar pul mablag‘larini qaytarish va to‘lov qilish jarayonini to‘xtatish topshiriladi”.

Farg‘ona shahridagi aviakassalardan birining xodimiga ko‘ra, 27 mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ bekor qilingan qatnovlarga chipta puli qaytarilishi yuzasidan Telegram kanalidagi e’lonidan so‘ng, uning telefoni kun bo‘yi tinmayapti:

Mijozlar haq, chunki 90 foiz chiptalar pul o‘tkazish yo‘li bilan sotilgan.


“O‘zbekiston havo yo‘llari” Telegram kanalida chipta puli qaytariladi, deb e’lon berib tursa, bu e’lonida karantin haqida gap bo‘lmasa, bu yoqdan ichki buyruq kelib tursa, mijozlarga nima deyishingni ham bilmay qolasan ekan. Ikki o‘tning orasida qoldik. Kassalar ishlamaydi, karantin desak, men sizga kartadan o‘tkazganman, siz ham kartamga tashlang, buni nimasi qiyin, deb turibdi. Mijozlar haq, chunki 90 foiz chiptalar pul o‘tkazish yo‘li bilan sotilgan. Ruxsat berishsa, shu telefonimdan hammasini pulini qaytarib bergan bo‘lardim, bu qiyin ish emas”.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” AJning o‘zini tanishtirmagan mulozimi, karantin sababli yo‘lovchilarning puli vaqtinchalik qaytarilmayotganini aytdi:

“To‘g‘ri, shunaqa buyruq berilgan. Chunki kassalar hammasi karantinda, xodimlar ta’tilga chiqarilgan. Karantin tugab ish boshlansa barcha yo‘lovchilarning chipta puli qaytarib beriladi yoki ularning istagiga qarab boshqa muddatga ko‘chiriladi”.

XS
SM
MD
LG