Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:14

Oilasi koronavirus karantinida bo‘lgan vrach isitmalagan o‘g‘lini tug‘ruqxonada davoladi


Andijonlik vrach koronavirusda gumonlangan o‘g‘ligi tug‘ruqxonaga olib kelib davoladi
Andijonlik vrach koronavirusda gumonlangan o‘g‘ligi tug‘ruqxonaga olib kelib davoladi

Andijon viloyati Perinatal markazining reanimatsiya bo‘limi mudiri 27 mart kuni 29 yashar o‘g‘lini o‘zi ishlayotgan tug‘ruqxonaga olib kelib davoladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan vrachlardan birining aytishicha, bo‘lim mudiri isitma chiqargan o‘g‘lini kasalxonaga olib kelgan paytda, uning xotini koronavirus yuqtirganlikda gumonlanib uy karantinida bo‘lgan.

Bu voqea tibbiyot personali orasida vahimaga sabab bo‘lgach, Andijon shahar SESi kelib, butun bo‘limni dezinfeksiya qilgan, vrach va hamshiralar esa bir sutka ushlab turilgan.

Perinatal markazi bosh shifokori shunday voqea bo‘lganini tasdiqlab, vrach noto‘g‘ri harakat qilganini aytdi.

Andijon shahridagi viloyat Perinatal(tug‘ruqqa qadar) markazining reanimatsiya bo‘limi mudiri (Ozodlikka vrachning ism-familiyasi ma’lum, ammo oshkor qilmayotir – tahr.) 27 mart kuni o‘zi ishlayotgan tug‘ruqxonaga isitmasi chiqqan o‘g‘lini olib kelib davolagani haqida markazning ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

Hamshiralarga o‘g‘liga issiqni tushiruvchi ukollar qildirib, kapelnitsalar qo‘ydirgan.


“Hamkasbimiz koronavirus tahdidi borligini anglagan holda¸ markaz shifokor-hamshiralari va tug‘ruqxonadagi ayol va chaqaloqlar hayotini xavf ostiga qo‘ydi. 27 mart kuni ertalab soat 9 larda vrach 1991 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini bo‘limdagi o‘z xonasiga olib kelib, uni soat 15 gacha ushlab turgan. Hamshiralarga o‘g‘liga issiqni tushiruvchi ukollar qildirib, kapelnitsalar qo‘ydirgan. Biz uning xotini koronavirus yuqtirganlikda gumonlanib uyida 25 martdan buyon karantinda saqlanayotganligini bilardik”.

Suhbatdoshning aytishicha, bo‘lim mudirining vrach bo‘lib ishlaydigan xotini (uning ham ism-sharifi Ozodlikka ma’lum, lekin oshkor etilmaydi – tahr.) koronavirus yuqtirgani gumon qilingan boshqa vrach bilan birga operatsiya jarayonida qatnashgan.

“Koronavirus yuqtirgani gumon qilingan anesteziolog bilan birga ishlashgan. Anesteziolog vrach 25 mart kuni xotini va qizi bilan birga karantinga olingan. U bilan ish davomida muloqotda bo‘lgan. Keyin bu ayol vrachni ham karantinga olishdi. Perinatal markaz bo‘lim mudiri esa karantinda bo‘lgan xotini va o‘g‘li bilan bir uyda yashagandan so‘ng, unga ham yuqmaganmi, deb kim kafolat bera oladi”.

Ozodlikka Andijon viloyatiyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining koronavirus yuqtirganlikda gumonlanganlar haqida viloyat hokimligiga bergan hisoboti nusxasi yuborildi.

Bu hisobotda viloyat tibbiyot birlashmasi Ozodlik tilga olgan anesteziolog va boshqa vrachning ham koronavirusda gumonlanib kasalxonaga yotqizilganini tasdiqlaydi.

14 mart kuni uyiga qaytgan va tana harorati ko‘tarilgan, tomog‘ida qizarish paydo bo‘lgan.


"Anesteziolog va reanimatolog K.S. 13 mart kuni Xelsker dori vositalari reklamasi uchun Toshkent shahriga borgan. Tojikiston elchixonasi yonidagi mehmonxonada 9-10 kishi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda qatnashgan. O‘sha kuni mehmonxonada qolgan. 14 mart kuni uyiga qaytgan va tana harorati ko‘tarilgan, tomog‘ida qizarish paydo bo‘lgan. Uy sharoitida paratsetamol ichib, tomoq og‘rigi uchun ingaliptlardan foydalangan. 23 mart kuni borganda koronavirus infeksiyasiga tekshirish uchun namuna topshirgan. 26 martda Xo‘jaobod tumani TB da tashkil qilingan maxsus ajratilgan yuqumli kasaliklar shifoxonasiga 2 nafar oila a’zosi bilan yotqizilgan. K.S.ning xotini ham oftalmolog bo‘lib ishlaydi”.

Viloyat Perinatal markazining ismi sir qolishi so‘ragan hamshiralaridan biri Ozodlikka bo‘lim mudiri o‘g‘lini olib ketganidan so‘ng, tug‘ruqxonada vahima boshlanganini aytadi.

Bo‘limning barcha xodimlarini bir sutka markazda karantinga olishdi.


“Ular ketganidan so‘ng bu voqea personal orasida shov-shuv bo‘lib ketdi. Kimdir SESga xabar bergan ekan, ular darhol yetib kelishdi. Bo‘lim mudiriga qancha telefon qilishmasin, u javob bermadi. Mudirning xonasi qulfligi uchun uni ochisholmadi. Reanimatsiya bo‘limini obdon dezinfeksiya qilib, bo‘limning barcha xodimlarini bir sutka markazda karantinga olishdi. Keyin hammani birma-bir tekshirib uyga javob berishdi. Bu voqeani hammadan berkitishmoqda va xunuk oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yashirishmoqda”.

Andijon viloyati Perinatal markazi bosh vrachi Gulmira Qayumova shunday voqea bo‘lganini tasdiqlab, bu voqeadan so‘ng markazning to‘liq dezinfeksiya qilinganini aytdi.

Bo‘lim mudiri o‘g‘lini markazga olib kelib, noto‘g‘ri ish qilgan.

“Bo‘lim mudiri karantinga olingan. Reanimatsiya bo‘limi dezinfeksiya qilinib, bir sutka yopib qo‘yildi. Bir sutka davomida bo‘limda hech qanday amaliyot o‘tkazilmadi. O‘shandan keyin bo‘lim mudirini ko‘rganim yo‘q. U uyida karantinda o‘tiribdi. Telefonda gaplashganimda haqiqatan ham o‘g‘lini markazga olib kelganini tan oldi, lekin unga hech qanday in’eksiya qilinmaganini aytdi. Bo‘lim mudiri o‘g‘lini markazga olib kelib, noto‘g‘ri ish qilgan. Bu masala hali o‘rganilmoqda”.

Ozodlik homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar saqlanadigan markazga koronavirusda gumonlangan o‘g‘lini olib kelgan vrachning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘la olmadi.

Shuningdek¸ bu voqea yuzasidan karantin rejimi ustidan nazorat o‘rnatgan idoralarning biror chora ko‘rgan-ko‘rmagani ham Ozodlikka ma’lum emas.

Andijon viloyati Perinatal markazi 200 nafar tug‘ruqqacha bo‘lgan ayol va tug‘ilgan chaqaloqqa mo‘ljallab qurilgan.

Shu kunlarda¸ Ozodlik gaplashgan hamshira va vrachlarning aytishicha¸ bu markazda yuzdan ortiq homilador ayol davolanmoqda.

XS
SM
MD
LG