Линклар

Шошилинч хабар
02 июн 2020, Тошкент вақти: 01:43

Domodedovodagi muhojirlar OMON yordamida haydab yuborildi; Vnukovoda hamon ellikka yaqin o‘zbek tunamoqda (VIDEO)


Yurtiga ketolmagan migrantlar aeroportlarda tunamoqda

Rossiya va O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan har qanday aviaparvoz, avtomobil va temir yo‘l qatnovini to‘xtatganiga qaramasdan, Moskvaning Vnukovo aeroportida yana o‘nlab o‘zbek muhojiri qolmoqda.

31 martga o‘tar kechasi Domodedovo aeroportini tark etishni istamagan 300 yaqin tojik va qirg‘iz mehnat muhojiri OMON yordamida aeroport hududidan quvib chiqarildi.

Vnukovoda O‘zbekistonga ketolmagan yo‘lovchilar qolmoqda

Vnukovo aeroportida tunab qolayotgan o‘zbekistonliklarning aksari Rossiyaning Uzoq Sharqidan Moskvaga kelib¸ bu yerdan O‘zbekistonga uchmoqchi bo‘lganlardir.

Rossiya hukumati 27 martdan boshlab¸ muntazam va charter reyslar parvozini taqiqlashi ortidan ular O‘zbekistonga ucholmay qolgan.

Moskvada yashashga puli yo‘qligi¸ qolaversa¸ Rossiya va O‘zbekiston hukumatlarining biror maxsus reys bo‘yicha kelishuvga erishishiga umidvorligi bois 50 nafarga yaqin muhojir 1 aprelda ham aeroport hududida qolmoqda.

Hozircha Vnukovo aeroporti ma’muriyati 15 kundan buyon aeroportda tunayotgan muhojirlarni chiqarib yuborishga shoshmayotir.

Ayni paytda¸ Rossiya hukumatining charter va muntazam aviareyslarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan keyin chorasini topgan migrantlarning bir qismi tarqalishni boshlagan.

- Pulimizni hech bo‘lmasa qaytarib oldik. Biz 7 kun yotdik aeroportda. Oxiri tushundik¸ boshqa reys bo‘lmasligini. Hozir tanishlarimiz oldiga kelib yotibmiz Moskvada. Aeroportda na tanishi, na boradigan joyi bor odamlar qoldi, boshi qotib, deydi shunday vaziyatda qolgan o‘zbekistonliklardan biri.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi Vnukovo aeroportida qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonliklarni yotoq joyi va oziq-ovqat bilan ta’minlashga hozir ekanini aytmoqda.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi “Domodedovo” va “Jukovskiy” aeroportlarida to‘plangan va aeroport binosidan chiqarib yuborilgan muhojirlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini tasdiqladi.

Elchilik rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, “Vnukovo” va “Sheremetьevo” aeroportlarida qolgan o‘zbek migrantlarining bir qismi charter reyslar yordamida O‘zbekistonga olib chiqilgani, yordamga muhtoj 160 ziyod o‘zbekistonlik esa Moskvadagi hostelga keyingi charter reyslari ochilgunga qadar joylashtirildi.

“Ularga yashash uchun barcha sharoitlar yaratilgan, uch mahal issiq ovqat tashkillashtirildi, ular bilan doimiy aloqa o‘rnatildi”, deyiladi xabarnomada.

Domodedovodagi tojik-qirg‘iz muhojirlarini OMON chiqarib yubordi

31 martga o‘tar kechasi 300 ga yaqin mehnat muhojiri Domodedovo aeroportidan quvib chiqarildi.

Hodisa guvohlari tunggi soat 3 larda forma kiygan aeroport qo‘riqchilari uchish zalida joylashib olgan migrantlarga bir joyga yig‘ilishni, yaqin orada ularning hammasi yurtiga jo‘natilishi mumkinligini aytgan.

Moskvalik jurnalist Galiya Ibragimova¸ bu e’lon ortidan bir joyga yig‘ilgan migrantlarning OMON kuchlari ko‘magida aeroport tashqarisiga chiqarib yuborilganini ma’lum qildi.

- Hammamiz bir joyga yig‘ilganimizda, bizni tashqariga haydab yuborishdi. Tunda. Sovuqda. Aeroportda qolish mumkin emas deyishdi. Endi odamlar ko‘chada, nima qilishni bilmaymiz.

- Biz Rossiyada itdek ishlaymiz. Dam olish kunlarimiz ham deyarli yo‘q. Hozir bo‘lsa hech kimga kerak bo‘lmay qoldik. Bizni kerak emas narsadek otvorishdi! Nima uchun unday bo‘lyapti? Yordam beringlar!¸ degan iqtibos keltirdi jurnalist o‘zi gaplashgan muhojirlardan.

Tojik muhojirlari huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib keluvchi yurist Karimjon Yorov Ozodlik bilan suhbatda Domodedovo aeroportidagi muhojirlarning 200 nafari tojikistonliklar¸ qolgani esa¸ qirg‘izistonlik ekanini bildirdi.

- Ular aeroport ma’muriyati iltimosiga binoan politsiya tomonidan tarqatib yuborildi, dedi huquq faoli.

Rossiyadagi Tojikiston elchisi Imomuddin Sattorov Dushanbe hukumati Vnukovo, Domodedovo, Jukovskiy va Sheremetyevo aeroportlarida qolgan vatandoshlari uchun 7ta reys uyushtirganini bildirdi. Elchi Rossiyadagi tojik migrantlarini ishga jalb qiluvchi yirik korxonalarga ishchilarni ishdan bo‘shatmaslikni so‘rab, murojaat qilganini ham bildirdi.

Domodedovo aeroporti matbuot xizmati Rossiya hukumatining koronavirusga qarshi kurash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq aeroportda tunayotganlar¸ jumladan 117 nafar tojikistonlikni bu hududdan chiqarib yuborish to‘g‘risida buyruq olganini ma’lum qildi.

Vaziyatni kuzatib borayotgan boshqa huquq faollari ham aeroportda yotgan migrantlar ertami-kechmi aeroportdan baribir chiqarib yuborilishi to‘g‘risida ogohlantirgan edi.

27 martdan boshlab Rossiya hukumati qarori bilan mamlakat aeroportlari kirish va chiqishga yopildi. 1 apreldan 31 maygacha bir guruh Rossiya loukoster aviashirkatlari ham ichki parvozlarni to‘xtatganini ma’lum qildi.

Moskva hukumati ortidan Rossiyaning ko‘plab mintaqalarida ham 30 martdan ko‘chada harakatlanishga cheklov qo‘yildi va aholining faqat o‘z yaqinidagi oziq-ovqat do‘koni va dorixonaga chiqishigagina ruxsat berildi.

XS
SM
MD
LG