Линклар

Шошилинч хабар
02 июн 2020, Тошкент вақти: 01:50

Yirik korxonalarning minglab ishchisi karantin paytida ham doimiy shtat rejimida ishlamoqda


Samarqand viloyati Oqdarë yo‘l qurilishi korxonasi ishchilari ham Ozodlikka karantinga qaramay¸ kamida 50 odamning kichik bir xonada tushlik qilishga majburligini bildirdi.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun tashkil qilingan maxsus komissiya uch nafardan ortiq odamning to‘planishini taqiqlagan bo‘lsa-da​, o‘n minglab odam ishlaydigan yirik korxonalar doimiy shtat rejimida ishlashda davom etmoqda.

O‘zbekistonda karantin davrida jamoatchilik transporti va taksi xizmatlari to‘xtagan bir paytda minglab odam ishlovchi ayrim korxonalarda ishchilarni tashish uchun maxsus transport tashkil etilmagan.

Bunday shirkatlarning Ozodlikka bog‘langan xodimlari piyoda yoki velosipedda, uzoq tumandagilar esa kuryer qiyofasidagi kirakashlar mashinasida ishga qatnayotganini bildirdi.

"Farg‘onaazot" xodimlari ishga piyoda qatnamoqda

Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi O‘zbekistondagi yirik "Farg‘onaazot" korxonasining ismi oshkor etilishini istamagan ishchisi jamoat transporti va taksi xizmatlari to‘xtagan bir paytda zavodga piyoda ishga qatnayotganlardan biri.

Xudo ko‘rsatmasin¸ kimdir yo‘lda koronavirusni yuqtirib, zavodga olib keladigan bo‘lsa¸ hammamiz barbod bo‘lamiz!

- Har kuni besh-olti kilometr yurib ishga boramiz, yana shuncha masofa yurib uyga qaytamiz. Ishchilarni asosiy qismi Toshloqdan, Marg‘ilondan keladi. Karantin payti ishchilarga maxsus avtobus tashkil etmaydimi? Xudo ko‘rsatmasin¸ kimdir yo‘lda koronavirusni yuqtirib, zavodga olib keladigan bo‘lsa hammamiz barbod bo‘lamiz, zavod ham barbod bo‘ladi, - deydi 1 aprel kuni Ozodlikka bog‘langan "Farg‘onaazot" korxonasi ishchisi.

Korxonaning uzoq tumanlardagi xodimlaridan biri kuryer qiyofasidagi kirakashlar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘layotganini aytadi.

- Men Toshloq tumanidan zavodga qatnayman. Hozir karantinda jamoat transporti to‘xtagan, taksi xizmati ham to‘xtagan. Lekin, yuklar dostavkasiga ruxsat bor. Ayrimlar¸ go‘yoki yuk dostavka qilyapman, deb yashirin yo‘llar bilan odam tashiyapti. Har kuni minglab odam korxonaga shunaqa yo‘llar bilan ishga keladi.

"Farg‘onaazot" korxonasining Ozodlik bog‘langan ta’minot bo‘limi mutasaddisi ishchilarni tashish uchun Farg‘ona shahrining to‘qqizta nuqtasiga maxsus avtobus qo‘yilganini aytdi.

- Qirguliga, Oxunboboyevga va boshqa joylarga to‘qqizta avtobus tinmay qatnayapti. Bepul tashiyapti ishchilarni.

Zavod ma’muriyati vakili boshqa tumanlardan qatnaydigan ishchilarga maxsus transport tashkillashtirilganmi, degan savolni ochiq qoldirdi.

Ishchilar virus tashuvchi bo‘lib qolishi mumkin

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi tuzilgan maxsus hukumat komissiyasi 27 martdan boshlab 3 nafardan oshiq odamning to‘planishini taqiqladi va odamlar orasida 2 metrlik masofa saqlanishi lozimligini bildirdi.

Hukumatning bunday ko‘rsatmasiga qaramay, "Farg‘onaazot"dan tashqari 10 mingdan ortiq ishchiga ega Navoiy Tog‘-kon metallurgiya kombinatida ham ishlab chiqarish to‘rtta smenada davom etmoqda.

Bu haqda kombinat ishchilaridan biri Ozodlikka xabar qildi:

Ish har doimgidek, to‘rtta smenada. Buni ustiga majlislar bo‘lyapti. Bizni sog‘ligimiz haqida hech kim qayg‘urmaydi.

- Ish har doimgidek, to‘rtta smenada. Buning ustiga¸ majlislar bo‘lyapti. Bizning sog‘ligimiz haqida hech kim qayg‘urmaydi. Ishlab chiqarish to‘xtamasa bo‘ldi. Davlatga valyuta kerak. Lekin bu borishda ishchilar virus tashuvchiga aylanishi va kombinatga daromaddan ko‘proq ziyon keltirishi mumkinku! Kombinatda 10 ming odam ishlaydi axir!

Ozodlik bilan telefon suhbatida o‘zini Navoiy Tog‘-kon metallurgiya kombinati rahbari yordamchisi deb tanishtirgan mulozim korxonada xavfli virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha barcha talablarga amal qilinayotganini aytdi.

- Ishchilarning hammasi maska bilan taminlangan, ishchilar uchun maxsus transport qo‘ydik, avtobuslarda olib kelinyapti. Xavotirlarga o‘rin yo‘q.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 1 aprelga kelib mamlakatda koronavirus yuqtirgani tasdiqlanganlar soni 173 nafarga yetdi.

Koronavirus aniqlangan joylar orasida Navoiy Tog‘-kon metallurgiya kombinati joylashgan Zarafshon shahri yo‘q.

O‘zbekistondagi boshqa yirik korxonalar, jumladan atomobil ishlab chiqaruvchi GM Uzbekistan korxonasi ham doimiy shtat rejimida ishlamoqda.

Shirkat saytida e’lon qilingan bu haqdagi bildiruvda karantin davrida mijozlarga xaridlarni onlayn rejimida amalga oshirish taklif qilingan.

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurayotgan Enter Engineering kompaniyasi ham koronavirus xavfiga qaramay ishlarini to‘xtatmagan.

Ozodlik Enter Engineering kompaniyasi ishchilari G‘uzorda qanday sharoitda ishlayotgani, nega virus xavfiga qaramay qurilish ishlari to‘xtatilmagani haqida so‘rab shirkat matbuot kotibi Maksim Nosovga savollar bilan yozma murojaat qildi, lekin hozircha javob olmadi.

Enter Engineering kompaniyasi ishchilari UzGTL zavodi qurilishida.
Enter Engineering kompaniyasi ishchilari UzGTL zavodi qurilishida.

O‘tgan yil dekabr oyida Enter Engineering kompaniyasining G‘uzorda ishlayotgan xodimlari ovqatdan ommaviy zaharlangan, ulardan 65 nafari kasalxonaga yotqizilgan edi.

Enter Engineering kompaniyasining G‘uzorda ishlayotgan xodimlari.
Enter Engineering kompaniyasining G‘uzorda ishlayotgan xodimlari.

Ozodlik "o‘n minglab odam ishlaydigan korxonalarda ish to‘xtamagani, minglab ishchi har kuni bir joyda ovqatlanib¸ bir joyda to‘planishi koronavirusga qarshi hukumat komissiyasi joriy qilgan talablarga qanchalik to‘g‘ri keladi?" degan savolga mutasaddi idoralardan javob olishga urindi.

Ammo 1 aprel kuni na hukumat komissiyasi¸ na O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot uchun mutasaddilari bilan bog‘lanib bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG