Линклар

Шошилинч хабар
10 июл 2020, Тошкент вақти: 11:54

AQSh tarixiy zarbaga tayyorlanmoqda, virus yuqtirgan Britaniya bosh vaziri esa shifoxonaga tushib qoldi


Londonda virus yuqtirib olgan bosh vazir Boris Jonson (suratda) tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun shifoxonada tunadi.

Yevropaning virus eng ko‘p tarqalgan mamlakatlaridagi vaziyat bir oz o‘nglanayotganining alomatlari ko‘rinayotgan bir paytda amerikaliklar oldida eng og‘ir hafta turgani aytildi, Britaniya bosh vaziri esa shifoxonaga yotqizildi.

AQSh sog‘liqni saqlash vaziri epidemiyaning joriy haftadagi ehtimol tutilayotgan oqibatlarini 11 sentabr yoki Pyorl-Harbor fojiaga bilan tenglashtirdi. Yaponiya bo‘lg‘usi favqulodda holat va 1 trillion dollarlik iqtisodiy ko‘mak choralarini e’lon qildi.

Yevropada "qurama" manzara vujudga keldi. COVID-19 virusi tarqab ketishi oqibatida xarob bo‘layozgan Avstriya va Italiya singari mamlakatlar hukumatlari infeksiya yuqtirayotganlar soni kamayayotgani ortidan izolyatsiya cheklovlarini yengillashtirish haqida bosh qotira boshladi.

Virus tarqalishidan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlardan biri Ispaniya so‘nggi 4 kunda qatorasiga o‘lganlar soni kamayayotganini, lekin baribir bir kunda 637 ta o‘lim holati qayd etilganini ma’lum qildi. Fransiya esa iqtisodiy zarar Ikkinchi jahon urushidan beri eng og‘ir bo‘lishini aytmoqda.

Londonda virus yuqtirib olgan bosh vazir Boris Jonson tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun shifoxonada tunagan bo‘lsa, qirolicha Yelizaveta II 68 yillik hukmronligi mobaynida kamdan-kam holatlarda bo‘lgani kabi Britaniya aholisini “birdam va qat’iy bo‘lib qolish”ga chaqirdi.

Yangi koronavirus dunyoning deyarli barcha kunjaklariga kirib bordi hamda insoniyatning deyarli yarmini uylariga qamab qo‘ydi va milliardlab kishilarning hayotini ostin-ustun qilib yubordi, 70 mingdan ortiq kishining yostig‘ini quritdi.

− Bu, ochig‘ini aytganda, aksariyat amerikaliklarning hayotida eng og‘ir va qayg‘uli hafta bo‘ladi, − dedi AQSh sog‘liqni saqlash vaziri Jerome Adams Fox News telekanaliga. – Agar oldi olinmasa, Pyorl Harbor yoki 11 sentabr fojiasiga aylanib ketishi mumkin.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe mamlakat shifoxonalarida “tang vaziyat” vujudga kelganini, seshanba kuni favqulodda holat e’lon qilinishini aytdi.

Biroq Yevropaning ayrim joylarida dam olish kunlaridan so‘ng vaziyat o‘nglanishiga umid paydo bo‘ldi. Italiyada so‘nggi ikki haftada, Fransiyada esa bir haftada eng past o‘lim holatlari qayd etildi. Ispaniyada ham vaziyat barqarorlasha boshladi.

Ammo Qo‘shma Shtatlarda o‘lganlar soni 10 ming kishiga yetdi, hokimiyat hali eng og‘ir kunlar oldinda ekanidan ogohlantirdi. Virus eng ko‘p tarqalgan Nyu-York shtatida o‘lganlar soni 4159 kishiga yetdi.

Vatikandagi kimsasiz avliyo Pyotr maydonida 1,2 milliard katoliklarning peshvosi Rim papasi Fransisk odamlarni pandemiya vaqtida jasorat ko‘rsatishga chaqirdi.

Ikki marta koronavirus sabab tibbiy tekshiruvdan o‘tgan keksa pontifik Pasxadan bir hafta oldingi Palma yakshanbasi diniy marosimini o‘tkazdi va u TVda jonli tarzda olib ko‘rsatildi.

Ba’zi din peshvolari Palma yakshanbasini g‘ayrioddiy tarzda nishonladi, masalan Panama arxiepiskopi Xose Domingo Ulloa an’anaviy ibodatni vertolyotda o‘tirib bajardi.

Jahon iqtisodiyoti turg‘unlashib qolgani oqibatida qashshoqlik darajasi ortib ketishi bashorat qilinmoqda. Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun misli ko‘rilmagan dasturlar ishga tushirilayotganiga qaramay, millionlab ish o‘rinlari qisqarib ketadi.

Iqtisodiyoti ham virus, ham AQShning jazolovchi sanksiyalaridan zarar ko‘rayotgan Eron koronavirus yuqtirayotganlar soni beshinchi kun qatorasiga pasayib borayotgani ortidan xavf nisbatan kam bo‘lgan iqtisodiy faoliyat turlarini tiklamoqchi.

Ayrim qashshoq mamlakatlar tirikchilikni barbod qilayotgan komendantlik soatlariga qarshi chiqmoqda.

Lekin dunyoning turli burchaklarida ba’zi kishilar koronavirus pandemiyasi sabab siqilib qolganlarning ruhini ko‘tarish uchun ibrat ko‘rsatmoqda. Ba’zi oshpazlar kasallarni davolayotgan shifokorlarga o‘z hisobidan taomlar pishirib bermoqda.

Yana bir misol. Italiya janubidagi Neapol shahrida yashovchi bir ko‘cha rassomi uyining balkonidan “birdamlik oziq-ovqat savati”ni pastga tushirib, “Imkoningiz bo‘lsa, unga biror narsa soling. Bo‘lmasa, biror narsa oling”, deya jar soldi.

Oradan ikki soat o‘tib, savat oziq-ovqatga to‘lib ketdi.

XS
SM
MD
LG