Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:02

Qozog‘iston. Hukumatning "virus puli"ni olishga intilayotganlarni videoga olgan faol 10 kunga qamaldi (VIDEO)


Qozog‘istonliklar hukumat berayotgan 42500 tangani olish uchun pochta binosi oldida navbatda turibdi. Semey shahri, 2020, 2 aprel.
Qozog‘istonliklar hukumat berayotgan 42500 tangani olish uchun pochta binosi oldida navbatda turibdi. Semey shahri, 2020, 2 aprel.

Qozog‘istonning Jambil viloyat, Shu tuman, Tole-biy qishlog‘ilik faol Facebookdagi sahifasida koronavirus oqbatlarini yumshatish uchun mamlakat hukumati aholiga tarqata boshlagan 42 500 tangalik (taqriban $95 ) nafaqani olish uchun yuzaga kelgan ur-yiqit va uzundan-uzoq navbatlar tasvirini namoyish qilgani uchun 10 kunga hibsga olindi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart Toqayev 31 martda mamlakat xalqiga qilgan telemurojaatida epidemiya sharoitida biznes va xalqni qo‘llab-quvvatlashga doir choralarni e’lon qilgan, o‘sha choralar orasida eng kam ish haqi 42 500 tanga (taqriban $95) hajmida pul berilishini aytgan edi.

Prezident bu miqdordagi mablag‘ rasman ishlab, pensiya jamg‘armasiga pul o‘tkazib turganlarga berilishini aytgan. Shundan so‘ng pulni tarqatish vazifasi yuklatilgan Qozog‘iston pochtasi bo‘limlari oldida turnaqator navbatlar paydo bo‘ldi. Bu holatni hukumat tanqidchilari virus tarqalishi uchun yaratilgan sharoit deb baholamoqda.

«Эй, соблюдайте очередь!» Толпы у банков и почтовых отделений
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:03 0:00

Bagdat Baktibayevning Ozodlik radiosi qozoq xizmati muxbirlari tayyorlagan bu syujetga aloqasi yo‘q.

***

10 kunga qamalgan Bagdat Baktibayevning xotini Diana Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga eri 6 aprel kuni pochta bo‘limida odamlar navbatda turganidan xabar topgach, u yerga va so‘ng tuman hokimiyatiga borgan.

Hokimlikda Bagdatni qo‘lga olishgan va politsiya uchastkasiga olib borishgan. Diananing aytishicha, Baktibayev ustidan sud o‘sha kuni kechqurun video-konferens-aloqa tarzida bo‘lib o‘tgan. U Ma’muriy kodeksning «Favqulodda holat sharoitida xuquq-tartibotni buzishga oid harakatlar» moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va 10 kunlik qamoq jazosi belgilangan.

E’lon qilingan sud qarorida ta’kidlanishicha, Baktibayev «favqulodda holat sharoitida» Tole-biy qishlog‘idagi “ijtimoiy yordamni rasmiylashtirish uchun odamlar to‘plangan Kazpochta binosi oldida Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirgan va davlat idoralarining hatti-harakatlariga nisbatan baland ovozda o‘z noroziligini bildirgan”.

Baktibayev sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovni inkor qilgan. Sud qarorida aytilishicha, ma’muriy hibs 6 apreldan hisoblanadi. Suddan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Diana Baktibayevaning aytishicha, eriga jami 28 kunlik qamoq belgilandi. Yana 18 kun boshqa ish bo‘yicha belgilangan bo‘lib, bu ish bo‘yicha qaror 16 apreldan kuchga kiradi.

Yanvarda Sharqiy Qozog‘iston viloyat Zaysan sudi Baktibayevni Xitoydan kelgan ikki etnik qozoq ustidan hukm chiqarayotganida — «hokimiyat vakilini haqorat qilish»da aybdor deb topgan edi.Etnik qozoqlar Qozog‘istonda “chegaradan qonunga zid ravishda o‘tish”da ayblangan edi. O‘shanda Baktibayev 36 soat hibsda ushlab turildi. Sud unga 80 soatlik jamoat ishlariga jalb qilinishi borasida xukm chiqardi va bir kunda to‘rt soat jamoat ishlarini bajarishi kerakligini ma’lum qildi.

Aprel oyi boshlarida ma’lum bo‘lishicha, Baktibayev jamoat ishlarni bajarishdan voz kechgani bois jazo 18 kunlik qamoqqa almashtirildi.

46 yoshli Baktibayev faol harakati bilan ma’lum. Fevral oyi so‘ngida u siyosiy mahbuslarni ozod qilish talabi bilan Olmaotada yolg‘iz o‘zi piketga chiqdi. O‘sha oyda u o‘ziga nisbatan belgilangan ma’muriy jarimaga qarshi Shu shahrida «Qazaqstanda zaң joq. Qozog‘istonda qonun yo‘q» degan plakat ko‘tarib olgan xolda bir o‘zi piket o‘tkazgan edi. O‘sha piketlardan so‘ng u15 kunga hibsga olindi, unga nisbatan «tinch yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzish» aybi qo‘yildi. Baktibayev o‘ziga qo‘yilgan ayblarga sudda iqror bo‘lmadi.

Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni bir sutkada 35 nafarga ko‘paydi va 709 kishini tashkil qildi.

Bemorlarning 340 nafari viloyatlarda. Qarag‘andada 55, Jambilda 45, Aqmo‘lada 42, Atirauda 36, Turkistonda 33, Shimoliy Qozog‘istonda 25, Akto‘beda 11, Olmaota viloyatida 10, Sharqiy Qozog‘istonda 6, Mang‘istauda 5, Ko‘stanayda 3, G‘arbiy Qozog‘istonda 2 va Pavlodarda 1 odam koronavirusga chalinagni aniqlangan.

Bemorlarning 222 nafari poytaxt Nur-Sultonda, 119 nafari Olmaota shahrida. Chimkent shahrida 20 bemor bor. Shu kungacha kasallikdan 51 odam sog‘aydi, 6 odam o‘ldi.

XS
SM
MD
LG