Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:41

Tibbiyotchilar: Karantin absurd darajaga yetmoqda, "Tez yordam"ni kasalxonaga kiritishmadi


Butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham koronavirusga qarshi kurashdagi asosiy vazifa tibbiyot xodimlari zimmasiga tushmoqda.
Butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham koronavirusga qarshi kurashdagi asosiy vazifa tibbiyot xodimlari zimmasiga tushmoqda.

8 aprel kuni Ozodlikka murojaat qilgan Buxoro viloyat, Jondor tuman Tibbiyot birlashmasi xodimlari¸ harakatlanishga nisbatan o‘rnatilgan keskin cheklovlarning joylardagi ijrosi vrach va hamshiralar xizmatiga talab oshgan hozirgi sharoitda aholini bu xizmatdan mosuvo qilayotganini bildirdi.

Hozirgi kunda Jondor tuman IIB YPX xodimlari vrach va hamshiralarning ishga borib-kelishimizni qiyinlashtiryapti. Akusher-ginekolog hamkasbimiz 20 km uzoqdan kelib ishlaydi. Uning mashinasini qo‘lidan olib qo‘yishdi¸ Tez yordam tibbiy xodimlari shoshib ishga kelganda¸ postdan o‘tkazmayapti. Natijada biz ishga kech qolyapmiz¸ tibbiy yordamga muhtojlar yordamsiz qolmoqda. Hatto ichida bemor bo‘la turib¸ Tez yordam mashinasini o‘tkazmaydi¸ Tez yordam mashinasi bemor bilan kasalxonaga kira olmay¸ aylanib yuripti. Mashina bilan bolnitsa hovlisiga kirmaysan¸ deydi”.

Odamlarning uyidan chiqishi keskin cheklangan hozirgi karantin vaziyatida¸ Ozodlikka murojaat qilgan jondorlik tibbiyotchilarga ko‘ra¸ Tez yordamga qo‘ng‘iroqlar ko‘paygan.

Bizning ishimizga xalaqit berish bizga emas¸ xalqqa jabr degani. Bizdan ko‘ra ko‘proq¸ yordamga muhtojlar qiynalyapti. Chunki hozir Tez yordam brigadalariga chaqiriqlar kupayib kolgan¸ ulgurish qiyin. Postdan to‘g‘ri o‘tkarib yuborilsa¸ vaqt tejaladi¸ chaqiriqlarga kechikish kamayadi¸ Tez yordam xizmati uchun 1 sekund ham zarur hisoblanadi”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda jondorlik tibbiyot xodimlaridan biri.

Koronavirusga qarshi kurash maqsadida tuzilgan Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 30 martdan 20 aprelga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtotransport vositalari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanishi mumkin.

Bu qarorda¸”tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning, tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat mashinalari va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalariga ruxsatnoma talab etilmaydi”deb yozilganiga qaramay¸ tibbiyot xodimlaridan ham maxsus ruxsatnoma so‘ralayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Bunday holatlarning aynan Buxoro viloyatida kuzatilayotgani haqidagi shikoyatga 6 aprel kuni AOKA tashkil etgan brifingda javob bergan Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primov ¸ ularni “NOTO‘G‘RI!” deb baholagan va hukumat qaroridagi maxsus band (yuqorida keltirilgan) o‘qib eshittirgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 8 aprel kuni Ozodlik bog‘langan rasmiysi ham¸ Buxoroda kuzatilayotgan bunday amaliyotning hukumat qaroriga zid ekani va tibbiyotchilar sog‘liqni saqlash tizimida ishlashini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatgan taqdirda¸ ularning shaxsiy mashinasida yurishiga ruxsat borligini ta’kidladi.

Jondorlik tibbiyotchilarning 8 aprel kuni Ozodlikka yozishicha¸ vrach va hamshiralar faoliyatiga IIB xodimlarining to‘sqinlik qilish holati¸ SSV va Adliya vazirligi mulozimlari bayonotlariga qaramay¸ davom etmoqda.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ruxsatnomasi o‘tmasa¸ tibbiyot birlashmasida ishlashi to‘g‘risida ma’lumotnoma¸ mehnat daftarcha nusxasi o‘tmasa¸ bularni nima bilan ishontirish mumkin? Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i IIBga mashinasi bor duxturlarning ro‘yxatini berdi¸ foydasi yo‘q. Bechora duxtur nima kilsin¸ natijada ishga kech qolyapmiz¸ chaqiriqlarga kech qolyapmiz. Shu ketishda bo‘lsa¸ shifokorlar qiynalganidan ishni tashlab ketishga majbur bo‘lishadi. Chunki aksariyat ishchilar uzoqdan kelib ishlaydi¸ oyligiga niqob¸ qo‘lqop¸ salfetka antiseptik tibbiy forma olsinmi¸ tibbiy ko‘rikka pul to‘lasinmi¸ taksichilar 3000 so‘mlik yo‘lga 20-25 ming berasan deyishadi¸unga to‘lasinmi yoki oilasini boqsinmi? Birgina niqobni xar 2 soatda almashtiradigan bo‘lsak¸ 2000 so‘mdan bir donasi¸ 12 soatda 6 niqob ishlatsak¸ 12000 so‘m bir kunda niqobning o‘ziga ketadi. Boshqa xarajatlarni hisoblasak exee...”

Buxoro viloyat Tibbiyot boshqarmasi rahbariyatidan 8 aprel kuni o‘z xodimlari bu shikoyatlari¸ xususan¸ ularning tibbiy niqob va qo‘lqoplarni o‘z hisobidan olishga majburligi haqidagi iddaolariga izoh olishning imkoni bo‘lmadi – kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Sog‘liqni saqlash xodimlaridan IIB xizmatchilarining o‘z harakatlanishiga noqonuniy to‘sqinlik qilayotgani haqidagi bu murojaat bilan ayni kunda¸ samarqandlik IIV xodimlarining o‘zlari ham ishga shaxsiy mashinada kelib-ketish og‘zaki buyruq bilan taqiqlanganini xabar qildi.

Shaxsi sir qolishi bilan Ozodlikka murojaat qilgan IIB xodimlari¸ hukumat qaroriga qaramay¸ o‘zlarining “vazirlikdan kelgan og‘zaki ko‘rsatma” degan asosda 10-20 kmlik masofadan ishga qatnashga majbur bo‘layotganliklarini bildirdi.

XS
SM
MD
LG