Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:28

Turkiyaga yuk olib ketayotib Odessada qolib ketgan haydovchilar prezidentdan yordam so‘radi (VIDEO)


Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi muzokaralar natijasida o‘zbek haydovchilarining Gruziya-Turkiya chegarasiga orqali o‘tishiga ruxsat berilganini aytmoqda.
Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi muzokaralar natijasida o‘zbek haydovchilarining Gruziya-Turkiya chegarasiga orqali o‘tishiga ruxsat berilganini aytmoqda.

Turkiyaga O‘zbekistondan yuk olib ketayotgan 20 ga yaqin o‘zbekistonlik haydovchi 20 kundan beri Ukrainaning Odessa porti yaqinidaga avtoturoqda kun kechiryapti.

O‘zbekistondan Turkiyaga eksport mollari tashuvchi transport shirkati haydovchilari chegaradan o‘tkazish masalasida prezident Mirziyoyevning yordamiga umid qilmoqda.

Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasining Ozodlik gaplashgan vakillari¸ Odessa portida qolgan haydovchilar bilan muloqotda ekani¸ bu muammoni hal qilish yo‘llari qidirilayotganini bildirdi.

Ukrainada qolish ruxsati tugayotgan haydovchilar Kiyevdagi o‘zbek hukumati vakillarining o‘z holidan 15 kundan beri xabar olmagani¸ telefon qo‘ng‘iroqlariga umuman javob bermayotganini aytdi.

Ozodlik muxbirining Ukrainadagi O‘zbekiston elchixonasi telefon raqamlariga kun davomida qilgan qo‘ng‘iroqlariga ham faqat mashina avtomatik javob qaytardi.

Prezidentga yana bir videomurojaat

Pasportining so‘nggi sahifasida “ushbu pasportning egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir” deb yozilganidan dalda olgan o‘zbekistonlik haydovchilar bevosita davlat rahbariga videomurojaat bilan chiqdi.

Ozodlikka kelgan videoda Shavkat Mirziyoyevga yuzlangan haydovchilar Ukrainaning Odessa porti turargohida 20 kundan beri Turkiyaga ketadigan paromga chiqish uchun ruxsat kutib turgani¸ yashash sharoitining og‘irligini aytadi va muammo yechilishi uchun yordam so‘raydi.

Одессадаги қолиб кетган ўзбекистонлик ҳайдовчилардан Мирзиëевга мурожаат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:01 0:00

Ozodlik gaplashgan haydovchilar¸ o‘zlarining eksport mollarini yuklab¸ O‘zbekiston chegarasidan yo‘lga chiqqanida Transport vazirligi chegaralarda qolib ketish ehtimolidan ogohlantirmaganini aytadi.

Koronavirus tarqayotgani¸ chegaralar yopilayotganini bilardik. Lekin eksport-import to‘xtamaydi¸ Ukraina- Turkiya chegarasi ochiq¸ deyishdi. Hujjatlarimizni tasdiqlab berishdi¸ unda "cherez Ukrainu"¸ deb yozilgan. Mana 20 kundan beri Odessa paromi oldidagi stoyankadamiz. Tranzit uchun 10 kunga berilgan ruxsatnoma - dozvol tugadi¸ ukrainlar bir marta uzaytirib berdi. Lekin endi uzaytirmaymiz¸ ana paromga kirib¸ kuniga har bir mashinaga 15 dollardan to‘lab¸ to Turkiya ruxsat berguncha yotaver deyapti. Ukrainadagi O‘zbekiston elchixonasi xodimlarining¸ 15 kun bo‘ldi¸ umuman daragi yo‘q. Telefon qilsak¸ odam olmaydi¸ faqat avtootvetchik. Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi biz bilan gaplashib¸ harakat qilyapti. Lekin ular taklif qilayotgan yechim bizga to‘g‘ri kelmaydi”¸ - dedi Ozodlik gaplashgan haydovchilardan biri.

Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi nima yechim taklif qildi?

Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasining Ozodlik gaplashgan mulozimlari Odessa portida qolgan haydovchilar ahvolidan xabardorligi¸ ular bilan Telegramda ochilgan maxsus kanal yordamida muntazam gaplashib turishayotganini bildirdi. Anqaradagi O‘zbekiston elchixonasining aynan shu muammo bilan shug‘ullanayotgan mas’uli bunday dedi:

Hozir Turkiyada koronavirus pandemiyasiga qarshi cheklovlar yanada kuchaytirildi. Mamlakat ichkarisidagi harakatlanish ham taqiqlandi¸ chunki keyingi kunlarda virus yuqqanlar va o‘lganlar soni oshib ketdi. Shunga qaramay¸ biz Turkiya prezidenti ma’muriyatidan to Transport vazirligigacha chiqib¸ haydovchilarimiz ahvolini tushuntiryapmiz. Vaziyat murakkabligiga qaramay¸ turk qardoshlarimiz Gruziya orqali bizning yuk mashinalarimiz kirishiga ruxsat berdi, bundan xabarlaringiz bor. Lekin Odessa porti orqali faqat yuk o‘tishiga ruxsat bor. Turkiya tomoni haydovchilarimizga¸ furalarini paromga yuklab¸ o‘zlari Ukraina tomonda qolishlari¸ chegaradan o‘tgan yuklarni turk haydovchilari o‘z mashinalariga yuklab¸ belgilangan manzilga yetkazishini taklif qildi. Hozirgi vaziyatda yagona yechim shu. Lekin haydovchilarimiz buni qabul qilmayotir”.

O‘zbek diplomati¸ shuningdek¸ Odessa portida qolayotgan 20 ga yaqin fura haydovchisiga Gruziya orqali Turkiyaga kirish taklif qilingani¸ ammo haydovchilar buni ham qabul qilmayotganini qo‘shimcha qildi.

Haydovchilar nega bu yechimlarni qabul qilmayotir?

Ozodlik gaplashgan Odessa portidagi o‘zbek haydovchilari¸ Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi vakillari shunday taklif berganini e’tirof etdi.

Haydovchilardan biri buni qabul qila olmasliklarini shunday tushuntirdi:

Biz Odessa portiga yetib kelishimiz bilan¸ Turkiya tomoni chegarasini yopti. Mashinalar haydovchisiz Turkiya tomonga o‘tadi¸ yuklar u yerda turk mashinalariga ortilib¸ manziliga yetkaziladi¸ deyishdi. Bir guruh haydovchi rozi bo‘ldi va furasini paromga chiqarib¸ o‘zi bu tomonda qoldi. Mashinalarimizning hammasi kreditga olingan¸ yangi. Ularning qaytib kelgandagi ahvolini ko‘rib¸ qo‘rqib ketdik. Yangi mashinalar urilgan¸ pachaqlangan¸ oltita yap-yangi g‘ildiraklarini yechib olib¸ o‘rniga eskilarini qo‘yishgan. Biz ertaga qaytganimizdan keyin¸ bu ahvol uchun javob berishimiz kerak. Mashinalarning nomiga sug‘urtasi bor¸ bunaqa zararni umuman qoplamaydi. Shunga mashinalarni bervorib¸ Odessa ularning yukni bo‘shatib qaytarilishiga ko‘nmay turibmiz”.

Ikkinchi taklif¸ yuk mashinalari bilan Gruziya orqali Turkiyaga kirish ehtimoli ham¸ haydovchilar ta’kidicha¸ ruxsatnoma yo‘qligi bois¸ amalga oshmaydigan ishdir:

Bizning hujjatlarda Ukraina orqali faqat Turkiyaga o‘tishga ruxsat bor. Gruziyaga kirolmaymiz. Bu hujjatni Toshkentda qilish kerak. Shuning uchun prezidentimiz bu masalada bizga yordam berishini kutib¸ Odessada yotishga majburmiz. Boshqa ilojimiz yo‘q”.

Prezident bu masalada yordam beradimi?

Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi vakillarining Ozodlikka aytishicha¸ davlatlarning o‘z chegaralarini yopib qo‘yishi ortidan paydo bo‘lgan transport-logistika muammolaridan O‘zbekiston yuqori idoralarining xabari bor.

Turkiyadagi o‘zbek diplomatlari¸ bu masalaning 10 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining koronavirus taraqalishiga qarshi kurashishda umumiy harakatlarni muvofiqlashtirishga bag‘ishlab o‘tkaziladigan videoanjumanida ko‘tarishni ham taklif qilgan.

Prezident matbuot xizmatining bu videomuloqot haqida bergan rasmiy xabarida¸ “global epidemiologik inqiroz sharoitida savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikning ustuvor loyihalarini yanada ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi”¸ deb yozilgan.

Bundan esa¸ sammitda Odessa portida 20 kundan beri Turkiya tomonga qachon o‘tishini bilmay nochor ahvolda o‘tirgan o‘zbek haydovchilari muammosini hal qilishga yordam berishi mumkin to‘xtamga kelish ehtimoli borligi ko‘riladi.

Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri aksar davlatlar o‘z chegaralaridagi o‘tdi-qaytdini butunlay taqiqlagani ortidan sarhadlarda to‘xtab qolgan o‘zbekistonlik yuk tashuvchilar bundan oldin ham bevosita prezidentga murojaat qilgan edi.

Bunday murojaat ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ular muammosining hal qilingani haqida xabar tarqatgan edi.

Ayni paytda¸ Eron-Turkmaniston chegarasidan prezidentga ayni murojaat bilan chiqqan o‘zbek haydovchilari muammosiga yechim topilgan-topilmagani aniq emas.

XS
SM
MD
LG