Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:25

Koronavirus: Tibbiyot va SES xodimlariga Prezident va’dasi - qo‘shimcha to‘lov to‘lanmayapti


Koronavirus bemorlarini davolayotgan tibbiyot xodimlariga maqtovlar yog‘dirilayotgan bir paytda¸ ularga prezident va’da qilgan qo‘shimcha to‘lov va rag‘bat pullari hozirgacha berilgan emas.
Koronavirus bemorlarini davolayotgan tibbiyot xodimlariga maqtovlar yog‘dirilayotgan bir paytda¸ ularga prezident va’da qilgan qo‘shimcha to‘lov va rag‘bat pullari hozirgacha berilgan emas.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19 mart kungi farmoni bilan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya tizimi xodimlari maoshiga oyligining 6 foizi miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lov joriy etilgan.

Farmonga ko‘ra¸ koronavirus frontining old chizig‘ida ishlayotganlarga¸ bu qo‘shimcha to‘lov har besh kunda berilishi lozim.

Prezidentning 26 mart kungi qarori bilan esa koronavirusga chalinganlar bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlariga har 14 kunlik ishi uchun qo‘shimcha 5 milliondan 25 million so‘mgacha rag‘bat puli to‘lash buyurilgan edi.

13 aprel kuni Ozodlikka bog‘langan tibbiyot va sanitaniya-epidemiologiya tizimi xodimlari farmondan bir oycha¸ qarordan esa¸ 18 kun o‘tib ham prezident va’da qilgan bu to‘lovdan asar yo‘qligini bildirdi.

Farmon va qarorning to‘lovlar qismi ijrosi uchun mas’ul Moliya vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda hozirgacha koronavirusga qarshi kurashayotgan mutaxassislarga va’da qilingan pul berilmaganini e’tirof etdi.

“27 martdan beri kasalxonadan chiqmadim...”

Ozodlik bilan suhbatda viloyatlardan birining yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi 27 martdan beri uyi va bolalarini ko‘rmasdan¸ koronavirusga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatayotganini aytdi.

Ismi ochiqlanishini istamagan bu ayol¸ prezident farmoni va qarori bilan har besh kunda oyligining 6 foizini qo‘shimcha to‘lov sifatida olish¸ 14 kunlik navbatchilikdan keyin esa¸ 10 million so‘m rag‘bat puli olishi kerak bo‘lgan tibbiyot xodimlaridan biri.

Lekin 13 aprelga qadar hamshira ayol na unisi¸ na bunisini olgan.

Kuniga kamida 12 soat ishlayapmiz. Kasalxonaning boshqa bo‘limidan bizga joy qilib bergan. Vrach¸ hamshira¸ sanitarka hammamiz shu yerda uxlab¸ shu yerda turyapmiz. Koronavirus kasallarga biz qarayapmiz. Ustimizga bittada kiyadigan zamokli ust-bosh kiyib¸ kirib-chiqib yuribmiz oldilariga. Kasalxonaning bo‘lkasi bilan makaronini yeyapmiz¸ ko‘chaga kirib-chiqish umuman mumkinmas. Bolalarimni ko‘rmaganimga mana 20 kuncha bo‘p qoldi. Endi yangi smena kelib¸ bizni boshqa joyga 14 kunlik karantinga qo‘yarkan. Bizdan test olishdi¸ hozircha kasal chiqmadi. Prezident qo‘shimcha to‘lov deganda xursand bo‘lgandik¸ lekin jim-jitlik. So‘rasak¸ kelsa beramizmi?! deyishdi¸ xolos”.

"Hayotini xatarga qo‘yib ishlayotganlarga mehnatiga yarasha haq to‘lansin..."

13 aprelь kuni Ozodlikka Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi xodimlari nomidan¸ deb yozilgan murojaat keldi.

O‘zlarining “ ushbu sinovli kunlarda ham nolimay davlatimiz fuqarolarining sog‘ligi uchun kechayu kunduz tinim bilmay ishlayotgan”ini ta’kidlagan mualliflar¸ aksar aholi uyda qolayotgan bir paytda¸ inspeksiya xodimlari o‘z sog‘liqlarini xatarga qo‘yib¸ karantinda joylashgan fuqarolarning uyiga borib¸ karantin qoidalariga rioya etilishini shaxsan nazorat etayotganini aytadi .

Ishchi xodimlarning oylik maoshi juda pastligi, texnika bilan ta’minlanmaganligi sababli juda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Oylik maosh oila tirikchiligi mayli, inspektorlarning kunlik xarajatiga ham yetmaydigan holatda. Bitta inspektorning oylik maoshi 1 350 000 so‘mni tashkil qiladi¸ xolos. Tashkilot xodimlarining davlatimizning sinovli kunlarida tinim bilmay ishlashlari uchun oylik maoshlarimiz shunga yarasha bo‘lishini istardik. Prezidentimiz koronavirusga qarshi kurashayotganlarga qo‘shimcha to‘lov va’da qildi¸ lekin biz hozirgacha uning bir tiyinini ko‘rganimiz yo‘q” ¸ deyiladi Ozodlikka inspeksiya xodimlari nomidan yuborilgan murojaatda.

Moliya vazirining “JUDA MUHIM” buyrug‘i ijro etilmadi

O‘zbekiston Moliya vaziri Timur Ishmetov 5 aprel kuni imzolagan “JUDA MUHIM” deb tasniflangan xatida koronavirusga qarshi kurashayotganlarga prezident har besh kunda to‘lashni buyurgan 6 foizlik qo‘shimcha to‘lovlarning kechikayotgani va buning “haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgani” ni e’tirof etgan.

Moliya vazirining "JUDA MUHIM" deb tasniflangan xatining 1-sahifasi
Moliya vazirining "JUDA MUHIM" deb tasniflangan xatining 1-sahifasi

Ozodlikka nusxasi taqdim etilgan bu xatida Ishmetov¸ Moliya vazirligi tizimining viloyatlardagi rahbarlaridan bu to‘lovlarning “zudlik bilan to‘lanishini qat’iy ta’minlashni” talab qilgan.

Moliya vazirining "JUDA MUHIM" deb tasniflangan xatining 2-sahifasi
Moliya vazirining "JUDA MUHIM" deb tasniflangan xatining 2-sahifasi

Lekin bu topshiriq berilganidan bir haftadan ko‘p vaqt o‘tganiga qaramay¸ koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlariga qo‘shimcha to‘lovlar ajratilmagan.

Moliya vazirligining viloyatlardan biridagi mutasaddisi shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab¸ Ozodlikka buning sababini qo‘yidagicha izohladi.

Moliya vazirligi mablag‘ ajratgan¸ pul bor. Faqat orada tushunmovchilik bo‘p turipti. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan qo‘shimcha to‘lovlarning to‘lanish tartibiga oid Nizom tasdiqlanishi kerak. Ana shu tartib tasdiqlanmay turipti. To‘lash tartibi yo‘q. Moliya vazirligi o‘zidan o‘zi mana sanga pul¸ deb tarqata olmaydi. Prezident qarorida koronavirus tarqalishiga qarshi tadbirga jalb qilinganlar¸ deyilgan. Kimga to‘lash kerak¸ kimga to‘lamaslik kerak? Ish shtatida o‘tirgan xodimlar ham ishlayapti¸ ish shtatida yo‘qlar ham¸ biz buyruq bilan biriktirilganmiz¸ deyapti. Ko‘chada masalan¸ dezinfektorlar yuripti. Ular buyruq bilan biriktirilgan. Bularning qaysiga to‘lab¸ qaysiga to‘lanmaydi¸ buning javobgarligi bor axir! Shuning uchun Nizom chiqsin¸ 2-3 kun ichida to‘lab beramiz”.

Moliya vazirligi to‘liq karantinda

“Moliya vazirligi xodimlari orasidan koronavirusga chalinganlar chiqqanidan so‘ng¸ vazirlik tag-tugi bilan karantinga olindi va bu ham to‘lovlarning kechikishiga sabab bo‘lmoqda”¸ dedi 13 aprel kuni Ozodlik gaplashgan vazirlik mulozimi.

Xodimlarning ichkarida qolgani ichkarida qoldi¸ tashqarida qolgani uyida uy karantinida o‘tiripti. Eshigining tagida militsiya o‘tirib¸ ko‘chaga chiqishgayam qo‘ymayapti. Shuning hisobigayam to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish to‘xtab qoldi”.

Moliya vazirligi rasmiysi¸ Vazirlar Mahkamasining tegishli Nizomi yo‘qligi¸ qolaversa¸ Moliya vazirligi xodimlarining to‘lig‘icha karantinga olingani prezident koronavirusga chalinganlarni davolayotgan vrach va hamshiralarga va’da qilgan rag‘bat pulini berishni ham to‘xtatib turganini aytadi.

Vrachlarga 25 million¸ hamshiralarga 15 million¸ degan pullar ham hali hech kimga berilgani yo‘q. Moliya vazirligi zayavkaga qarab¸ bir oylik mablag‘ ajratgan 10 trillionlik jamg‘armadan. Lekin vrach va hamshiralar haligacha bu pulni olgani yo‘q”.

Prezident koronavirusga qarshi kurashayotganlarga qo‘shimcha to‘lovlar va’da qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19 mart kuni imzolagan "Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb nomlangan 5969-sonli farmon 20 mart kuni kuchga kirdi.

Unga ko‘ra¸ Moliya vazirligi huzurida 10 trln so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Ana shu farmon asosida¸ koronavirus tarqalishiga qarshi kurash tadbirlariga bevosita jalb etilgan tibbiyot va sanitariya-epidemiologik va boshqa xizmat xodimlariga ayni shu davr uchun maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lov joriy etilgan.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratiladigan bu qo‘shimcha to‘lovlarning har besh kunda to‘lanishi belgilangan.

Bundan tashqari¸ 26 mart kuni Mirziyoyev “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” maxsus qaror qabul qildi.

Bu qarorda “koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri soliq solinmaydigan maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi” belgilandi.

Unga ko‘ra¸ vrachlarga – 25 million so‘m; hamshira-laborantlarga –15 million so‘m; kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m va boshqa xodimlarga – 5 million so‘m to‘lash topshirildi.

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi raisi Bosh vazir Abdulla Aripovga “bir hafta muddatda maxsus to‘lovlarni oluvchi mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarga jalb qilingan boshqa xodimlarning qo‘shimcha ro‘yxatini tasdiqlash” buyurildi.

Mazkur maqolani hozirlash davomida aniqlanishicha¸ Vazirlar Mahkamasi prezident farmon va qarorini ijro etishga asos bo‘luvchi Nizom va ro‘yxatni haligacha tasdiqlamagan.

XS
SM
MD
LG