Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:05

O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi global miqyosdagi o‘rtacha sur’atlardan ancha yuqori


Toshkentda o‘rtacha yillik havo havo haroratining o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumot. O‘zgidromet rasmiy saytidan olindi.
Toshkentda o‘rtacha yillik havo havo haroratining o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumot. O‘zgidromet rasmiy saytidan olindi.

O‘zbekistonda haroratning ko‘tarilish sur’atlari global miqyosda kuzatilayotgan o‘rtacha sur’atlardan ancha yuqori. Bu haqda 14 aprel kuni O‘zgidromet rasmiy saytida e’lon qilingan hisobotda ta’kidlandi.

“Kuzatuvlar boshlangan vaqtdan 2019 yilgacha o‘rtacha yillik haroratning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatdiki, iqlim isishi tendensiyalari O‘zbekistonning barcha iqlimiy zonalarida namoyon bo‘lmoqda, bunda haroratning ko‘tarilish sur’atlari global miqyosda kuzatilayotgan o‘rtacha sur’atlardan ancha yuqori”, deyiladi hisobotda.

O‘zgidrometning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning deyarli barcha mintaqalari bo‘yicha oxirgi o‘n yillik (2010-2019yy.) va oxirgi besh yillik (2015-2019yy.) uchun o‘rtacha havo haroratlari butun meteorologik kuzatuvlar davridagi oldingi o‘n va besh yillik davrlar bilan taqqoslaganda eng yuqori bo‘ldi.

2019 yilda respublika hududining katta qismida o‘rtacha yillik harorat me’yordan 1,6-2,3 darajaga yuqori, Orolbo‘yida hamda cho‘l zonasida esa ayrim joylarda me’yordan 2,9-3.1 darajaga yuqori bo‘ldi. Faqat respublikaning tog‘li tumanlarida o‘rtacha yillik haroratning me’yordan chetlanishi 1 darajadan oshmasdan 0,5-0,9 darajani tashkil qildi.

Hisobotda 2019 yil butun kuzatuvlar davrida 2016 yildan keyin ikkinchi eng issiq yil ekani ma’lum qilingan.

2020 yil yanvarida Jahon Meteorologiya tashkiloti tomonidan press-reliz chiqarildi, unda asbob-uskunalar vositasida meteorologik kuzatuvlar o‘tkazish boshlangan davrdan 2019 yilgacha olib borilgan iqlimiy monitoring natijalari keltirildi.

“Iqlimshunos olimlar buni ikki omil — iqlim isishiga olib keluvchi El-Nino hodisasi hamda uzoq muddatli iqlim o‘zgarishi bilan tushuntirmoqdalar. O‘zbekistonning barcha mintaqalari bo‘yicha harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar sonining barqaror o‘sish tendensiyasi iqlim isishi ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Issiq kunlar soni ortishining eng yuqori tendensiyalari Orolbo‘yida va respublikaning janubiy hududlarida qayd etilgan”, deyiladi hisobotda.

Havoning o‘rtacha yillik haroratlari ko‘tarilishining eng katta qiymatlari yirik shaharlar (Toshkent, Samarqand, Farg‘ona)da, ehtimol, qo‘shimcha urbanizatsiya samarasi hisobiga qayd etilgan. O‘rtacha yillik harorat ko‘tarilishining eng kichik qiymatlari respublikaning tog‘li hududlarida kuzatilgan.

“2019 yil yozda respublikaning barcha mintaqalarida jazirama ob-havoning anomal uzoq davri kuzatildi. Harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan va hatto 2016 yil ko‘rsatkichlaridan oshib ketdi”, deb ta’kidlanadi hisobotda.

XS
SM
MD
LG