Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:14

Toshkentda davom etayotgan turar-joy binolari qurilishida karantin qoidalariga rioya qilinmayapti


O‘z xovlisida ikki usta ishlatib, qurilish qilgan toshkentlik tadbirkor 11 aprel kuni jarimaga tortildi.

Prokuratura va IIV qo‘shma reyd o‘tkazib Toshkent markazida yuzlab quruvchilarni bir joyga yig‘ib qurilish qilayotgan shirkatga 30 mart kuni qurilishni to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdi.

Ammo bu choralarga qaramay, 13 aprel kuni Ozodlik muxbiri Toshkentning qurilish maydonlarida minglab ishchilar karantin qoidalariga amal qilmay ishlayotganiga guvoh bo‘ldi.

Ozodlik suhbatlashgan huquqshunos¸ mahalliy mulozimlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalariga rioya qilmagan quruvchilarning “to‘g‘ri jazolanganligini” va “Qurilishni to‘xtatish haqida to‘g‘ri ko‘rsatma” berganligini aytdi.

Ayni paytda huquqshunos karantin cheklovlariga oid hujjatlarda aniq-tiniq qilib qurilishlar to‘xtatilsin degan band yozilmagani “ba’zi shirkatlar uchun huquqiy tirqish” ochayotganidan tashvish bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimlar esa, karantin davrida “istisno tariqasida kasalxona va muhim davlat inshootlari qurilishiga izn” berilishi va bu iznning “lyuks turar-joy qurayotgan xususiy shirkatlarga aloqasi yo‘qligini aytdi.

Ozodlik IIV reydi davomida qurilish to‘xtatilgan shirkatga qo‘ng‘iroq qildi. Shirkat vakili “karantin bois bu savolga javob bera oladigan mutasaddi yo‘qligini” bildirishdan nariga o‘tmadi.

Xovlida qurilish qilganga jarima

Toshkentlik 43 yashar tadbirkor R.N. 11 aprel kuni o‘ziga tegishli hovlida kichik qurilish qilayotgani uchun Sergeli tuman IIB xodimlari tarafidan 1 000 115 so‘m jarimaga tortildi.

U bu haqda Ozodlikka ma’lumot berar ekan¸ «nega ko‘chadagi qurilishlar kunu tun davom etmoqda¸ ammo menga ruxsat yo‘q» deb nolidi.

Uning hikoyasidan ayon bo‘lishicha¸ u koronavirus pandemiyasi bois O‘zbekistonda joriy qilingan karantin cheklovi shartlarini buzgan, ya’ni u va yana yollangan ikki mardikor usta guruh holida bir-biriga yaqin bo‘lib ishlashgan.

Ozodlik suhbatlashgan va lavozimida matbuotga gapirish huquqi bo‘lmagani bois ismi aytilishini istamagan Sergeli tuman hokimligi xodimiga ko‘ra¸ shu tuman turg‘uni R.N. karantin paytida o‘z uyida guruh bo‘lib qurilish o‘tkazgani uchun to‘g‘ri jazolangan:

«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi , ya’ni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzgani uchun to‘g‘ri chora ko‘rildi. Hayotiy zarurat bo‘lmagan xolda ustalarni chaqirib guruh holida qurilish qilgan. Yana o‘zini yakkalash tartibiniyam buzgan. Yanayam IIB xodimlari insof qilib bitta jarima rasmiylashtiribdi. Aslida uchta huquqbuzarga uchta jarima yozish kerak edi».

Ayni paytda Koronavirusga qarshi kurash maqsadida joriy etilgan karantin choralari paytida O‘zbekiston poytaxti Toshkent va Samarqand kabi yirik shaharlarda xususiy shirkatlar minglab ishchilarni jalb qilib ko‘p qavatli turar-joy binolarini qurishda davom etayotgani haqida Ozodlikda ma’lumot bor.

Karantin paytida ham qurilish to‘xtamayapti
Karantin paytida ham qurilish to‘xtamayapti

Sergeli tuman hokimligi mulozimi faqat «o‘ta muxim davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan binolar (masalan gospitallar) qurilishiga ruxsat berilgani va bu qurilishlarda sanitariya-gigiena normalariga rioya qilish qat’iy nazoratda ekanligini» bildirdi.

Mulozimga ko‘ra¸ «kasalxona¸ yo‘l qurilishi va aloqa tizimlari bilan bog‘liq ma’muriy binolar qurilishi o‘ta muhim davlat ahamiyatiga ega» deya malakalanadi.

Ayni payda mulozim karantin chekloviga qaramasdan Sergeli tumanida xususiy shirkatlar turar-joy binolari qurishni nega to‘xtatmagani borasidagi savolimizga aniq javob bera olmadi.

«Bino davlat buyurtmasiga asosan qurayotgan bo‘lsa ruxsat beriladi»¸ deyish bilan cheklandi mulozim.

Davlat emas shirkat qurmoqda

Karantin davrida cheklovga qaramasdan O‘zbekiston poytaxtida xususiy shirkatlar lyuks uylar qurayotgani haqida Qirg‘izistondagi Eho kg Internet nashri joriy yilning 31 mart kuni tahliliy maqola e’lon qildi.

Maqolaga ilova qilingan videotasmada karantin choralarini nazar pisand qilmay 300 ta boy odam uchun uy qurayotgan shirkat tanqid qilinadi.

“Toshkent hokimiga karantin xalaqit qilmaydi" (“Xokimu Tashkenta karantin ne pomexa») deb sarlavhalangan maqolada yozilishicha¸ OOO SP «SILK ROAD GROUP INVESTMENTS» va Murad Buildings shirkati ta’sis qilgan NRG (SP OOO «AVALON GROUP» shirkatlari Toshkent shaxrining Nukus¸ Oybek ko‘chalari va Mirobod tumanida ertalabki 8 dan to kechki 10 gacha odam ishlatishmoqda.

“Qurilayotgan inshoot gospital yoki "Tez yordam" binosi emas. 300 nafar cho‘ntagi pulga to‘la kiborlar ko‘ngilxushligi uchun qurilayotgan hashamatli turar-joy kompleksi. Quruvchilar oddiy sanitariya qoidalariga ham rioya qilmayotgani videoda ko‘rinib turibdi”,- deyiladi maqolada.

Hokimiyat chora ko‘rdi

Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmatining 13 aprel kuni Ozodlik suhbatlashgan vakili “Karantin paytida qurilish qilayotgan shirkatlarga qarshi prokuratura bilan birgalikda muntazam reydlar o‘tkazilib chora ko‘rilayotganini” aytdi.

Mulozim o‘z so‘ziga misol sifatida karantin chekloviga amal qilmay Toshkent shaxrida qurilish qilayotgan BB-Stroy shirkati rahbari Botir Rajabov ma’muriy javobgarlikka tortilganini ham aytib o‘tdi.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman IIB matbuot xizmati xodimi Suhrob Saidovning Youtube portalida qilgan chiqishida “Karantin qoidalariga amal qilmagan quruvchilar va shirkat rahbarlariga jiddiy chora ko‘rilishi” ta’kidlanadi. Videoda Toshkent shahri Oltintepa ko‘chasidagi BB-Stroy quruvchilarining karantin shartlariga rioya qilmagani tasvirlangan.

Oltintepa ko‘chasidagi reyd
Oltintepa ko‘chasidagi reyd

13 aprel kuni Ozodlikning mobil muxbiri Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tuman, Oltintepa ko‘chasidagi “Prokuratura va IIB reydi paytida chora ko‘rilgan” qurilish maydonchasiga bordi.

Mobil muxbirga ko‘ra¸ qurilish avvalgi sur’atlarda tempda davom etmoqda:

- Mana men Oltintepa ko‘chasi 247- uy oldida turibman. Kiraverishga OOO VV-STROY deb yozilgan. Otboy cho‘kichlari yerga ulkan qoziqlarni qoqib yotibdi. Ishchilar gavjum. Yuzlab ishchilar bor. Men ko‘rgan ishchilarning aksari maskasini bo‘yniga osib olgan. Bitta ishchidan so‘rasam immunitetim kuchli menga yuqmaydi dedi. Ishchi ertalab soat 7 da ishga kelgan. Kechqurun 10 da ketarkan.

Tarmoqdagi «Snos» guruhi rahbari¸ faol Farida Sharifning yozishicha¸ respublikaning boshqa xududlari¸ xususan Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida ham karantin chekovini aylanib o‘tib, turar-joylar qurish davom etmoqda.

Birinchi rahbar ma’suliyatida

Karantin davridagi shubhali qurilishlar haqidagi turkum maqolalar muallifi¸ jurnalist Aleksey Volosevichning 13 aprelda Ozodlik bilan suhbat davomida “qurilish shirkatlari karantin paytida ishlash uchun huquqiy tirqish topganligi ular zimmasidan ma’suliyatni soqit qilmaydi”, degan fikrni bildirarkan, bunday dedi:

- Mamlakatda mutlaq karantin e’lon qilingan bir paytda quruvchi shirkatlar va ularning akaxonlarining paytdan foydalanib boyib qolishga haqqi yo‘q. Chunki ular nafaqat o‘z ishchilari¸ balki ular qurilish qilayotgan katta shaharlar aholisi salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Menimcha, qurilishning to‘xtatilmagani va IIBning ularni to‘xtatishga qurbi yetmagani bilan bog‘liq vaziyat bu qurilishlardan o‘ta qudratli odamlar manfaatdor ekanligi nishonasi.

XS
SM
MD
LG