Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:56

Namanganda qishloq o‘rtasidagi maktab karantin maskani qilinayotganiga aholi norozilik bildirmoqda


Namangan viloyat, Pop tumanidagi Qo‘shminor qishlog‘i aholisi shu qishloqdagi kollej yotoqxonasi koronavirus yuqtirganlikda gumon qilinayotganlar uchun karantin maskaniga aylantirilayotganidan norozilik bildirmoqda.

Qo‘shminorliklarning Ozodlikka aytishicha, qishloqdagi 69-umumta’lim maktabiga qo‘shib berilgan bu yotoqxona qishloqning o‘rtasida joylashgan, aholi uylariga juda yaqin va atrofi izolyatsiya qilinmagan, shu sabab qishloq ahliga jiddiy xavf solishi mumkin.

Pop tuman hokimligi mulozimi "barcha kasalxonalar karantinga olinganlar bilan to‘lib bo‘lgani uchun" vaqtincha bu yotoqxonadan foydalanib turishga qaror qilinganini bildirdi.

Qo‘shminor mahallasida yashaydigan, to‘rt farzandli otaning aytishicha, qishloq o‘rtasida karantindagilarni saqlash aholi uchun juda jiddiy xavf tug‘diradi:

“Biz ham vaziyatni tushunamiz, lekin xavfni yanada oshirish kerak emas. Qishloqning o‘rtasida kim bunday karantin zona qiladi? Bizning uyimiz ana shu yotoqxonadan 50 metr bu yoqda. Atrof o‘ralmagan, izolyatsiya qilinmagan. Farzandlarim, qari ota-onam uchun bu juda katta xavf. Hamqishloqlarimiz ham bu qarordan norozi”.

69-umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisiga ko‘ra, maktab hududida koronavirusda gumonlanganlarni saqlash, hech bir qoidaga to‘g‘ri kelmaydi:

Bu yerda ichimlik suvning o‘zi yo‘q, ichkarida hojatxonalar ishlamaydi.


“Bu kollej binosi hozir maktabning ixtiyoriga o‘tgan. Uchinchi kurslar va bizning 13 ta sinf o‘quvchilari shu kollej binosida o‘qishadi. Kollejning yotoqxonasi bor. Qariyb 15 nafar kollej o‘quvchisi shu yotoqxonada turardi. Bu yerda ichimlik suvning o‘zi yo‘q, ichkarida hojatxonalar ishlamaydi. Kasal odam baribir hojatga tashqariga chiqadiku! Virus uchib 40-50 metr yaqindagi uylarda yashaydigan aholiga yuqmaydi deb, kim kafolat bera oladi. Bugundan boshlab xonalarni jihozlashga kirishishdi. O‘qituvchilar borib norozilik bildirsa, hammasini haydab chiqarishyapti”.

Qo‘shminor mahallasining ismi qolishini so‘ragan faollaridan birining aytishicha, mahalla ahli bildirayotgan norozilikni tuman hokimligi inobatga olmayapti:

Deputatimiz ham kelib, norozilik bildirdi. Bor yo‘g‘i 28 odam, hech narsa bo‘lmaydi, deyishdi.


“Bugun ertalab tuman hokimligi va IIBdan kelishib, ana shu yotoqxonaga joy qilamiz, dedi. Mahallamiz raisi “bu qishloqning o‘rtasi, xavf katta bo‘ladi, boshqa joy yo‘qmi" desa, "yo‘q”, deyishdi. Deputatimiz ham kelib, norozilik bildirdi. Bor-yo‘g‘i 28 odam, hech narsa bo‘lmaydi, deyishdi. Yotoqxonaning shunday oldida 70 ta zamonaviy kottej bor, orqasida ham, yonlarida ham uylar bor. Odamlar raisimizga murojaat qilib, qo‘ymang deb talab qilyapti. Raisning esa gapi hokimlikka o‘tmayapti”.

Pop tuman hokimligidagi karantin masalalari bo‘yicha mas’ul shaxs Ismoil Hayitboyev Ozodlikning bu mavzudagi savolini eshitishi bilan aloqani uzib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Pop tuman hokimligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, karantinga olinayotganlarga joy qolmagani sababli, hokimlik qishloq o‘rtasidagi yotoqxonani tayyorlashga majbur bo‘lgan:

Vaziyat jiddiy. Qo‘shminorga ilojsizlikdan vaqtincha joylashtiryapmiz.


“Karantinga olishga joy qolmadi. Yuqumli kasalliklar kasalxonamiz bor edi, to‘ldi. Xalqobodda kollej bor edi, u ham to‘ldi. Charter reys bilan olib kelinganlar ham bor, kasalxonaning o‘zida yuqtirib olib, uyiga kelib oila a’zolari bilan muloqotda bo‘lganlar ham bor. Uyg‘ur qishlog‘ida beshta mahalla tamoman karantinga olingan. Vaziyat jiddiy. Qo‘shminorga ilojsizlikdan vaqtincha joylashtiryapmiz. Atrofi izolyatsiya qilinadi. Toshkent yo‘lida, harbiy qism yonida konteyner kasalxona qurilyapti, bir haftada bitib qolsa kerak. Keyin o‘sha yerga ko‘chiramiz”.

Namangan viloyatidagi ismi sir qolishini so‘ragan infeksionist vrachlardan birining aytishicha, aholi zich yashaydigan qishloq yaqinida karantin hudud tashkil qilish sanitariya talablariga ziddir:

"Bunday karantin hududlar aholi yashaydigan joydan kamida besh kilometr uzoqlikda bo‘lishi kerak. Qishloq o‘rtasida bunday karantin zonalarini tashkil qilish, virusni yuqtirish ehtimolini yana bir necha karra oshiradi".

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozarov, 12 aprel kuni aholiga murojaat qilib, vaziyat jiddiy ekanligi, karantin kuchaytirilgani haqida gapirgan edi.

Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 13 aprel soat 06:00 dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatildi.​

XS
SM
MD
LG