Линклар

Шошилинч хабар
20 октябр 2020, Тошкент вақти: 22:46

Tojikistonda mashhur oshpazning janozasi uning jasadisiz o‘qildi


Shodmon Rajabov Shahriston dovonidagi oshxonalardan birining xo‘jayini edi.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati Shahriston tumanida xalq orasida “Shodmoni Tanurkabob” nomi bilan mashhur bo‘lgan oshpaz Shodmon Rajabovning janozasi marhumning jasadisiz o‘qildi. Bu haqda Ozodlik radiosi tojik xizmatiga 14 aprel kuni janozada ishtirok etgan ayrim shaxslar ma’lum qildi.

Janozada marhumning jasadi bo‘lmagani odamlarni hayratga solibgina qolmay, balki 62 yoshli Shodmon Rajabov koronavirusdan o‘lgani to‘g‘risidagi shubhalarni ham kuchaytirdi.

Avvalroq ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “Shodmoni Tanurkabob” koronavirusdan o‘lgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

So‘g‘d viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Shodmon Rajabov o‘limini tasdiqladi, ammo o‘limga koronavirus emas, sil kasalligi sabab bo‘lganini bildirdi. So‘nggi kunlarda mashxur oshpaz Jabbor Rasulov tumanidagi Dehmoy qishlog‘idagi sil kasalliklari shifoxonasida davolanayotgan edi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiysi Rajabovning barcha oila a’zolari sog‘-salomat ekanligini ta’kidladi.

Janoza marhumning jasadisiz o‘qilganini Ozodlik radiosi tojik xizmatiga shahristonliklar ma’lum qildi. O‘z nomini sir saqlashni iltimos qilgan shahristonliklardan birining aytishicha, janoza namozini o‘qish 11 aprel soat 14ga belgilangan edi.

“Juda ko‘p odam keldi. Lekin jasad solingan tobut ko‘rinmadi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, marhumni ertalabki soat 10da Dehmoy qishlog‘idagi kasalxona xodimlari dafn qilib bo‘lishgan ekan”,-dedi suhbatdosh.

Yana bir shahristonlik esa, Shodmon Rajabovning jasadini vrachlar polietilen qopga solib dafn qilishganini aytdi.

“Xalqimiz juda hurmat qilgan Shodmoni Tanurkabobning qabri qayerda ekanligini hech kim bilmaydi”,-dedi u.

Shahriston tuman kasalxonasi bosh vrachining o‘rinbosari Mahmudjon Ostonaqulov Shodmon Rajabov sil bilan og‘riganini, shuning uchun u davolanish uchun Dehmoy qishlog‘idagi kasalxonaga jo‘natilganini aytdi. Bosh vrach o‘rinbosari “Shodmon Rajabovning xotini ham o‘lgani” to‘g‘risidagi xabarni inkor qildi.

“Marhumning xotini va bolalari uyda o‘tirishibdi, karantinda emas. Mening bilishimcha, ularning hammasi sog‘-salomat”, - dedi Mahmudjon Ostonaqulov.

Unga ko‘ra, Shodmon Rajabovdan olingan analizlar va uning vrachlar ko‘rigidan o‘tgani to‘g‘risidagi xulosalar Tojikiston Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligiga jo‘natilgan.

Shodmon Rajabov Shahriston dovonidagi oshxonalardan birining xo‘jayini edi. Uning oshxonasi mazali “tandir kabob”lari bilan tanilgan.

Joriy oyda Jabbor Raulov tuman kasalxonasida karantinda saqlanayotgan bemorlar vafot etgani qayd etilgan edi. 13 aprelda Boxtar shahridagi B. Voxidov nomidagi kasalxonaning 58 yoshdagi farroshi ham vafot etgani xabar qilingan. Xabarda aytilishicha, bu farrosh qo‘shimcha haq evaziga kasalxonaning karantinga olingan hududida ishlagan.

Ayni paytda Tojikiston hukumati bu bemorlar koronavirusdan o‘lganini rad etib kelmoqda. Tojikistonda rasman shu kungacha koronavirusga chalingan bemorlar aniqlangani ma’lum qilinmagan.

XS
SM
MD
LG