Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:20

Qozog‘istonning bir qop uni 200 000 so‘mdan oshdi, mahalliy unga esa navbatlar ko‘paydi


Andijonning Asaka tumanida aholi karantinga qaramay mahalliy unga navbatda turmoqda.
Andijonning Asaka tumanida aholi karantinga qaramay mahalliy unga navbatda turmoqda.

O‘zbekiston hukumatining mamlakatda oziq-ovqat zaxiralari yetarli ekani, karantin davrida narx-navo oshirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, narxlarni oshirganlar ma’muriy¸ hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi haqidagi ogohlantiruvlariga qaramay¸ aholi eng ko‘p iste’mol qiladigan unning narxi so‘nggi uch kun ichida keskin oshib ketdi.

Bir hafta avval bir qopi 170-180 ming so‘mdan sotilgan Qozog‘iston uni narxi 200 ming so‘mdan tepaga ko‘tarildi.

Narxi chetdan keluvchi qozoq unidan deyarli teng yarimga arzon bo‘lgan mahalliy un esa do‘konlarda taqchillashgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda karantinga qaramay ba’zi do‘konlar oldida arzon mahalliy unga navbatlar paydo bo‘lgani aks etgan suratlarni ko‘rish mumkin.

Rasmiylar esa aholini "un vasvasasiga uchmay" karantin qoidalariga rioya qilishga chaqirmoqda.

Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarining yirik dehqon bozorlari va mahallalardagi oziq-ovqat do‘konlari oldida odamlarning mahalliy unga uzundan - uzun navbati aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlandi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan aholi vakillari oziq-ovqat do‘konlariga cheklangan miqdorda olib kelinayotgan mahalliy un chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketayotganini aytishadi.

Andijon viloyat, Asaka tuman, Ne’matobod mahallasida yashovchi aholi vakillaridan biri - ayolning Ozodlikka aytishicha, 15 aprel kuni 5 ming odam istiqomat qiluvchi mahallaga 30 qop un olib kelingan:

- Shu o‘ttiz qop unni ham uddaburronlar bir odamning uyiga tushirib, yashirishdi. Qo‘lma-qilib erkin narxda sotishyapti. Kamdaromad aholi, qariyalar, ko‘p bolalilar unsiz qoldi. Hech kim buni nazorat qilayotgani yo‘q.

Andijonning Asaka tumanida unga navbat.
Andijonning Asaka tumanida unga navbat.

Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida ham mahalliy unga navbatlar ko‘paydi.

- Un do‘konlarda tez tugab qolyapti. Sanoqli odamlarga sotilib, qolganini chayqovchilar qimmatga qopini 160-200 ming so‘mdan pullayapti. Bularning izini tekshiruvchilar bormi?. O‘zimizda un zavodi bo‘laturib, bir xalta un ololmasak, - dedi sho‘rchilik keksa.

Surxondaryo viloyat, Angor tumanidan OzodMikrofonga qo‘ng‘iroq qilgan Erkin Gapparov ham, karantin boshlanganidan beri savdo do‘konlaridan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan unni topish imkonsiz bo‘lib qolganidan arz qildi.

“Оғзини тўлдириб “ун танқис бўлмайди” деган раҳбарлар, ун қани!”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:28 0:00
Бевосита линк


O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi do‘konlarda un tanqisligi sezilmaydi. Lekin, so‘nggi uch kunda qozoq unining narxi poytaxtda ham oshdi.

- Asosan qozoq uni olishlari bois mahalliy unga extiyoj yo‘q. Toshkentda. Bir qop qozoq uni 200 ming atrofida bo‘lyapti, - dedi Toshkentning Farhod bozorida savdo qiluvchi tadbirkor.

Viloyatlardagi oziq-ovqat do‘koni xodimlari esa mamlakat bo‘ylab transport vositalarining harakatlanishiga 30 martdan qo‘yilgan cheklovlar sabab yetarli miqdorda un olib kelinmayotganini aytishdi.

- 30 martdan keyin mahsulot kelishi kamaydi. Hozir asosan avvaldan qolgan narsalar sotilyapti. Un, yog‘ kelishi kamaydi. Kelgani shu kuni sotilyapti. Shunga navbatlar ko‘p, - dedi Andijon shahrining Dehqon bozoridagi oziq-ovqat do‘koni sotuvchisi.

Ammo, O‘zbekistonda oziq-ovqat ortilgan yuk mashinalarining qatnoviga cheklov qo‘yilmagan. Ular nazorat-o‘tish maskanlarida dezinfeksiya qilinganidan so‘ng boshqa viloyat va shaharlarga kiritilmoqda.

Ozodlik mahalliy un taqchillashgani haqidagi xabarlarga izoh olish uchun "O‘zdonmahsulot" hissadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Dilnavoz Aslanovaga bog‘landi.

Aslanova rahbariyati bilan masalani obdon o‘rganib, bu haqda matbuotga izoh berishini aytdi.

- Hozir uydan ishlayapimiz. Men bu masalani boshliqlar bilan o‘rganib, bu haqda keyinroq izoh beraman, - dedi Aslanova.

Asaka tumanining Ne’matobod mahallasida mahalliy unga navbat.
Asaka tumanining Ne’matobod mahallasida mahalliy unga navbat.

Kungaboqar yog‘i va go‘sht ham qimmatladi

O‘zbekistonda boshqa eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ham ko‘tarildi.

Bir hafta avval 50 ming so‘m bo‘lgan mol go‘shti narxi 65 ming so‘mga yetgan. Xorijiy kungaboqar yog‘ining bir litri 10 ming so‘mdan 15 ming so‘mga oshgan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar narxlar oshishiga koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli import qisqargani, O‘zbekiston ichki valyuta bozorida so‘mning qadrsizlanganini sabab sifatida keltirishdi.

- Asosan chetdan keltiriladigan kungaboqar yog‘i, qozoq uni oshdi. Hozir dollar 10 ming so‘mdan tepada. Chetdan olib kelinadigan mahsulotlarga dollarda hisob-kitob qilinadi. Shuning fonida go‘sht ham oshdi, bu tabiiy. Narx-navo yana oshadi, deyishyapti. Shunga odamlar shu mahsulotlarni g‘amlashyapti, - deydi andijonlik tadbirkor.

O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi oy boshiga nisbatan 5,5 foizga oshib, 15 aprel kuni 10 121 so‘mni tashkil etdi.

Bank 15 aprel kuni o‘tkazgan onlayn brifingda milliy valyuta almashuv kursiga ta’sir ko‘rsatgan omillar eksport tushumlari hajmining kamayishi (mart oyida fevralga nisbatan 10 foizga); transchegaraviy pul o‘tkazmalarida ham pasayish tendensiyasining kuzatilishi; asosiy savdo hamkorlar hisoblangan qo‘shni davlatlar va Rossiyada milliy valyuta kurslarining sezilarli darajada qadrsizlanishi ekani aytildi.

Ayni paytda hukumat rasmiylari aholini "har-xil vasvasalarga uchmay karantin qoidalariga rioya qilishga" chaqirmoqda.

O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi mamlakatda oziq-ovqat za[iralari yetarli ekani, odamlar o‘z sog‘ligini xavf-hatarga qo‘ymasligi kerakligini aytdi.

- Oldin kartoshka deb odamlar koronavirus xavfiga qaramay tumonat orasiga kirishdi. Endi un vasvasasi. Har kim yetarlisini olib, uyda o‘tirsa, o‘zini xavfga qo‘ymasa yaxshi bo‘lar edi, - Davlat Soliq qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi.

O‘tgan oy ohirida O‘zbekistonning ba’zi bozorlarida kartoshkaning kilosi qisqa vaqt ichida 3 ming so‘mdan 9 ming so‘mga ko‘tarilib, ur-yiqitga sabab bo‘lgandi.

Hozir esa bozorlarda kartoshka 4-5 ming so‘mdan sotilmoqda.

Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan mahalliy bozorlarda yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Oziq-ovqat savdosi¸ ta’minoti bilan bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor¸ xususan¸ joriy vaziyatda narxlar oshish jarayonni nazorat qilishga mas’ul ishchi guruhga aloqador bo‘lsangiz¸ vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.

XS
SM
MD
LG