Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:08

Turkmanistonda oziq-ovqat tanqisligi kuchaymoqda. Norozilarni "qamab qo‘yish" bilan qo‘rqitishmoqda


Turkman politsiyachilari oziq-ovqat olib ketayotgan avtomashinani tekshirmoqda.
Turkman politsiyachilari oziq-ovqat olib ketayotgan avtomashinani tekshirmoqda.

Turkmanistonning ko‘pgina hududlarida un, non, tovuq go‘shti, shakar va o‘simlik yog‘i tanqisligi kuchaymoqda. Huquq-tartibot idoralari oziq-ovqat yetishmovchiligidan jamoat bo‘lib shikoyat qilayotganlarni bosim ostiga olmoqda.

72 qadamga cho‘zilgan navbat

Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbiri Ashxobodda 14 aprel kuni yog‘, tovuq go‘shti va shakar sotgan davlatga qarashli do‘konlardan biridagi voqeani tasvirlab berdi

Muxbirning aytishicha, bu mahsulotlarni sotib olish uchun do‘kon oldida 200 kishidan iborat navbat paydo bo‘lgan.

Muxbir navbatni qadamlab o‘lchab chiqdi va “Uch qator odamlardan iborat navbatning uzunligi 72 qadam bo‘ldi”, deb ma’lum qildi.

"Soat 8da savdo boshlandi, 9:30da yog‘ tugadi"

Ozodlik radiosi turkman xizmati xavfsizlik nuqtai nazaridan bu davlat do‘konining raqami va manzilini oshkor etmaydi.

Muxbir asosiy ko‘cha tomonidan ko‘rinmasligi uchun navbat do‘konning orqa eshigida paydo bo‘lganini aytdi.

“O‘simlik yog‘i, tovuq go‘shti va shakar savdosi ertalab soat 8da boshlandi. To‘qqiz yarimda yog‘ tugadi. Keyin tovuq go‘shti ham sotib bo‘lindi. Eng oxiri shakar tugadi”, - dedi Ozodlik muxbiri.

Bir odam faqat ikki buxanka non sotib olishi mumkin

Ozodlik radiosi turkman xizmatining Ashxoboddagi yana bir muxbiri davlat magazinlarida non sotib olishga cheklov o‘rnatilganini bildirdi. Unga ko‘ra, bir odamga faqat ikki buxanka non sotilmoqda. Suyakli mol go‘shti narxi esa 38 manatni tashkil etmoqda ( rasman 3,5 manat 1 dollar).

Ozodlik radiosi turkman xizmati muxbirlaridan yana biri Axal viloyatining Tejen shahrida non tanqisligi haqida xabar berdi.

“Shahar non ishlab chiqarish korxonasi qoshidagi davlat ulushi mavjud bo‘lgan do‘konlarga non bir kunda bir marta-ertalab olib kelinadi”,- dedi muxbir.

Uning aytishicha, non sotib olish uchun har kuni uzundan uzoq navbatlar paydo bo‘ladi:

“Xususiy do‘konlarda non paydo bo‘lishi bilan, uni odamlar talamon qilib sotib olishadi. Holbuki, xususiy do‘konlarda non 3-5 manatga qimmatroq sotiladi”,- deb ta’kidladi muxbir.

Unga ko‘ra, Tejen aholisi orasida Iste’molchilar jamiyatiga qarashli novvoyxona mahsulotlariga talab kuchli edi. Ammo jamiyat rahbari novvoyxonada non sotishni taqiqlab qo‘ygan. Endilikda bu shirkat mahsulotini davlat va xususiy do‘konlar joylashgan savdo markazidan sotib olish mumkin.

"Oziq-ovqat tanqisligidan shikoyatlarga e’tibor bermaslik tavsiya qilingan"

Mamlakat oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechirayotgan bir pallada Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 3 aprel kuni savdo sohasiga mutassaddi bo‘lgan o‘rinbosari Chori Gilijovga xayfsan e’lon qildi. Ayni paytda hukumatga qaram bo‘lgan matbuot Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi mavjudligi borasida xabar bermaydi.

Ozodlik radiosi turkman xizmatiga joy-joylardan oziq-ovqat yetishmovchiligidan jamoa bo‘lib shikoyat qilganlarga nisbatan huquq-tartibot idoralari bosimlari kuchayib borayotgani haqida ham xabarlar kelmoqda.

“Turkmaniston hukumati Milliy xavfsizlik vazirligi va prokuraturaga fuqarolarning un va yog‘ taqchilligi to‘g‘risidagi shikoyatlariga e’tibor qaratmaslik to‘g‘risida ko‘rsatma bergan”, - deb bildirdi Ozodlik radiosi turkman ximzati muxbiri hukumatdagi o‘z ishonchli manbasiga tayangan holda.

Muxbirning 14 aprelda xabar berishicha: “Farap tumanidan bo‘lgan yuzdan ortiq ayol hokimlikka un bilan yordam berishni iltimos qilib borgan, ammo ular hech bir natijaga erishmay uylariga qaytgan”.

Muxbirning aytishicha, mahalliy hokimiyat rasmiylari ayollarga “shikoyat qilishni to‘xtatish” maslahatini bergan, aks holda ularning har biri 15 sutkaga qamalishini bildirishgan.

Norozilarga 2 kilodan un tarqatildi

Bundan avval Turkmaniston hokimiyat idoralari oziq-ovqat yetishmovchiligidan g‘azablangan kishilar namoyishini ularga un qopchalarini tarqatish bilan bostirgani xabar qilingandi.

“Ozodlik” radiosi turkman xizmati bergan xabarga ko‘ra, 3 aprelda Turkmanistonning janubi-sharqidagi Marv viloyatida hukumat subsidiya ajratadigan un va o‘simlik yog‘i yetishmovchiligiga qarshi 30 dan oshiq ayol norozilik bildirgan.

Namoyishchilar Marv shahri g‘arbida yig‘ilib, poytaxt Ashxobodga olib boradigan trassani qisqa vaqt to‘sib qo‘ygan, keyinchalik viloyat ma’muriyati binosi tomon yurish qilgan.

Biroq norozilik mahalliy hokimiyat vakillari har bir ayolga 2 kilogrammlik qopchalarda un tarqatgandan so‘ng nihoyasiga yetgan.

Turkmaniston aholisi uch yildan beri oziq-ovaqt mahsulotlari taqchilligidan aziyat chekib keladi. Biroq yaqinda koronavirus pandemiyasiga qarshi choralar ko‘rish maqsadida ijtimoiy sog‘liqni saqlash sohasida joriy etilgan cheklovlar Turkmanistonda oziq-ovqat ta’minoti tarmog‘i ishini mushkul ahvolga solib qo‘ydi.

Cheklovlar mamlakat ichidagi yo‘llarni yopish, chegaradagi o‘tish joylarini to‘sish va qo‘shni mamlakatlardan oziq-ovqat importi qilinishiga cheklov joriy qilishdan iborat.

Turkmanistonning mintaqadagi eng ko‘p koronavirus tarqalgan Eron bilan 1150 kilometrlik umumiy chegarasi bor.

Lekin rasmiy Ashxobod mamlakatda biror kishi ham koronavirusni yuqtirmaganini aytmoqda. Bu hol Ashxobodning kasallik haqidagi ma’lumotlari ishonchli ekaniga shubha uyg‘otmoqda.

XS
SM
MD
LG