Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:22

Leningradda koronavirus yuqtirgan kamida 35 muhojir orasida o‘zbeklar bo‘lishi mumkin. Ular kasalxonaga yotqizilmadi (VIDEO)


Rossiyada hozirgi kunda COVID-19ga chalinganlar soni rasman 28 ming kishi, deb e’lon qilindi.
Rossiyada hozirgi kunda COVID-19ga chalinganlar soni rasman 28 ming kishi, deb e’lon qilindi.

Rossiyaning Leningrad viloyati Vsevoljsk tumani Novosergiyevka posyolkasidagi yotoqxonada kamida 35 nafar mehnat muhojirida koronavirus aniqlandi. Bu yotoqxonada tumandagi qurilishlarda ishlayotgan, jumladan, IKEA savdo markazini ta’mirlashda ishtirok etayotgan mehnat muhojirlari yashaydi. Bu haqda mahalliy hokimiyat rasman ma’lum qildi.

Ozod Yevropa-Ozodlik va Amerika ovozi radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lgan “Nastoyashchee vremya» telekanalining xabar berishicha, ayni paytda yotoqxonani kunu tun Rossiya Milliy gvardiyasi va politsiya xodimlari qo‘riqlamoqda. Yotoqxona yashovchilarini ko‘chaga chiqarishmayapti. Bu yerda yashaydigan mehnat muhojirlarini kasalxonaga yotqizishdan hozircha bosh tortildi.

Mehnat muhojirlari qaysi davlat fuqarolari ekani ochiq aytilmadi.

Kun.uz nashrining yozishicha, muhojirlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bo‘lishi mumkin.

“Yotoqxona ichidan olingan fotosuratlarda eshikka yopishtirilgan e’lonlar ham bor. Ular o‘zbek tilida yozilganini inobatga olsak, muhojirlar ichida vatandoshlarimiz ham bo‘lishi mumkin”, deb yozgan nashr yotoqxona ichkarisidan olingan o‘zbek tilidagi e’lonlar suratlarini ham chop etgan.

Mahalliy hokimiyat “noqonuniy faoliyat yuritgan” deb hisoblayotgan mazkur yotoqxonani Rospotrebnadzor, tergov qo‘mitasi va politsiya 11-12 aprel kunlari o‘tkazgan qo‘shma amaliyot paytida aniqlagan. Ayni mana shu reyd davomida sanitar vrachlar yotoqxonada yashayotgan muhojirlarda koronavirus alomatlarini topgan.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, koronavirus yuqtirgan 35 kishi bilan birgalikda bu yotoqxonada yana 154 muhojir yashamoqda.

“Bu yotoqxona xo‘jayini bu yerda yashovchilarni oziq-ovqat va yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga oldi”,- deb bildirdi mahalliy rasmiylardan biri Vladimir Grechits.

Yotoqxonada qancha odam yashagani va ulardan qanchasi koronavirusga chalingan bo‘lishi mumkinligi hozircha noma’lum qolmoqda. Mahalliy hokimiyatga ko‘ra, bu yerda jami 472 odam yashab ketgan.

“Hozirgi kunda ularning barchasini tekshirilmoqda. Birinchi tekshiruvda koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lganlarning 50 foizi, ikkinchi tekshiruvda 10 foizi aniqlandi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Mahalliy hokimiyat yotoqxona atrofidagi hududni dezinfeksiya qildi. Mutaxassislar yotoqxona yaqinidagi oziq-ovqat do‘koni oldini ham dezinfeksiyadan o‘tkazdi. Ammo sotuvchining aytishicha, do‘konning ichi dezinfeksiya qilinmadi.

Oziq-ovqat do‘koni oldida novvoyxona ham joylashgan. Novvoyxonada ishlovchilar ham bu yer dezinfeksiya qilinmaganini aytmoqdalar.

Leningrad viloyat gubernatori mehnat muhojirlari yashaydigan yotoqxonada koronavirus aniqlangani to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirar ekan,bu voqeani “infeksion bomba”, deb atadi.

Leningrad viloyatida shu kungacha koronavirus yuqtirgan 190 bemor aniqlangan.

Rossiyada hozirgi kunda COVID-19ga chalinganlar soni rasman 28 ming kishi, deb e’lon qilindi. So‘nggi 24 soatda 34 bemor o‘ldi. Bu bilan Rossiyada koronavirusdan o‘lganlar soni 232 kishiga yetdi.

XS
SM
MD
LG