Линклар

Шошилинч хабар
13 июл 2020, Тошкент вақти: 09:46

Prezident karantin choralarini yumshatish, tadbirkor va fermerlarga 10-20 oilani boqish ko‘rsatmasini berdi


Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, “Saxovat va ko‘mak” harakatida tadbirkorlarning ishtirok etishi muhim.

O‘zbekistonda koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20 aprelda o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ko‘rsatma berdi.

Bundan tashqari prezident tadbirkorlarga har bir mahallada 10-20ta muhtoj oilaga oziq-ovqat va moddiy jihatdan ko‘maklashish to‘g‘risida topshiriq berdi.

Videoselektorda qurilish ishlarini qayta jonlantirish va qurilish sur’atini susaytirmaslik haqida ham gapirildi.

Qaysi hududlarda karantin choralari yumshatilishini Respublika komissiyasi aniqlaydi

Prezident Mirziyoyevning aytishicha: “O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasiga qarshi o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ko‘plab hududlar bu xavfdan saqlab qolindi. Shunga qaramay, aksariyat viloyat va tumanlarda korxonalar o‘z ishini to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Bu holat hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga, oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga salbiy ta’sir qilmoqda”.

Shundan kelib chiqqan holda, Shavkat Mirziyoyev 20 aprelda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi.

Faoliyati tiklanadigan ob’yektlarda ishlar sanitariya-gigiena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.

Yig‘ilishda aynan qaysi viloyat, shahar yoki tumanlarda karantin choralari yumshatilishi aniq aytilmadi. Bu hududlarni Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tuzilgan Respublika komissiyasi aniqlashi lozim.

Prezident 10-20ta oilani boqqan tadbirkor va fermerlarga imtiyozlar va’da qildi

Bundan tashqari prezident tadbirkorlarga har bir mahallada 10-20ta muhtoj oilaga oziq-ovqat va moddiy jihatdan ko‘maklashish to‘g‘risida topshiriq berdi.

– Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, “Saxovat va ko‘mak” deb ataladigan mazkur umumxalq harakatida “yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim”.

Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.

“Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi”, - deb aytgan prezident.

Yig‘ilishda, shuningdek, vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligi ta’kidlandi.

Qurilishlar hajmini kamaytirmaslik topshirig‘i berildi

Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanishicha, qurilish sohasida 1 million 325 ming kishi ish bilan ta’minlangan. Shuning uchun karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik shart bo‘ladi. Buning uchun qurilish sohasiga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

“Joriy yilning birinchi choragida qurilish ishlari hajmi 6,5 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davridan 4 foizli bandga orqada qolmoqda”, deb bildirildi yig‘ilishda.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligiga soha korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning harakatlanishiga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

“Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga kreditlarning foiz xarajatlarini qisman qoplash va kredit summasining 50 foizigacha kafolat berish mexanizmi joriy etilishi belgilandi.

Yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga uzaytirish, shuningdek, ipoteka kreditining eng yuqori chegarasini bozor talablari asosida ko‘paytirish kerakligi qayd etildi”, deyiladi rasmiy xabarda.

XS
SM
MD
LG