Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:16

Neft 1 sentdan ham arzonlab ketdi. Dunyoda nimalar bo‘lyapti o‘zi?


20 aprelda koronavirus bilan bog‘liq izolyatsiya oqibatida AQShda neft bahosi keskin darajada tushib ketgandan so‘ng global iqtisodiyot yana bir zarbaga uchradi.

Butun dunyodagi fond bozorlari ishonchsiz va o‘zgaruvchan bo‘lib qoldi. Bunga Amerikaning neft bo‘yicha fyuchers shartnomalarini sotib olgan treyderlar xaridorlarga sotib olgan neftni olib ketishi uchun pul to‘lagani sabab bo‘ldi.

Bu tarixda birinchi marta AQShda qazib olinayotgan neftning bahosi 0 dollar bo‘lishiga olib keldi.

Brent Crude va Rossiyada qazib olinayotgan Urals neftining bahosi ham Qo‘shma Shtatlarda neft narxlari salbiy ko‘rsatkichga tushib ketgandan so‘ng sezilarli tarzda pasaydi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoda neftga bo‘lgan talabni pasaytirib yubordi, natijada barcha joylardagi neft omborlari limmo-lim to‘lib, ortiqcha taklifni vujudga keltirdi.

Bozorning taklif va talab qonuniyatidan kelib chiqib, treyderlar may va iyunda neft sotib olish uchun fyuchers shartnomalarini imzolaydigan xaridorlarni topishga qiynalib qoldi.

Oqibatda neft uchun fyuchers shartnomalari pastga sho‘ng‘idi.

Shimoliy dengizdan qazib olinayotgan 1 barrel Brent Crude navli neftning taxminiy narxi 21 aprelda, ya’ni bir kechada taxminan 12 dollargacha tushdi. Iyunda yetkazib beriladigan neft bahosi 18 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich – 17 dollardan ham quyi bo‘ldi.

Bu neftning joriy yil yanvarida sotilganiga nisbatan 60 foizdan ko‘proq pasayganini anglatadi.

Brent Crude neftini tashish AQShdagi shunga o‘xshash neftdan oson va arzonroqdir, chunki u Shimoliy dengizdan bevosita qazib olinadi.

G‘arbiy Texas o‘rta nefti (West Texas Intermediary – WTI) – AQShdagi yengil neftning etalon indeksi 20 aprelda tarixda ilk marta salbiy ko‘rsatkichga tushib ketib, may fyucherslarining bir barreli minus 40 dollardan sotildi.

WTI narxi 21 aprelda bir oz tiklandi va tushdan keyingi savdolar boshlanishidan oldin 1 dollarga chiqdi. O‘shangacha minus narxlarda sotilayotgan edi.

Qisqasi, neftga talab past bo‘lgan paytda uning taklifi keragidan ortiqcha bo‘lmoqda, neft kompaniyalarining esa neftni saqlaydigan joyi qolmadi.

Shu tariqa ayrim treyderlar 20 apreldan boshlab, xaridorlarga qo‘lidagi neftdan qutulish uchun pul to‘lay boshladi.

Shu o‘rinda, neftning salbiy bahosi nima, degan savol tug‘iladi.

Shu soha biznesi bilan shug‘ullanadigan kishilar hech qachon neftning bahosi salbiy bo‘lganini ko‘rmaganini aytmoqda.

Ular fikricha, neftning salbiy bahosi ma’nosi shuki, neft omborlari va quvurlaridan kelayotgan neftni saqlaydigan joy bo‘lmagani uchun treyderlar uni olib ketish uchun xaridorlarga pul to‘laydi, lekin bu uzoq davom etishi mumkin emas.

Neft narxlarining koronavirus bilan bog‘liq tarzda pasayib ketishi Rossiyaning neft va tabiiy gaz bahosiga qaram iqtisodiyotiga juda katta ziyon keltirdi.

Rossiyaning Urals nefti narxi Brent Crudening global narx indeksiga qarab belgilanadi. Odatda u Brent Crudedan bir necha dollar past yuradi.

WTI va Brent Crude narx ko‘rsatkichlarining pasayishi Rossiya neftining ham narxi keskin tushib ketishini anglatadi.

Ko‘plab treyderlar 12 aprelda Saudiya Arabistoni bilan Rossiyaning OPEC+ formatida neft qazib olishni kamaytirishga kelishgani unga bo‘lgan global talab misli ko‘rilmagan darajada tushib ketganini qoplay olmasligidan xavotirda.

Neft bozorlari treyderlari OPEC+ bitimiga ehtiyotkorlik bilan javob qaytardi.

Ayni paytda Rossiyaning fond bozori ham, rubl narxi ham pasaymoqda. Rossiya fond bozorlarida neft aksiyalari juda ko‘p qiymat yo‘qotdi.

21 apreldagi ertalabki savdolarda RTS indeksi 4,3 foiz, MOEX indeksi esa 1,8 foiz pasaydi.

Rossiya rubli esa 21 aprel ertalab bir kunlik oldingi qiymatinng 2 foizini yo‘qotdi. Uning narxi o‘sha kuni yana pasaydi.

XS
SM
MD
LG