Линклар

Шошилинч хабар
10 июл 2020, Тошкент вақти: 02:59

Fatvo: Koronavirusdan o‘lgan odam shahid. Masjidlarni spirt bilan dezinfeksiya qilish va ro‘za tutmaslik mumkin


Fatvoda shifokorlar ro‘za koronavirusga chalinish va u orqali halok bo‘lish xavfini kuchaytiradi degan taqdirda va bu narsa ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topganda, ro‘za tutmaslik mumkin bo‘ladi, deb qayd etiladi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi rasmiy veb portali Al-azhar xalqaro elektron fatvo markazining koronavirusga oid fatvolarini e’lon qildi.

Fatvoda aytilishicha, koronavirusdan vafot etgan kishi shahid maqomida bo‘ladi. Shuningdek, fatvoda “mast qilmaydigan spirt” halol bo‘lishi ta’kidlagan va bunday spirt bilan masjidlarni dezinfeksiya qilishga ruxsat berilgan.

Fatvoda shifokorlar ro‘za koronavirusga chalinish va u orqali halok bo‘lish xavfini kuchaytiradi degan taqdirda va bu narsa ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topganda, ro‘za tutmaslik mumkin bo‘ladi, deb qayd etiladi.

Fatvoda, jumladan, "Koronavirus sababidan o‘lgan kishi shahidmi?" degan savolga ham javob beriladi.

Al-azhar xalqaro elektron fatvo markazining ta’kidlashicha, koronavirus sababidan vafot etgan kishi shahid maqomida bo‘ladi va unga shahidlar ajri beriladi.

Koronavirus bilan o‘lgan mayyitni yuvishning hukmi haqida so‘z borar ekan, fatvoda: "Odatda vafot etgan musulmon g‘usl qildirilib, kafanlanib, janozasi o‘qiladi, lekin vabo tarqalgan va meditsina mayyitni ushlagan tiriklarga o‘tishini isbotlab turgan bir vaqtda mayyit ustidan suv quyilib, uni ishqalamasdan biror chora qilib suv yetkazilishi kifoya qiladi. Bunda g‘assolga kasallik yuqmasligi uchun maxsus kombinezon kiydirish, xonani dezinfeksiyalash kabi mutaxassislar tomonidan beriladigan barcha choralar qo‘llanishi kerak bo‘ladi", deb aytiladi.

Azhar fatvo markazi spirt bilan dezinfeksiya qilingan masjidda namoz o‘qish joizligini ham bildirgan.

Fatvoda aytilishicha, har qanday spirt deb ataluvchi modda ham mast qiluvchi bo‘lavermaydi. Mast qilmaydigan spirt pok hisoblanadi. Shuning uchun u bilan badanni va turli yuzalarni dezinfeksiyalash mumkin bo‘laveradi.

"Markazga ko‘ra spirtni tibbiy tomondan tozalashda ishlatish mumkin va u bilan turli yuzalarni, jamoat joylarini va masjidlarni tozalashning zarari yo‘q. Kiyimi, badani yoki joynamoziga spirt tekkan odamning namozi durust bo‘ladi", deyiladi fatvoda.

Azharning xalqaro elektron fatvolar markazi "shifokorlar ro‘za koronavirusga chalinish va u orqali halok bo‘lish xavfini kuchaytiradi degan taqdirda va bu narsa ilmiy jihatdan o‘z tasdig‘ini topganda, ro‘za tutmaslik mumkin bo‘ladi", deb bildirgan. Ayni paytda markaz ro‘za kasallikka chalinishga sabab bo‘lishi mumkinligi "hozirgacha ilmiy tasdig‘ini topgan emas", deb qayd etgan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida tarovih namozlarining hukmi haqida fatvoda quyidagilar aytiladi:

"Mashhur Islom da’vatchisi Mabruk Atiyyaga ko‘ra tarovih namozlarini uyda ado etish masjidlarda ado etishdan afzaldir. Chunki tarovihning hukmi sunnat bo‘lib, sunnatlarni uyda ado etish masjidda ado etishdan yaxshiroqdir. Olimning ta’kidlashicha, yig‘ilish musulmonlarga zarar yetishiga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, namoz uchun yig‘ilmaslik kerak. Koronavirus sababli masjidlar farz namozlari uchun yopilgan bir paytda sunnat namozlar uchun ochilmasligi o‘z-o‘zidan tushunarli".

XS
SM
MD
LG