Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:44

O‘zbek musavvirasi pandemiya davridagi Toshkentni suratlarda aks ettirdi


O‘zbekistondagi karantinga atab chizilgan rasm. Rassom Anna Ivanova.

Toshkentlik 49 yashar rassom Anna Ivanova Covid-19 bois karantin joriy qilingan O‘zbekiston poytaxti manzaralarini turkum suratlarda aks ettirdi.

Karantin joriy qilingan mart oxiridan beri o‘tgan davrda musavvira koronavirus xronikasi aks etgan yuzlab suratlarni chizdi.

Suratlarda karantin joriy qilingan Toshkent ko‘chalaridagi kundalik hayot aks etgan.

O‘zbekistondagi taniqli rassomlardan biri bo‘lgan Anna Ivanova Ozodlik bilan suhbatda “Virus davri epopeyasini” rasmlarda aks ettirib kelgusi avlodlarga yetkazish niyatida” bu ishga qo‘l urganini aytadi:

- Insoniyat turli davrlarni boshdan kechirgan. Masalan, Tosh davrida odamlar nima bilan mashg‘ul bo‘lganini o‘sha davr rassomi qoyalarga chizib ketgan asarlar orqali bilamiz. O‘rta asrlarda yuz bergan epidemiyalar haqida esa o‘sha davr rassomlari chizgan asarlar orqali habar topamiz. Masalan Katta Piter Breygel 1562 yilda chizgan “O‘limning g‘alabasi” degan asarida o‘sha davrda yuz bergan o‘lat epidemiyasi dahshati tasvirlangan. Hozir, albatta, hammaning qo‘lida fotoga olish uskunasi bor. Lekin rassom nigohi fotoapparat ilg‘amagan qirralarni ham aks ettiradi. Bir toshkentlik sifatida shahrimning bugungi tashvishli kunlarini surat qilib chizishni vazifa deb bildim.

Anna Ivanova asari
Anna Ivanova asari

Rassom Anna Ivanova karton qog‘ozga akvarel¸ guash¸ akril¸ rangli qalam va moyli pastel tayoqchalari bilan chizadi.

Uning asarlarini ko‘zdan kechirgan san’atshunos Abdumalik Turdiyevning ayitishicha¸ bu rasmlar sud jarayoni xronikasini aks ettiradigan uslubda chizilgan:

- AQSh va yana ko‘plab davlatlarda sud zalida foto va video tasvir olishga izn yo‘q. Rassomlarga bu jarayonni chizishga ruxsat bor. Yetakchi nashrlar rassomlarni yollab sud majlisiga yuboradi. Rassom tezlik bilan sud zalida qoralama suratlar chizadi. Bunday rasmlarni habarlar lentasida ko‘rgansiz. Anna chizgan rasmlar ham shu ruhda. Bu esa rasmlardagi dramatizmni kuchaytiradi. Mamlakat poytaxti ham xuddi sud zalidagi odamlar kabi "oxiri qanday bo‘lar ekan?" degan tashvish bilan yashamoqda. Kinoda katastrofa degan janr bor. Anna chizgan suratlar katastrofa davri manzaralaridir.

Anna Ivanova chizgan asar
Anna Ivanova chizgan asar

Annaning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda bu janrga qanday kirib kelganini aytib berdi

- Hozir ko‘p rassomlar virus epoxasi qiziq va aktualmi¸ degan savolni o‘ziga bermoqda. Virus davridan oldingi ko‘p artproyektlar eskirib ham qoldi. Virus davridagi kundalik hayotni rasmlarimda aks ettirishga o‘zim uchun qaror qildim. Karantindan oldin ham bozorlarga borib rasm chizardim. Tarmoqda Yevgeniy Rusak degan rus rassomi pandemiya davri manzalarini chizayotganini ko‘rib qoldim. Rusak pandemiyaning haqiqiy xronikasini o‘z suratlarida aks ettirgan. Ko‘cha¸ poliklinika¸ metro va kasalxonalarning karantin paytidagi ko‘rinishlari Rusakning mohir qo‘llari chizgan suratlarda butun dahshati bilan namoyon bo‘lgan. Men Rusakchalik dahshatli va Rusak kabi mahoratli chizmasamda¸ qo‘ldan kelgancha harakat qilyapman. Ko‘pincha iymanaman. "Biz dard chekayotgan paytda rasm chizyapsan" degan ta’nali nigohlar bilan ham yuzma-yuzman. O‘zbekistonda kasallar nisbatan oz. O‘ziga xos karantin choralari esa hammaga ta’sir qildi. Bozor esa mening ilhom manbaim sifatida qoldi. Yangi personajlar kirib keldi. Dezinfektorlar¸ skafandrli nazoratchilar¸ avtomat ko‘targan soldatlar...

Rassom Anna Ivanova karantin tugaganidan keyin bu rasmlarni ko‘rgazmaga qo‘ymoqchi.

Allaqachon Berlin va Pragadagi artkuratorlar bu rasmlar bilan qiziqa boshlashdi.

Frida Kalo bilan bellashadigan rassom

Anna Ivanova 1971 yili Toshkentda tug‘ildi. 1993 yili Nizomiy nomli TDPUning badiiy grafika fakultetini tugatdi. 1994 yilda Londondagi Gallery at Cork street muzeyida asarlari namoyish qilinib ilk bora xalqaro munaqqidlar e’tiboriga tushdi. Rassomning 2002 yilda Nyu-York shahridagi World Fine Art galereyasida namoyish qilgan asarlari esa tijoriy muvaffaqiyat qozondi.

Rassom 2019 yili Olmaota shahridagi “Islom madaniyati festivali” doirasida - ArtLane san’at markazida “Mamlakatim va insonlarim manzaralari” degan turkum asarlarni namoyish qildi.

Ivanovaning ustozi¸ toshkentlik rassom Yanis Salpinkidi Ozodlik bilan suhbatda uni “Frida Kalo¸ Sergey Parajanov¸ Martin Ramires, Anri Russo kabi rassomlar bilan bellasha oladigan ijodkor deya ta’rifladi.

Koronavirus ilhomi

O‘lat , ospa, xolera, ispanka – o‘tgan asrda bu epidemiyalar dunyoni dahshatga solgan bo‘lishi barobarida rassomlarga ilhom ham bergan.

Masalan fransuz rassomi Nikola Pussen o‘zining “Ashdodda o‘lat” nomli asarida odamlardagi qo‘rquv hissini tasvirlaydi.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ ekstremal sharoitda burchakka tiqilgan odam iztirobi rassomlarni o‘ziga jalb qiladigan magnitdir:

- Yangi va kutilmagan holatga tushgan odam kechinmasi va xayajoni rassom uchun juda qiziq. Rassom uchun epidemiya bu voqelik degan eshikni ochadigan yangi kalitdir. Karantin boshlanishi bilan eng taniqli va bozori chaqqon o‘zbek rassomi Bobur Ismoilov niqob taqqan ayol rasmini chizib ko‘rgazmaga qo‘ydi. Ilxom teatri artistlari bu rasm asosida xoreografik sketch ham qilishdi. Epidemiyagacha hech kim tanimagan rassom epidemiya paytida birdan mashhur bo‘lib ketishi mumkin. Masalan Antuan Gro (1771-1835) degan fransuz rassomini hech kim tanimagan. Epidemiya temasida razm chizgani uchun bir kunda mashhur bo‘lgan edi. Rassom chizgan «Napoleon Bonapart Yaffodagi o‘lat tekkan askarlarni ziyorat qildi” degan asar bu janrdagi eng mukammal tasvir sifatida qadrlanadi.

Rassom Yevgeniy Rusak asari
Rassom Yevgeniy Rusak asari

Abdumalik Turdiyev bundan 100 yil oldin Yevropada millionlab kishilar yostig‘ini quritgan ispan grippi dahshatini fotograflar emas¸ balki rassomlar samarali aks ettirganini aytadi.

- Egon Shile degan rassom bo‘lgan. 1918 yili u 28 yoshda edi. Mashhur rassom Gustav Klimtning shogirdi edi. Uning ispan grippi haqidagi “Oila” degan asari rangtasvir tarixi darslarida “musibat san’ati”ning oliy namunasi sifatida o‘qitiladi. Rasmda Egon Shilening o‘zi¸ Edit ismli xotini va bir bolakay tasvirlangan. Ular bu rasm chizilganidan bir kun o‘tib ispan grippidan o‘lishadi. Oradan uch kun o‘tib Egon Shilening o‘zi ham virus yuqtirib olamdan o‘tdi.

Pandemiya toshoynasi

Taniqli o‘zbek rassomi¸ 47 yashar Bobur Ismoilov 25 mart kuni koronavirus mavzusidagi rangtasvir asarini Toshkentda jamoatchilikka taqdim qilgan edi.

Bobur Ismoilov asari
Bobur Ismoilov asari

O‘zbek tasviriy san’atini xalqaro ko‘rgazmalarda tamsil qilib kelaëtgan rassom Bobur Ismoilov Ozodlik bilan suhbatda ijodkorning vazifasi bugungi borliqni aks ettirish deb bilishini aytadi:

- Rassom asari bu o‘ziga xos toshoyna. U bugungi kunimizni aks ettiradi. Men chizgan asar qahramoni tibbiy niqob taqib olgan. Ammo u o‘zining go‘zalligini o‘ylab¸ qulog‘iga sirg‘a taqmoqda. Demak atrofda falokat yuz bersa ham¸ ayol kishi go‘zallikka talpinadi. Shuni aks ettirdim.

XS
SM
MD
LG