Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2020, Тошкент вақти: 18:04

AQShda ikki xonaki mushuk koronavirusga chalindi


Olmaota ko‘chalarida suratga olingan bu mushukka koronavirus yuqqan emas.

Nyu-York shtatida ikki mushuk koronavirusga chalindi. Bu haqda chorshanba kuni AQSh rasmiylari ma’lum qildi.

Nafas olish yo'llari kasallangan mushuklar tuzalib ketishi kutilmoqda. Bundan oldin AQSh hududida xonaki jonivorlarga virus yuqqan holat qayd etilmagan edi.

AQShning Kasalliklar nazorati va ularning oldini olish markazlari (Centers for Disease Control and Prevention, CDC) xodimlari mushuklarga virus insonlardan yuqqani taxmin qilinayotganini bildirishdi.

Avvalroq Bronks hayvonot bog‘ida ayrim yo‘lbars va sherlarga koronavirus yuqqani aniqlangan edi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Bronks hayvonot bog‘idagi sakkizta yo‘lbars virusga chalingan. Bundan tashqari, jahon bo‘ylab bir necha davlatda bir necha jonivorga virus yuqqani xabar qilindi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, ayrim hayvonlarga virus insonlardan yuqishi mumkin bo‘lsa-da, virus jonivorlar orasida tarqalishini ko‘rsatuvchi dalillar yo‘q.

AQShning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh eksperti, doktor Entoni Fauchi virus uy hayvonlaridan odamlarga yuqishini ko‘rsatuvchi dalil yo‘qligini aytib, aholini sarosimaga tushmaslikka chorladi.

CDC rasmiysi, doktor Keysi Barton esa:

- Sarosimaga tushmang. Xonaki hayvonlardan qo‘rqmang. Uy hayvonlari kasallik odamlar orasida tarqalishiga hissa qo‘shayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q, — dedi.

Shunga qaramasdan, CDC aholiga o‘z jonivorlarini begona shaxslar yoki hayvonlar yaqiniga yo‘latmaslikni tavsiya qildi.

Koronavirusni o‘rganayotgan olimlar virus qayerda paydo bo‘lganini aniqlash ustida bosh qotirmoqda. Ayni damda keng qabul qilingan nazariyaga ko‘ra, odamlar orasida infeksiya o‘tgan yil oxirida Xitoyda tarqala boshlagan. Virus insonlarga ko‘rshapalakdan boshqa jonivor orqali yuqqani taxmin qilinmoqda.

Yangi koronavirusni yuqtirgan mushuklarning biri virusga ko‘chada chalingani taxmin qilinmoqda, chunki u yashaydigan xonadon a’zolari orasida virus aniqlanmagan. Ikkinchi mushuk esa egasidan yuqtirgani taxmin qilinmoqda. Ayni uyda yashovchi boshqa mushukda esa kasallik alomatlari topilmagan.

CDC rasmiylari koronavirusni yuqtirgan shaxslarni uy hayvonlaridan mumkin qadar nariroq yurishni va ularga qarayotib niqob taqib olishni tavsiya qilishdi.

XS
SM
MD
LG