Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:28

Karantinda uzluksiz ishlagan sirdaryolik ayrim tibbiyotchilarga va’da qilingan oylik va mukofot berilmadi


Sirdaryoda karantinda ishlayotgan shifokorlar 14 kun yotgan palatka, 7 aprel, 2020
Sirdaryoda karantinda ishlayotgan shifokorlar 14 kun yotgan palatka, 7 aprel, 2020

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani Tibbiyot birlashmasining yigirmadan ortiq xodimi karantinda qatorasiga ikki smena ishlatildi va ularga va’da qilingan maoshi berilmadi.

Ozodlik gaplashgan tibbiyot xodimlarining aytishicha¸ ular shoshilinch tarzda karantin rejimida ishga chaqirilgan va ularga 10 million so‘mdan oylik va’da qilingan.

Ammo 14 kunlik karantin bir oyga cho‘zilib, ikki smenalik ish uchun hanuz maosh berilmagani barobarida¸ 40 dan ortiq tibbiyot xodimi ish davomida suv va ko‘lmak bosgan palatkada saqlangan.

Sirdaryo tumani Tibbiyot birlashmasi rahbari o‘z xodimlaridan kelgan bu shikoyatlarning hammasini rad qildi.

14 kunlik karantinga chaqiruv

Sirdaryo viloyatida 10 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 24-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida (QOP) feldsher bo‘lib ishlashini aytgan 38 yashar Baxtiyor Hojimurodov karantin davrida qatorasiga ikki smenada ishlagan.

Bu QOP Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga qaraydi.

Feldsher o‘zi ham kasbdoshlarining Qozog‘istondan qaytarilib, Sirdaryo tumanidagi bolalar lageriga karantinga joylanganlarga 27 martdan 28 aprelgacha tibbiy xizmat ko‘rsatganini aytadi.

Hojimurodovga ko‘ra¸ dastlabki 14 kunida karantinga olinganlar lager binosiga, tibbiyot xodimlari esa ochiq havo ostiga tikilgan chodirlarga joylashtirilgan.

-Tumandagi Sholikor bolalar mehnat lageriga joylashtirishdi. Palatkalarga joy qilib berishdi. Bitta palatkada 20 kishi. Lekin, sharoit juda og‘ir bo‘ldi. Tashqarida yomg‘ir, qor ham yog‘vordi. Palatka ichini suv bosgan, raskaladushkalarda 14 kun yotib, ishladik.

Quyida suhbatni tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:33 0:00
Бевосита линк


Sirdaryo tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida hamshira bo‘lib ishlashini aytgan tibbiyot xodimi ham Xojimurodovning chodirlardagi og‘ir ahvol haqida aytganlarini tasdiqladi.

Bir guruh hamkasblari nomidan gapirayotganini aytgan hamshiraga ko‘ra, karantinga kirishdan avval ularning telefonlari olib qo‘yilgan.

"Qatorasiga tikilgan chodirlar. Birida erkak shiforkor va medbratlar, birida biz ayollar edik. Chodirlar ho‘l, oyoqlarimiz ostida suv - sovuq, zax. Telefonlarimizni olib qo‘yishgan, shikoyat qilsak, birov quloq solmadi. Keyin pechka qo‘yib berishdi, ammo baribir ayrimlar kasal bo‘lib, 40 darajagacha isitmalab qoldi".

Suv bosgan chodirlar

Tibbiyot birlashmasi xodimlari Ozodlikka ushbu palatkalardagi o‘ta ayanchli manzara aks etgan suratlarni ham taqdim qildi.

Suratlarda yonma-yon tikilgan to‘rtta chodir aks etgan.

Chodir ichida ko‘lmak bo‘lib suv yig‘ilgan yer ustiga qatorasiga yonma-yon terilgan raskaladushkalar, nam bosgan ko‘rpa-to‘shak.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, gigiyena vositasi o‘laroq kunda bir marta qo‘lqop va niqob berilgan, dezinfeksiya vositasilari esa umuman berilmagan.

Bundan tashqari, yegulik ham haminqadar bo‘lgan, na yuvinish, na cho‘milish uchun sharoit qilib berilgan.

"Chodirning bir chetiga pana joy qilib, o‘sha yerda yuvinib yurdik. Rezina qo‘lqoplarni oddiy sovunda yuvib, quritib ishlatgan paytlarimiz bo‘ldi. Xullas, oq xalat kiyib yurgan kasb egalari uchun tasavvur qilolmaydigan darajadagi og‘ir ahvolda saqlandik. Yana shu ahvolda COVID-19 ga qarshi kurashishi vazifasi qo‘yildi", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz hamishira.

Ikki smenaga cho‘zilgan karantin

Sirdaryolik tibbiyot xodimlariga ko‘ra, 29 martdan 15 aprelga qadar shu maskanda saqlanganlar ham karantin qoidalariga zid ravishda ushlangan.

- Bir xonada 20 kishi, karavotlari zich qilib terilgan holda yotishdi. Karantinni 14-kunida bitta COVID-19 yuqtirgan odam aniqlaganidan keyin hammamizni Sirdaryo viloyatidagi kollejlardan birining yotoqxonasiga olib o‘tishdi, deydi feldsher Hojimurodov.

Uning aytishicha, tibbiyot xodimlari 14 kunlik karantindan so‘ng almashtirilmagan, yana ishda olib qolingan.

- Ikki karra ish haqi olasizlar, sizlar davom ettirishingiz kerak, deyishdi. Xullas, majbur ishda qoldik. Gulistonga o‘tkazilganimizdan keyin sharoit yaxshi bo‘ldi, karantin qoidalariga ham rioya qilindi. Ammo avvalgi joyda virus tarqalib bo‘lgan ekan - keyingi smenada yana virus yuqtirgan bemorlar aniqlandi.

Ozodlikka aytilishicha¸ Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasining qatorasiga ikki smena ishlatilgan shifokor, hamshira, feldsheri soni yigirmadan ortiq.

To‘lanmagan ish haqi

28 aprel kuni bir oylik karantindan chiqqan tibbiyot xodimlarining aytishicha, ularga va’da qilingan ish haqi hozirgacha berilmagan.

Ozodlik suhbatlashgan hamishiralar va feldsherning aytishicha, ishga chaqirilgan ilk kezda ularga 10 million so‘mlik ish haqi va’da qilingan​.

Karantin hudidiga kiritilgach esa¸ bunaqa ish xaqi berilmasligi, balki oylik maoshiga 6 foiz ustama va kunlik ishlagan soatlari uchun qo‘shimcha haq berilishi aytilgan.

- Kirgandan keyin, chiqish yo‘q ekan. Keyin mayli, dedik. Hisoblasak, 24 soatlik ish haqi bilan 7-8 million so‘mga borib qolarkan. Shu summa beriladimi, desak, beriladi¸ deyishdi, deydi Baxtiyor Hojimurodov.

Karantindan chiqqach esa, har bir xodimga 2 million 300 ming so‘mdan ish haqi berilishi aytilgan:

- Endi esa shu 2 million so‘mlik ish haqi ham hanuz berilmayapti, bugun kechgacha tushirib beramiz, deb va’da qilishgandi. (07.05.2020 sanasidagi ma’lumot -tahr.) To‘g‘risini aytsam, bizni bunaqa aldab, falon so‘m oylik, degan quruq gaplar bilan chaqirmasa ham ishga borardik. Shifokormiz, og‘ir kunda vatan oldidagi burchimizni bajaramiz. Lekin aldov va o‘ta og‘ir sharoitda saqlab, yana ikki og‘iz izoh bermasdan uyiga jo‘natib yuborishlari juda og‘ir botdi.

Shikoyatlar to‘liq inkor qilindi

7 may kuni Ozodlik bog‘langan Sirdaryo tumani Tibbiyot birlashmasi rahbari San’at Qodirov o‘z xodimlarining bu shikoyatlarini qat’iyan inkor qildi.

"Bo‘lmagan gap. Ular kasallikni davolagan muhitda ishlamagan. Ularga qolgan pullari oylik maoshidan muammosiz to‘lanyapti. Men sizga bu borada ma’lumot berish vakolatiga ega emasman, ma’lumotlarni shtabdan olishingiz mumkin".

Qodirov¸ o‘z xodimlarining sovuq kunlarda ikki hafta chodirda yashashga majbur bo‘lganini ham inkor qildi.

"Suv, loy, yomg‘ir sharoitida yotgan, degan ma’lumotlar mutlaqo noto‘g‘ri. Men karantin zonaga kirmaganmanu, lekin unaqa sharoitda hayvon ham saqlanmaydiku. Men aslida sizga ma’lumot berishga haqli emasman, boshqa ma’lumotni vazirlikdan oling", deb qo‘shimcha qildi mulozim.

Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan hozircha ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.​

Va’da qilingan ish haqini ololmaganlardan shikoyat ko‘paymoqda

Keyingi kunlarda Ozodlikka turli viloyatlarda karantin hududlarida ishlab¸ ish boshida va’da qilingan mehnat haqi va mukofot pulini hozirgacha ololmayotgani haqida tibbiyot xodimlaridan ko‘plab xabarlar kelmoqda.

Jumladan, 5 may kuni Ozodlik O‘rtasaroy hududidagi (Toshkent viloyat, Yuqorichirchiq tumani) karantin lagerida sanitarka bo‘lib ishlagan 10 dan ortiq ayolga va’da qilingan ish haqi berilmagani haqida yozdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari bu shikoyatlarni ​karantindagi to‘lov shifoxonanikidan boshqacha ekani, quyi bo‘g‘indagi mutasaddilar karantin ilk e’lon qilgan kezda bu noto‘g‘ri anglashilganini vaj qilib ketirdi.​

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, karantinda ishlayotgan shifokor, hamshira va boshqa xodimlarning ish haqlariga 6 foizlik ustama va ish soatlari uchun qo‘shimcha haq berish belgilangan, xolos.

Bu xodimlarga boshida prezident qarori bilan va’da qilingan 5, 10, 15 va 25 million so‘mlik ish haqlari COVID-19 infeksiyasiga chalinganlarni shifoxonada davolayotgan tibbiyot xodimlariga to‘lanadi¸xolos.

Prezident qarorida qaysi xodimlar nazarda tutilgan?​

2020 yil 26 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4652-sonli "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi.

Qarorga muvofiq, koronavirusdan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’yektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilan:

- vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;

- o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga –15 million so‘m;

- kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;

- boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Maxsus to‘lovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan, joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab beriladi.

Sirdaryo tumanida qatorasiga ikki smena, qariyb 1 oy ishlagan tibbiyot xodimlari ham koronavirus aniqlangan bemorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatgan.

Nega ular, prezident qarorida ko‘zda tutilgan to‘lovlardan mahrum qolmoqda - Ozodlik bu savolga hozircha rasmiy izoh ololgani yo‘q.

Kimga qancha qo‘shimcha haq berildi?

7 may kuni koronavirusga qarshi kurashgan tibbiyot xodimlariga sarflangan mablag‘lar miqdori ma’lum qilindi.

Moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha qariyb 16 ming tibbiyot xodimiga 55 milliard so‘mga yaqin pul to‘langan.

Jumladan, Sirdaryoda 14 kunlik faoliyat davri uchun maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi ​ — 33 nafar xodimga 713 mln so‘m​ bo‘lgan. Jalb qilingan tibbiyot xodimlarining maoshiga 6 foizlik har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar esa ​ — 293 nafar xodimga 378 mln so‘mni tashkil qilgan.​

XS
SM
MD
LG