Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:08

OzodDayjest: Sirdaryo va Buxorodagi sifatsiz qurilishlarga mas’ul rahbarlar iste’fosi talab etildi


Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori yonida, 2020 yil 2 mayi.
Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori yonida, 2020 yil 2 mayi.

Parlament Hindistonda qolib ketgan vatandoshlarni qaytarish masalasiga aralashdi. Davlat Sirdaryo va Buxoro viloyatlaridagi fojialardan xulosa chiqargan holda qurilish sohasida korrupsiyaga barham berishi lozim. Gitler o‘zbekistonlik askar Mamadali Topivoldiyev boshi uchun 825 ming dollar miqdorida mukofot va’da qilgan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Senat: Hindistonda qolib ketgan o‘zbekistonliklar uchun charter reys tashkil etilishi kerak

Oliy Majlis Senati Hindistonga davolanishga borib, O‘zbekistonga qaytolmayotgan o‘zbeklar haqida Kun.uz nashrida e’lon qilingan maqolani o‘rganib chiqdi (www.kun.uz, 4 may).

Parlament yuqori palatasi Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Robaxon Mahmudovaga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan Respublika maxsus komissiyasi va Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy xat yo‘llangan.

Maqolada Hindistonga davolanishga borgan o‘zbekistonliklarning moddiy ahvoli juda og‘irligi, yegulik, turarjoy borasida qiyinchilikka duch kelgani bayon etilgan. Qayd etilishicha, ularning ayrimlari xayriya aksiyalarida homiylardan yig‘ilgan pul mablag‘i evaziga davolangani borgan.

Qayd etilishicha, maxsus komissiya va TIVdan muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatish va ularning charter reys orqali O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha chora ko‘rish hamda qilingan ishlar to‘g‘risida 11 maygacha Senatga axborot berish so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston 16 mart kunidan e’tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlarini to‘xtatgan.

29 aprel kuni Uzbekistan Airways matbuot kotibi xorijga aviaqatnovlar 30 iyungacha tiklanmasligi mumkinligini aytgan. Oradan ikki kun o‘tgach, Uzbekistan Airways bu ma’lumotni rad etib, xorijga parvozlar va aviachiptalar sotuvi tiklanish muddati koronavirus tarqalishi bo‘yicha xalqaro vaziyatga bog‘liqligi, agar 30 iyunga qadar turli davlatlar va O‘zbekistonda karantin bo‘yicha cheklovlar bekor qilinsa, xorijiy yo‘nalishlarga chiptalar sotuvi ham, aviaqatnovlar ham qayta tiklanishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Bloger: “Qurilish sohasi bo‘yicha davlat buyurtmalari och shoqollarga tayyor oxo‘r bo‘lib qoldi”

Davlat Sirdaryo va Buxoro viloyatlaridagi fojialardan xulosa chiqargan holda qurilish sohasida korrupsiyaga barham berishi lozim, deb hisoblaydi Telegramdagi Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov.

“Qurilish sohasidagi bum, avvalo, sohada korrupsiya uchun uya, noqonuniy yo‘llar bilan topilgan pullarni o‘zlashtirish, legallashtirish yo‘li, “bir kunlik” kompaniyalar ommalashgan soha, davlat buyurtmalari esa och shoqollarga tayyor oxo‘r bo‘lib qoldi. Bu – isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Davlat qurilish sohasidagi reglamentlarni to‘liq qayta ko‘rib chiqishi, korrupsion faktorlarni mumkin qadar istisno qilishi, davlat va kvazi-davlat buyurtmalari to‘liq shaffoflashtirilishi, bitta mix sotib olinsa, uni oddiy odamlar ko‘ra olishi kerak” deb yozadi u.

Blogerga ko‘ra, Sirdaryodagi fojia va Buxorodagi tabiiy ofat oqibati uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerak.

“Albatta, tergov barcha aybdorlarni javobgarlikka tortadi. Lekin Sardobada ham, Buxoroda ham ko‘zbo‘yamachilik qilgan, gidroenergetika inshooti va ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari qurilishi uchun bevosita mas’ul bo‘lgan rahbarlar ist’efoga chiqarilishi shu kunlarda juda o‘rinli bo‘lar edi... Bu boshqa amaldorlarga o‘rnak bo‘lishi, kelajakda xatolarni takrorlamaslik, xalq va prezidentga yolg‘on gapirish og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunishi uchun ham qilinishi kerak” deya xulosa qiladi Q.Xidirov.

Tarixchi: Gitler o‘zbekistonlik askar Mamadali Topivoldiyev boshi uchun 825 ming dollar miqdorida mukofot va’da qilgan

Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik askar Mamadali Topivoldiyev nomini eshitsa nemis askarlarning yuragi zirillagan, deb yozadi tarix fanlari doktori Naim Oblomurodov (www.uza.uz, 3 may).

Qayd etilishicha, 1941 yil noyabrda M.Topivoldiyev quroldoshlari bilan fashistlar bosib olgan Borisov shahri chekkasidagi harbiy lagerdan 146 asirni ozod qildi. Har bir operatsiyadan keyin Topivoldiyev daraxtlarga o‘zining “Kazbek” nomli laqabini xanjar bilan o‘yib yozar va shu bilan nemislarni qo‘rqitib, o‘z izini qoldirardi.

“Tarixiy manbalarga ko‘ra, M.Topivoldiyev yolg‘iz o‘zi dushman kazarmalarini vayron qilgan, 5 harbiy eshelonni portlatgan, 76 fashist askarini va 1 nemis generalini qo‘lga olgan. Adolf Gitler Kazbekning boshi uchun 50 ming marka (hozirgi kunda taxminan 825 ming AQSh dollari) miqdorida mukofot va’da qiladi. Ammo Kazbekni hech kim qo‘lga ololmagan” deb yozadi tarixchi N.Oblomurodov

Ikkinchi jahon urushi davrida SSSR tarkibidagi O‘zbekistondan 1,5 milliondan ziyod kishi safarbar etilgan. Ularning 500 mingdan ziyodi halok bo‘lgan, minglab o‘zbekistonlik askar bedarak ketgan yoki nogiron bo‘lib qolgan.

XS
SM
MD
LG