Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:08

Moskvada COVID-19 ga chalingan 3 ayol va 1 go‘dak himoyasiz qoldi. Biri - "Andijoncha spektakl"ning ishsiz qolgan qahramoni


Muyassar Rahimova (chapda) jiyani Erkinoy bilan, 2020, 11 may, Moskva
Muyassar Rahimova (chapda) jiyani Erkinoy bilan, 2020, 11 may, Moskva

Moskvada COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgan 3 andijonlik ayol himoyasiz qoldi. Ulardan birining qo‘lida virusga chalingan 9 oylik chaqalog‘i bor.

Ozodlikka taqdim qilingan hujjatga ko‘ra, ayollardan biri, 31 yashar Muyassar Rahimovada 6 may kuni, uning 22 yashar jiyani va uning 9 oylik chaqalog‘i hamda 37 yashar opasida 7 may kuni infeksiya aniqlangan.

Ayollar Moskvadagi ijara uyda izolyatsiyada ekani va O‘zbekistonga qaytish uchun elchixonaga qilgan murojaatlari javobsiz qolayotganini aytmoqda.

Muyassar Rahimova Ozodlik mushtariylariga tanish - u 2019 yil 16 mayda prezidentning Andijonga tashrifi chog‘ida, "uy berildi" deb TVda ko‘rsatilgan, so‘ngra uy olib qo‘yilgan 6 ayoldan biridir.

"Muntazam isitma, nafas qisishlar boshlandi"

Muyassar Rahimova o‘zi, COVID-19 infeksiyasiga chalingan opasi, jiyani va uning 9 oyliq qizchasi bilan Moskvadagi ijara uyda qolmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, 6 may kuni infeksiya aniqlangach, shifokorlar ularga o‘z-o‘zini izolyatsiya qilishni tayinlagan, shifoxonaga joylashtirmagan:

- Menda 25 foiz o‘pka yallig‘lanishi aniqlandi. Jiyanimda 5 foiz. Uning chaqalog‘ini tekshirib o‘tirishmadi ham. Opamda ham aniqlandi. Uyda yotinglar, vrach xabar oladi, deyishdi. Lekin, hech kim xabar olmadi. 37 - 37 yarim darajada doimiy isitma bor doim, nafas qisishlar boshlandi menda. Oqshomlari uxlay olmayapman. Jiyanimda hozircha faqat isitma. Lekin uning chaqalog‘ida muntazam 38 daraja isitma, qo‘rqyapmiz.

Quyida bu ayol bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:03 0:00
Бевосита линк


Uning aytishicha, poliklinikaga qayta va qayta qo‘ng‘iroqlariga javoban: "Vrach uyingizga borib xabar oladi", degan javobni olmoqda. Ammo, hali shifokor kelmagan.

Rahimova shifokorlar bergan tahlil natijalarini Ozodlikka yo‘lladi. Unda ayolda COVID-19 infeksiyasi aniqlangani, o‘pkaning har ikki tarafida 25 foiz yallig‘lanish borligi, pnevmoniya belgilari qayd etilgani yozilgan:

M. Rahimovaga berilgan tahlil natijalari
M. Rahimovaga berilgan tahlil natijalari

Ma’lumki, Rossiyada koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni 220 ming kishidan oshdi (11.05.2020), raqamlar rekord darajada ortib bormoqda.

Virusni yuqtirib olgan bemorlar nari tursin, hatto og‘ir ahvoldagi bemorlarga ham xizmat qo‘rsatish uchun shifokorlar hamda tibbiy resurslar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Rahimova bunday sharoitda ularga tibbiy xizmat vaqtida ko‘rsatilmasligidan xavotirda ekanini aytdi:

- Dorilarimiz tugayapti. Buning ustiga, bu dorilar isitmaga umuman ta’sir qilmayapti. Ayniqsa, chaqalog‘imizning isitmasi ko‘tarilib ketaverganiga qo‘rqyapmiz. Pulimiz ham tugagan. Nima qilishimiz kerak? Kim bizga yordam beradi?!

M. Rahimova shifokor tayinlaganini aytgan dori vositalari
M. Rahimova shifokor tayinlaganini aytgan dori vositalari

Aytishicha, ular yashab turgan 2 xonali kvartirada jami 8 kishi yashaydi, ular ham koronavirusni yuqtirib olganidan xavotirda.

Ammo, Muyassarga ko‘ra, shifoxonalar isitma chiqmaguncha, COVID-19 infeksiyasi uchun tahlil olmayotir, shu bois, hamxonalari virusni yuqtirgan-yuqtirmaganini aniq bilmaydi.

"Elchixona tuynugini ochmadi ham, politsiyani chaqirdi"

Muyassar Rahimovaga ko‘ra, ular 1 oy muqaddam charter reys bilan qaytarishlarini so‘rab, elchixonaga murojaat qilgan.

Elchixona kutishni tavsiya qilish bilan cheklangan:

- U vaqtda biz infeksiyaga chalinmagan edik. Charter reysni kuting, sizdan ahvoli og‘irlar bor, deyishdi. Mana oxiri virusga chalindik. 3 ayol, qo‘limizda virus yuqqan 9 oylik go‘dak - elchixona haliyam bizga javob bermayapti. Telefonlarini olmaydi. Hozir bizdan og‘ir ahvolda kim bo‘lishi mumkin?! Endi o‘lib ketishimni kutishim kerakmi?!

M. Rahimova elchixona binosi olidida olgan videoni ham Ozodlikka yo‘lladi.

Aytishicha, elchixona xodimlari bilan gaplashishning umuman imkoni bo‘lmayotir. Aksincha, elchixona binosi yoniga politsiyachilar chaqirilmoqda. Yordam izlab u yerga borgan erkaklar har tarafga qochib, yashirinmoqda.

Москвадаги аëллар элчихонадан ҳеч қандай жавоб ололмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:32 0:00

"Andijoncha spektakl" qahramoni

Muyassar Rahimova 2019 yilning 16 mayida “prezident uy berdi” deya TVda ko‘rsatilgan "Andijoncha spektakl" qahramonlaridan biridir.

O‘sha kezda prezident Shavkat Mirziyoyev Andijonga borgan va uning nomidan 6 tikuvchi ayolga yangi qurilgan kottej tuhfa qilingan, keyinchalik 5 nafaridan uylar qaytarib olib qo‘yilgan edi.

Bu voqea Ozodlikda yoritilgan, mahalliy nashrlar ham maqolalar yozgach, Bosh prokuratura surishtiruv o‘tkazgandi.

Natijada, hokimlik mutasaddilari ayollarga va’da berib, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgani aniqlangan:

"O‘rganish natijalari yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Andijon viloyat hokimi nomiga zudlik bilan aybdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal qilish hamda bu kabi holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi".

So‘ngra ayollarga yangi qurilayotgan 4 qavatli uydan kvartiralar va’da qilingandi.

Muyassarning aytishicha, kvartira berilgan. Ammo, prezident tuhfasi sifatida emas, balki ipoteka krediti shaklida rasmiylashtirib berilgan.

Bu voqeadan keyin ko‘tarilgan shov-shuvlar ortidan o‘zi ishlab turgan tirkuvchilik sexi yopilib, ishsiz qolganini aytgan Rahimova, uyning pulini to‘lash va 3 bolasini boqish uchun Rossiyaga ishlagani ketishga majbur bo‘lganini aytadi:

- Rossiyaga fevral oyida keldim, hech qancha o‘tmay, karantin boshlandi. Yana ishsiz qoldim. Mart oyidayoq bu karantin hali-beri ochilmasligi, ochilsa ham ish yaxshi bo‘lmasligini tushundim. O‘shandan beri elchixonaga murojaat qilaman, Andijon viloyat va shahar hokimliklariga telefonda necha marta bog‘landim, lekin bir natija bo‘lmadi. Oqibatda, mana kasal bo‘lib qoldik. Agar men o‘lib ketsam, 3 bolamga kim qaraydi?!.

Ayni paytda...

Rossiyadan uyushtiriladigan charter reyslarga ro‘yxatdan o‘tish tartibi e’lon qilindi​. Bu haqda xabar qilgan Tashqi migratsiya agentligi matbuot xizmatiga ko‘ra, charter reyslar orqali eng avvalo bemorlar, homilador ayollar, keksalar va yosh bolalilar olib kelinadi.


XS
SM
MD
LG