Линклар

Шошилинч хабар
04 июл 2020, Тошкент вақти: 01:43

Rossiyada har uch shifokorning biri koronavirus statistikasini "kamaytirib ko‘rsatish"ga ko‘rsatma olgan


Rossiyada rasmiy raqamlarga qaralsa, 23 mayga qadar 335 882 nafar odam virusni yuqtirgan, ularning 3 388 nafari nobud bo‘lgan.

Rossiyada koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlagan shifokorlarning uchdan bir qismidan ko‘piga pandemiya statistikasini manipulyatsiya qilish, ya’ni kamaytirib ko‘rsatish ko‘rsatmasi berilgan. Bu haqda shifokorlar orasida o‘tkazilgan so‘rovdan ma’lum bo‘ldi.

"Sizga COVID-19 keltirib chiqargani tasdiqlangan pnevmoniya holatlarini infeksiya va o‘limlar ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish imkonini beradigan tarzda kodlash ko‘rsatmasi berildimi?" savoliga so‘rovda qatnashgan shifokorlarning 35.8 foizi "ha" deb javob bergan.

Bemorning o‘limi kod tizimi yordamida qayd etiladi.

So‘rov 1-15 may kunlari 509 nafar respondent orasida o‘tkazilgan.

Keyingi paytda Rossiya koronavirus tufayli nobud bo‘lganlar sonini ozaytirib ko‘rsatayotgani haqida shubhalar urchimoqda.

Xususan, Rossiya rasmiylari koronavirus tufayli sodir bo‘lgan o‘limlarni bemorlarda oldindan mavjud bo‘lgan kasalliklarga, jumladan, pnevmoniyaga qayd qilishda ayblanmoqda.

So‘rov ruscha so‘zlashuvchi shifokorlar orasida keng tarqalgan smartfon ilovasi orqali o‘tkazilgan.

Ilovani ishlab chiqqan Medical Informational Decisions shirkati direktori doktor Konstantin Komanov ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar so‘rovlar, maqolalar va boshqa kontentdan foydalana olishi uchun shifokorlik faoliyatini olib borayotganini tasdiqlashi lozimligini aytdi.

Ozodlik bilan suhbatda Komanov:

- Shu yo‘sinda foydalanuvchilarimiz tibbiyot mutaxassislari ekanligini bilamiz, — dedi.

Ayni damda Rossiya koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda.

Mamlakatda, rasmiy raqamlarga qaralsa, 23 mayga qadar 335 882 nafar odam virusni yuqtirgan, ularning 3 388 nafari nobud bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ishonmagan rossiyalik tibbiyot xodimlari kasallik tufayli nobud bo‘lgan hamkasblari ro‘yxatini tuza boshladilar. Ro‘yxatga bugunga qadar 250 nafar shifokor ismi kiritildi.

"Mediazona" mustaqil nashri o‘tkazgan tergov Rossiyada shifokorlarning koronavirusdan o‘lishi ehtimoli boshqa davlatlardagi hamkasblariga taqqoslaganda 16 barobarga ko‘pligini aniqladi.

Keyingi 20 yil ichida munozarali islohotlar ortidan Rossiyadagi shifoxonalarning deyarli yarmi yopildi. Tanqidchilar kichik shifoxonalarning katta shifoxonalarga birlashtirilgani xronik taqchilliklar keltirib chiqarganini, ushbu holat bugungi kunda shifokorlar orasida virus tez suratda tarqalayotganiga sabab bo‘layotganini aytishmoqda.

Shifokorlar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari avvaliga "Meduza" nashrida e’lon qilindi.

So‘rovda 39 foiz shifokor shaxsiy himoya vositalari yetarlicha berilmayotganini yoki o‘z vaqtida berilmayotganini izhor qilgan. Bundan tashqari, 48,5 foiz respondent shaxsiy himoya vositalarini qayta ishlatishga majbur bo‘layotganini aytgan.

So‘rov qatnashchilarning 77 foizi esa yoki COVID-19 virusini allaqachon yuqtirganini, yoki yuqtirish xavfi ostida ekanligini aytgan.

Shuningdek, so‘rovda qatnashgan shifokorlarning 78 foizi jismonan yoki ruhan qattiq charchaganini izhor qilgan; 62,5 foizi esa belgilangan vaqtdan ancha ko‘p ishlayotganini aytgan.

Aprel oyida prezident Vladimir Putin hamshiralarga va tez yordam mashinasi haydovchilariga har oy 25-50 rubl yordam puli berilishini va’da qildi. Koronavirusga chalingan bemorlarni davolagan shifokorlarga esa 80 ming rubl va’da qilindi.

Ammo Rossiya bo‘ylab tibbiyot xodimlari va’da qilingan bonuslar to‘lanmayotganidan shikoyat qilmoqda. Ayrim shifokorlarda ijtimoiy tarmoqlarda Putinga murojaat qilib, va’dasini bajarishga chorladi.

So‘rov qatnashuvchilarining 53 foizi odatiy maoshlariga qo‘shicha pul ajratilmaganini aytishdi.

XS
SM
MD
LG