Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2020, Тошкент вақти: 23:15

“O‘zbekiston 24”ni tanqid qilgan ikki jurnalist ishdan bo‘shatildi


Sport” teleradiokanali jurnalistlari Bobur Akmalov (o‘ngdan birinchi), Jamoliddin Bobojonov "Futbol +" ko‘rsatuvida.

22 may kuni “Sport” telekanali jurnalistlari Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonov “Oriat Dono” radiosidagi tanqidiy chiqishi uchun ishdan bo‘shatildi. Bu ma’lumotni 25 may kuni “Sport” telekanali mas’ullaridan biri Ozodlikka tasdiqladi.​

18 may kungi radioeshittirishda ikki jurnalist “O‘zbekiston 24” telekanali tarqatayotgan xabarlar real hayotdan uzoqligini aytib, tanqid qilgan edi.

21 may kuni MTRK raisi Alisher Xo‘jayev ikki jurnalistni ushbu chiqishi uchun tanqid qilib, ularni korporativ etikaga rioya qilmaganlikda, mutlaqo asossiz va haqiqatdan uzoq fikrlarni aytganlikda ayblagandi.

“Sport” telekanali muharriri Bobur Akmalov va bosh rejissyori Jamoliddin Bobojonov 22 may kuni ishdan bo‘shatildi.

Buni 25 may kuni “Sport” teleradiokanali mas’ullaridan biri Ozodlikka tasdiqladi, biroq tafsilotlarini ochiqlamadi.

Human.uz nashri Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonovlar "o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagani" haqida yozdi.

"Bobur va Jamoliddinni ishdan bo‘shatishdan avval “Sport” telekanali profsoyuzi yig‘ilish qilgan. Shu yig‘ilishdan so‘ng ikkalasi ham o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan", dedi ikki jurnalistning ishdan bo‘shatilishi voqeasi tafsilotlaridan xabardor toshkentlik jurnalist.

Ushbu voqeadan xabardor boshqa bir mahalliy jurnalistning Ozodlikka bildirishicha, Akmalov va Bobojonovlar aynan "Futbol plyus" eshittirishidagi tanqidiy chiqishlari uchun ishdan haydalgan:

"Xabaringiz bor, radioda Bobur bilan Jamoliddin “O‘zbekiston 24”ni tanqid qilgach, hammayoq shov-shuv bo‘lib ketdi. MTRK rahbariyati buni keskin tanqid qildi. Boshliqlar Bobur bilan Jamoliddinga "o‘z arizangiz bilan ishdan bo‘shab ketasiz, boshqa chorangiz yo‘q", deyishdi. Keyin ikkalasi ham ariza yozishga majbur bo‘ldi".

Bobur Akmalov “Sport” telekanalida muharrirlik qilish bilan bir paytda “Oriat Dono” radiosidagi "Futbol plyus" eshittirishining boshlovchisi hamdir. Jamoliddin Bobojonov va Xayrulla Hamidov esa ushbu eshittirishning doimiy ishtirokchilari hisoblanadi.

“Oriat Dono” radiosidagi "Futbol plyus" eshittirishining 18 may kungi sonida Jamoliddin Bobojonov va Bobur Akmalov “O‘zbekiston 24” telekanalini tanqid qilgani videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Videoda Jamoliddin Bobojonov “Bizda qog‘ozda va “O‘zbekiston 24” kanalida hamma narsa zo‘r. Ammo hayot butunlay boshqa narsani ko‘rsatyapti. Men sardobaliklar suv toshqinidan xursand bo‘lyapti, deb o‘ylab qoldim. Ular falokatdan xursand bo‘lishyapti”, deb aytgan. Bunga javoban Bobur Akmalov: “O‘zbekiston 24” qandaydir Susambil davlatida tashkil etilganmi?” tariqasida javob bergan.

"Futbol plyus" eshittirishining 18 maydagi soni "Oriat Dono" radiokanali saytidan ham, Yutub tarmog‘idagi sahifasidan ham o‘chirib tashlandi.

Ayni paytda “Futbol plyus” loyihasi yopilgani haqida ham xabarlar tarqaldi.

Biroq "Oriat Dono" radiosining 25 may kuni Ozodlik bog‘langan mas’uli "Futbol plyus" loyihasi yopilmaganini ta’kidladi:

"Futbol plyus" loyihasi yopilgani yo‘q. Boshlovchilari ham o‘zgarmadi. Bugungi efirni eshitsangiz, o‘zingiz ishonch hosil qilasiz".

21 may kuni O‘zbekiston Miliiy teleradiokompaniyasi (MTRK) raisi Alisher Xo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanalini tanqid qilgan Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonovni korporativ etikaga rioya qilmaganlikda, mutlaqo asossiz va haqiqatdan uzoq fikrlarni aytganlikda ayblagan.

“Gazeta uz”ning yozishicha, MTRK raisi Alisher Xo‘jayevning ikki jurnalistni tanqid qilgan posti uning Facebook sahifasida e’lon qilingan, biroq keyinroq u mazkur postni o‘chirib tashlagan.

24 may kuni Facebookdagi "Xalq nazorati" guruhida Bobur Akmalov va Jamoliddin Bobojonovlarning ishdan olinganiga norozilik sifatida petitsiya e’lon qilindi.

Petitsiya ishtirokchilari MTRK raisi Alisher Xo‘jayevning ishdan bo‘shatilishini talab qilmoqda.

XS
SM
MD
LG