Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:36

Eronda oshqozon-ichak koronavirusi infeksiyasi holatlari ko‘paymoqda


Tehronlik vrachlar koronavirus yuqtirib olgan bemorni Tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketmoqda.
Tehronlik vrachlar koronavirus yuqtirib olgan bemorni Tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketmoqda.

Eronlik shifokorlar mamlakatda koronavirusga chalinganlar orasida nafaqat nafas olish, balki oshqozon-ichak yo‘llari infeksiyasi kuzatilayotganini ma’lum qilishdi.

Xitoy va AQShda to‘plangan ma’lumotlar ham koronavirus ayrim bemorlarda nafas olish yo‘llari emas, balki oshqozon-ichak infeksiyasini keltirib chiqarishini ko‘rsatdi.

Ayni damda olimlar ushbu holatni o‘rganmoqda.

Eronlik epidemiolog Muhammad Rizo Mahbubfar pandemiya boshida bemorlarda asosan yo‘tal, nafas qisishi va baland tana harorati kabi alomatlar kuzatilgan bo‘lsa, endilikda oshqozon-ichak yo‘llari kasallanishi ko‘proq kuzatilayotganini aytdi.

Mahbubfarning so‘zlariga ko‘ra, oshqozon-ichak koronavirus infeksiyasi alomatlari ich ketish, qorin spazmalari, ich og‘rishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish va ishtaha va hid bilish qobiliyatining yo‘qolishidan iboratdir.

Mahbubfar Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlar haqida e’lon qilayotgan statistika nafas yo‘llari emas, oshqozon-ichak trakti kasallangan bemorlarni hisobga olmasligini taxmin qildi.

Babol tibbiyot universiteti gastroenterologi Sayid Hasan Obidiy Babol shahrida koronavirusga chalingan bemorlarning chorak qismida faqat oshqozon-ichak infeksiyasi alomatlari kuzatilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday bemorlarda nafas olish bilan bog‘liq muammolar kuzatilmagani uchun, ular koronavirusga kech analiz topshirmoqda va bu virus keng tarqalishiga yo‘l ochib bermoqda.

Tehrondagi Shohid Beheshti universiteti gastroenterologi Sayid Rizo Fotimiy koronavirus yuqtirgan bemorlarning yarmida oshqozon-ichak infeksiyasi alomatlari kuzatilayotganini aytdi. Fotimiy bunday alomatlar yuzaga kelgan bemorlarning jigari shikastlanib, oshqozon osti bezi yallig‘lanayotganini qo‘shimcha qildi.

Tibbiyot mutaxassislariga koronavirus keltirib chiqaradigan oshqozon-ichak infeksiyasi haqida virus o‘tgan yilning dekabrida Xitoyning Uxan shahrida ilk marotaba qayd etilganidan beri ma’lum.

AQShda koronavirusga chalingani tasdiqlangan ilk bemorda ham nafas olish qiyinchiliklari bilan bir qatorda qusish va ich ketishi kuzatilgan edi.

Endilikda koronavirusga chalingan bemorlarda oshqozon-ichak kasalligi simptomlari avval ishonilgandan ko‘proq uchrashi ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki tadqiqotlar bemorlarning atigi 4 foizida oshqozon-ichak alomatlari kuzatilishini ko‘rsatgan edi. Ammo yangi tadqiqotlar ortidan aslida bu ko‘rsatkich 10 foizdan 60 foizgacha ekanligi ma’lum bo‘ldi.

York universiteti xodimi doktor Martin Veysey koronavirus nafaqat o‘pka, balki oshqozon va ichaklarga hujum qilishi shubhasiz ekanligini aytdi.

Gut jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada yozilishcha, koronavirusga chalingan bemorlar najasi analizi ularning yarmida oshqozon-ichak traktida ham virus borligini ko‘rsatgan.

Shu sabab tibbiyot xodimlari virus oshqozon-ichak yo‘li orqali ham tarqalishi mumkinligini xulosa qilishdi.

Ammo ayni damda koronavirus najasda qancha payt nobud bo‘lmay saqlanishi noma’lum.

XS
SM
MD
LG