Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:35

Turkmanistonda "So‘nggi qo‘ng‘iroq"qa pul topa olmagan bir necha bitiruvchi o‘zini osdi


Bitiruv oqshomlari uchun maxsus kiyimlar sotib olinishi shartligi ko‘pchilik oilalar uchun katta muammoga aylandi.
Bitiruv oqshomlari uchun maxsus kiyimlar sotib olinishi shartligi ko‘pchilik oilalar uchun katta muammoga aylandi.

So‘nggi kunlarda Turkmanistonning Lebap viloyatida maktabni bitirish munosabati bilan qilinadigan harajatlarga pul topa olmagan bir necha o‘smir o‘z joniga qasd qildi.

Ozodlik radiosi turkman xizmati - Azatlikning bir necha muxbiri bir vaqtning o‘zida bergan xabarlarga qaraganda, "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari uchun katta miqdorda pul yig‘ilishi so‘nggi yillarda iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan aholi uchun katta muammoga aylangan.

Oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun bir necha soatlab navbatda turishga majbur bo‘layotgan ko‘pchilik turkman oilalarida moliyaviy yetishmovchilik odatiy holatga aylangan.

“23 may kuni kechqurun Lebap viloyatining Farap etrapida shu yil maktabni bitirishi lozim bo‘lgan o‘smir yigit uyinig molxonasida o‘zini osgan. O‘smir sartaroshga ketayotganini aytgan va uyga qaytib kirmagan. U maktabda o‘qish bilan bog‘liq harajatlarga pul topolmay qiynalgan ekan”,- deb xabar berdi Azatlik muxbirlaridan biri.

Unga ko‘ra, bu voqeadan uch kun oldin Farap etrapida maktab bitiruvchisi bo‘lgan qiz ham o‘zini osgan. Aytishlaricha, 6-sonli maktab o‘quvchisi bo‘lgan bu qiz bitiruv oqshomiga yangi ko‘ylak ololmagani va maktab so‘rayotgan pulni bera olmaganidan alamzada bo‘lib yurgan.

Bu ma’lumotni Azatlik radiosining yana bir muxbiri ham tasdiqladi. Uning aytishicha, uch kun oralig‘ida Farap etrapidagi 3-sonli va 6-sonli maktabning hamda Darganatin etrapidagi 18 -sonli maktabning uch o‘quvchisi o‘zini osgan. Ular 2001-2002 yillarda tug‘ilgan.

“Ko‘pchilik o‘quvchilar bitiruv oqshomi uchun pul to‘plash maqsadida o‘ziga to‘q odamlarning uylarida yanvar oyidan beri ishlashgan. Farap, Darganatin etraplarida va Turkmanobod shahrida aholining moliyaviy ahvoli o‘ta og‘ir. Ko‘pchilik oilalar bitiruv oqshomiga emas, hatto shamol uchrib ketgan tomlarini ta’mirlashga ham pul topolmay yuribdilar”, - deb bildirdi Azatlik muxbiri.

“Bu qiz ota-onasidan pul so‘ragan, ammo ular buncha pul berishga imkoniyatlari yo‘qligini aytishgan. Mana shu narsa qiz o‘zini osishiga sabab bo‘lgan”

Azatlik radiosining yana bir muxbiri bu ma’lumotlarni tasdiqlar ekan, o‘zini osgan o‘smir qizdan o‘qituvchilar 400 manat, ya’ni taqriban 115 dollar pul so‘raganlari to‘g‘risida ma’lumotlar bor ekanini aytdi.

“Bu qiz ota-onasidan pul so‘ragan, ammo ular buncha pul berishga imkoniyatlari yo‘qligini aytishgan. Mana shu narsa qiz o‘zini osishiga sabab bo‘lgan”,- dedi muxbir.

Muxbirlarning bildirishlaricha, bu voqealar ortidan huquq-tartibot organlari maktab o‘qituvchilari bilan yig‘ilishlar o‘tkazgan. Ammo bu yig‘ilishlarda nimalar muhokama qilingani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Azatlik radiosi bu holatlar yuzasidan Lebap viloyat, Farap va Darganatin etraplari ma’muriyatlaridan izoh olishga harakat qildi. Lekin bu harakatlar samarasiz yakunlandi.

Turkmanistonda iqtisodiy qiyinchiliklar avj olayotgan bir paytda maktablarda turli tadbirlar uchun pul yig‘ilishi, maxsus kiyimlar sotib olinishi shartligi ko‘pchilik oilalar uchun katta muammoga aylandi.

Azatlik radiosining Dasho‘g‘uzdagi manbasi 24 may kuni Aybovur qishlog‘idagi 77-maktabda har bir o‘quvchidan 50 manatdan (taqriban 14 dollar), Go‘shahovli qishlog‘idagi 45-maktabda 60 manat (taqriban 17 dollar)dan yig‘ilgani haqida ma’lumot berdi.

“Bu pullar maktab sportzalida tadbir o‘tkazish, musiqachilar, direktor va o‘qituvchilarga sovg‘alar uchun yig‘ilgan”, dedi manba.

Unga ko‘ra, ayrim maktablarda 100-130 manatdan pul yig‘ilmoqda. Turkmanistonda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida mahalliy hokimiyatning amaldorlari ham ishtirok etadilar. Maktab direktorlari ularga ham kamida 700-1000 manat, ya’ni 200-285 dollarlik sovg‘alarni tortiq qiladi.

“Amaldorlarga sovg‘a yashirincha beriladi. Masalan, amaldor ketayotganida maktab direktori uning mashinasiga, go‘yoki, bilintirmay sovg‘ani solib qo‘yadi”, dedi manba.

Ashxoboddagi Azatlik muxbirlarining aytishlaricha, joriy yilda poytaxt maktablarida bitiruv kechalari taqiqlangan.

Turkmaniston matbuoti har yili “So‘nggi qo‘ng‘iroq” munosabati bilan prezident Gurbanguli Berdiuhammedovning bitiruvchilarga tabrigini e’lon qiladi. Lekin turkman matbuotida maktab o‘quvchilari uchun muammoga aylangan majburiy pul yig‘ish jarayoni haqida gapirilmaydi.

XS
SM
MD
LG