Линклар

Шошилинч хабар
26 октябр 2020, Тошкент вақти: 17:58

AQSh Rossiya Liviyaga yuborgan jangovar uchoqlar haqida qo‘shimcha ma’lumot e’lon qildi


AFRICOM nashr etgan fotoda Rossiyaning MIG-29 uchog‘i Liviya osmonida

AQSh harbiy rasmiylari Rossiya Liviyaga yuborgani iddao qilinayotgan harbiy uchoqlar haqida qo‘shimcha ma’lumot e’lon qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa AQSh iddaolarini rad etmoqda.

AQSh Moskvani general Xalifa Haftar qurolli guruhi tomonida jang qilayotgan yollanma askarlarni dastaklash uchun mamlakatga harbiy uchoq yuborishda ayblamoqda.

Rossiya xatti-harakatlari Haftarning tan olinmagan Liviya milliy armiyasi hamda BMT tan olgan Milliy murosa hukumati o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirib, qurbonlar soni ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Liviyada ayni paytda davom etayotgan fuqarolar urushida Haftar qo‘shinlarini necha davlat, jumladan, Rossiya, Fransiya, Misr, Iordaniya hamda Birlashgan Arab Amirliklari qo‘llab keladi. Tripolidagi Milliy murosa hukumatini esa Turkiya, Suriya, Qatar va Italiya qo‘llamoqda. Hozirda mamlakat g‘arbi va poytaxt Tripolini Milliy murosa hukumati nazorat qilib turibdi.

26 may kuni AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo‘mondonligi (AFRICOM) Rossiya general Haftar tomonida jang qilayotgan askarlarni dastaklash uchun Liviyaga jangovar uchoqlar yuborganiga oid bayonot tarqatgan edi. Bayonotda Rossiyadagi havo bazasidan parvoz qilgan uchoqlar dastavval Suriyaga qo‘ngani, Suriyada ular Rossiya aviatsiyasiga mansub ekanini yashirish uchun belgilari bo‘yalgani aytiladi.

27 may kuni AFRICOM o‘z Twitter sahifasida may oyi davomida bir necha MiG-29 qiruvchisi va Su-24 hujum uchog‘i Rossiyani tark etganini qo‘shimcha qildi.

Qo‘mondonlikka ko‘ra, uchoqlar Suriyadagi Xmeymim havo bazasiga uchib borganidan keyin, ulardagi bayroqlar o‘chirilgan. So‘ngra ular Liviya sharqiga, buning ortidan Liviya milliy armiyasi boshqaruvidagi Al Jufra havo bazasiga uchib borgan.

Liviya milliy armiyasi matbuot kotibi Ahmad Mismariy Rossiyadan harbiy uchoqlar olib kelinganini rad etdi.

Federatsiya Kengashi qo‘mitasi raisi Viktor Bondarev AQSh iddaolarini «ahmoqlik» deya ta’rifladi.

- Liviyada harbiy uchoqlar bo‘lsa, ular sovet uchoqlari, Rossiya uchoqlari emas, - dedi Bondarev.

Kremlga aloqadir ekanligini aytiladigan Vagner Group xususiy harbiy shirkati Haftar kuchlarini qo‘llab keladi. BMTning oy boshida e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, Liviyada ayni damda 800-1200 nafar rossiyalik yollanma harbiy bor.

Afrika qo‘mondonligi rahbari general Stiven Taunsend Rossiya anchadan beri Liviyadagi ziddiyatga aralashganini rad etib kelayotganini, ammo endilikda buni rad etib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Neftga boy Liviyada 2011 yil NATO dastaklagan isyonlar ortidan mamlakatni uzoq yillar boshqargan diktator Muammar Qaddofiy hokimiyatdan ag‘darilgandi. Buning ortidan mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketdi.

General Haftar Tripolini Milliy murosa hukumatidan tortib olish uchun kurashib keladi.

Ammo uning qo‘shinlari keyingi ikki oy ichida mamlakat g‘arbida bir necha shaharni hamda muhim havo bazasini qo‘ldan boy berdi. Bunga Turkiya Milliy murosa hukumatiga ko‘proq yordam ko‘rsatgani sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG