Линклар

Шошилинч хабар
14 июл 2020, Тошкент вақти: 05:08

OzodDayjest: O‘zbekistonda yarim million gektar yerda chigirtka tarqalish xavfi bor


Bugungi kungacha 122,2 ming gektar maydonda zararli chigirtka tarqalgani aniqlanib, kimyoviy usulda yo‘q qilindi.

Samarqandda ro‘zador o‘qituvchilar hojatxona tozalashga majburlandi. O‘zbekistonda yarim million gektar yerda chigirtka tarqalish xavfi bor. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Tuman hokimi ro‘zador o‘qituvchilarga hojatxona tozalattirdi

Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi Botir Jabborov tumandagi maktab o‘qituvchilarini ro‘za paytida maktab hojatxonalarini tozalashga jalb qildi (www.daryo.uz, 27 may).

Hojatxonalar ta’miri qanday ketayotganini aniqlash maqsadida hokim o‘rinbosari Asqar Rustamov, XTB mudiri Mirzohid Yo‘ldoshev va tuman kasaba uyushmasi rahbari Muhammad Jumayevlardan iborat guruh har kuni maktablarga borib tekshirib turgan.

Daryo.uz nashrida e’lon qilingan videolavhada 32-maktabdagi ta’mirdan ko‘ngli to‘lmagan XTB mudiri M.Yo‘ldoshevning mazkur maktab direktorini turtib tashlaganini ko‘rish mumkin.

O‘qituvchilarga ko‘ra, ushbu maktab joylashgan Umid qishlog‘i davlat dasturiga kirgan bo‘lsa ham barcha ta’mir ishlari shu yo‘sinda amalga oshiriladi. Qolaversa, hududdagi uylar ta’miri va aholi holidan xabar olish ham maktab direktorlariga yuklangan. Murojaatchilar bu holatni “o‘zining yog‘iga o‘zini qovurish” deb atagan.

Hudud karantin holatida ekani inobatga olinsa, bu o‘rinda hokimiyat tomonidan ham mehnat qonunchiligi, ham karantin talablari buzilgani anglashiladi.

Bloger: Davlat xizmati haqidagi qonun loyihasi Konstitutsiyaga ham, mantiqqa ham zid!

O‘zbekiston qonun hujjatlari portalida muhokama qo‘yilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otdi. Ushbu qonun orqali davlat xizmatchilari va oila a’zolarining daromadi haqida deklaratsiya to‘ldirishiga erishish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishi kutilayotgan edi.

Ammo qonunning 3-moddasiga ko‘ra, deklaratsiya to‘ldirish tartibi prezident, qonun chiqaruvchi palata deputatlari, senatorlar va sudyalarga tatbiq etilmaydi. Bosh vazir, vazirlar mahkamasi, hokimlar, xavfsizlik xizmati, soliq, bojxona va boshqa idoralar vakillarining huquqiy maqomi esa alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

“Unda bu qonunni nima keragi bor? Qonun oldida hamma teng emasmi? Butun kuch shu shaxslar qo‘lida bo‘ladi-yu, qonunga bo‘ysunmaydimi? 3-modda ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelishi mumkin, lekin mantiqqa to‘g‘ri kelmayapti! Hattoki Konstitutsiyaning 18-moddasiga ham!” - deb yozdi bloger, Troll.uz sahifasi asoschisi Umid G‘ofurov.

“Vaholanki, eng katta va eng zararkunanda korrupsiya aynan shu qatlam vakillari tomonidan qo‘llanadi. Bu qonun loyihasi navbatdagi “pardoz” qonuni bo‘lib qoladiganga o‘xshaydi”,- deya mulohazalari bilan bo‘lishdi bloger N.Safari.

“Tenglik prinsipidan kelib chiqib deklaratsiya masalasidagi qoida kim qayerda ishlashidan qat’i nazar davlat byudjetidan oylik olib mehnat qilayotgan barchaga teng tatbiq etilishi kerak, deb hisoblayman. Shu jumladan, deputat, senator, sudya va boshqa yuqori idoralarda mehnat qilayotganlar ham”, - deb yozdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Mutaxassis: O‘zbekistonda yarim million gektar yerda chigirtka tarqalish xavfi bor

Joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha 597,9 ming gektar maydonda zararli chigirtkalarning tarqalish xavfi mavjud (“Mahalla” gazetasi, 28 may).

“O‘zagrokimyohimoya” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Rajabboy Ochilovga ko‘ra, hozirda kurash tadbirlari bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan, kimyoviy vositalar zaxirasi yaratilgan. Bugungi kungacha 122,2 ming gektar maydonda zararli chigirtka tarqalgani aniqlanib, kimyoviy usulda yo‘q qilindi.

“Mamlakatimizning cho‘l hududlarida 1 mln gektardan ortiq chigirtka urchiydigan hudud mavjud. Shu bois har yili may oyi oxiri va iyun oyi boshida, ya’ni chigirtka qanot chiqargandan so‘ng “hujum”ga tayyor turishimiz lozim. Ay­niqsa, Qashqadaryoning Qamashi, G‘uzor, Dehqonobod tumanlari asosiy xavf zonasi hisoblanadi. Davlatlarimiz qishloq xo‘jaligi vazirliklari, chegara qo‘shinlari o‘rtasida bitim tuzilgan. Unga ko‘ra, qo‘shnilar vaziyat yuzasi­dan bir-birini zarur ma’lumot bilan ta’minlab turadi. Kerak bo‘lganida hamkorlikda balo o‘choqlarini yo‘q qilish choralari ham amalga oshiriladi”, -deydi “O‘zagrokimyohimoya” vakili.

XS
SM
MD
LG