Линклар

Шошилинч хабар
25 октябр 2020, Тошкент вақти: 01:36

OzodDayjest: Ko‘ksaroyni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador shirkat oziq-ovqat bilan ta’minlaydi


Porezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan yangi loyihani muhokama qilmoqda.

Karantin davrida salla desa kalla olinayotgan holatlar haqida bong urildi. “Ko‘ksaroy” qarorgohini transport vositasi ishlab chiqaruvchi Akfa Dream World shirkati oziq-ovqat bilan ta’minlaydi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Xalq boshida qilich o‘ynatayotgan hokimlardan voz kechish yo‘li aytildi

“So‘xda xalq hozirgi hokimdan norozi bo‘lib, o‘zlarining nomzodini taklif qilayotgan videoni ko‘rdim. Ko‘rdimu biz davlat boshqaruvi tizimini rasvosini chiqarib yuborganimizga yana bir marta amin bo‘ldim” , - deb yozadi davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis Aziza Umarova.

Ta’kidlanishicha, ijro tizimi vakili bo‘lgan hokimlarning vakillik kengashiga raislik qilishi, boz ustiga, ijro hokimiyatini nazorat qilishi lozim bo‘lgan Senatda hudud vakili sifatida savlat to‘kib o‘tirishi nazorat va muvozanat tizimining yaqqol inqirozidir.

“Eng yomoni, butun bir mamlakat bo‘ylab tuzukroq hokimni barmoq bukib sanab chiqsangiz, bitta qo‘lingizning barmoqlari ham ortib qoladi (200 ga yaqin hokim orasidan). Yo agronom, yo tujjor bo‘ladi. Hokimlarning tipik obrazi – doim asabiy, so‘kingan, qo‘pol, badjahl va ijtimoiy yo kommunal infratuzilmada jiddiy o‘zgartirish kiritmaydigan nusxa”, - deb yozadi A.Umarova.

Ekspert xalq boshida qilichini o‘ynatib, doim uni qo‘rquvda ushlab turishga odatlangan hokimlardan voz kechib, butun dunyoda bo‘lgani kabi hokim lavozimiga ham saylov o‘tkazish vaqti kelganini ta’kidlagan.

Bloger, Davletov.uz kanali asoschisi Qobiljon Xidirov esa mahalliy rahbarlarning o‘z hududi aholisi orasidagi reytingi, ularning qo‘llab-quvvatlash darajasini monitoring qilish uchun ijtimoiy tadqiqotlar sohasini isloh qilish kerakligiga urg‘u bergan.

“Bu mamlakatdagi turli chalajon sotsiologik tadqiqot institutlarining ishi, ular ijtimoiy kayfiyatni haqqoniy aniqlab, xolis baholab, zaruratga qarab respublika rahbariyatiga bong urib turishi kerak. Yo‘qsa, doim syurprizlarga duch kelinaveradi”, - deb yozadi u.

“Ko‘ksaroy” qarorgohini transport vositasi ishlab chiqaruvchi Akfa Dream World shirkati oziq-ovqat bilan ta’minlaydi

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining “Ko‘ksaroy” qarorgohi 23 mart kuni Akfa Dream World kompaniyasi bilan umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolagan (www.daryo.uz, 2 iyun).

Davlat xaridlari portalida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 40 kunga mo‘ljallangan shartnomaning umumiy qiymati 400 million so‘mga teng.

Shartnomaga muvofiq, Akfa Dream World kompaniyasi Toshkent viloyati Qibray tumani “Do‘rmon” qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan rezidensiyada soat 9:00 dan 19:00 ga uch mahal ovqatlanishni tashkil etishi nazarda tutilgan.

40 kun davomida 92 kishiga nonushta (kuniga 2,76 million so‘m), 94 kishiga tushlik (kuniga 3,76 million so‘m) va 87 kishiga (kuniga 3,48 million so‘m) kechki ovqat tashkil etilishi ko‘zda tutilgan (kuniga – jami 10 million so‘m).

Qayd etilishicha, Akfa Dream World – motorli transport vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniya. Kompaniya ta’sischilari orasida Techno Continental shirkati (19,23 foiz) ham bor.

O‘z navbatida Techno Continental kompaniyasi ustav fondining 62,45 foizi Artel Electronics kompaniyasiga tegishli. Bu esa Toshkent shahri hokimning Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli o‘nlab shirkatlardan biridir.

Advokat karantin davrida fuqarolar himoyasiga oid og‘riqli muammolardan gap ochdi

Taniqli advokat, yuridik fanlari doktori Bahrom Salomov karantin paytida inson huquqlari, xususan, fuqarolarning huquqiy himoyasiga oid ayrim og‘riqli holatlar haqida bong urdi (www.xabar.uz, 30 may).

Advokatga ko‘ra, karantin qoidalarini buzgani uchun bir necha o‘n minglab fuqaro bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, bir qancha mansabdor shaxslar esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarimaga tortildi, ammo bu toifadagi ishlarda advokatlar qatnashgani haqida ma’lumot yo‘q. Bu esa odil sudlov tamoyiliga ziddir.

Advokatga ko‘ra, har qanday holatda ham inson huquqlari himoyasi ikkinchi darajaga tushib qolmasligi, jumladan, advokatlarning kasbiy vazifasini bajarish imkoniyati cheklanmasligi lozim. Advokatlar palatasi tomonidan advokatlarning kasbiy vazifasini bajarish uchun shaxsiy avtotransportida erkin harakat qilishlariga ruxsat berilishini so‘rab Respublika maxsus komissiyasiga yo‘llangan bir necha murojaat qanoatlantirilmagan.

“Pandemiya bir kun kelib barham topadi, karantin choralari butunlay bekor bo‘ladi, jamiyat hayoti ham o‘z iziga tushadi. Ammo sharoit bahonasida inson huquqlari buzilishiga o‘rgangan ayrim huquq-tartibot xodimlarini qayta tarbiyalash, huquqi bir marta buzilgan fuqarolarni esa odil sudlovga ishontirish oson kechmasligi aniq”, - deb yozadi advokat Bahrom Salomov.

XS
SM
MD
LG