Линклар

Шошилинч хабар
05 июл 2020, Тошкент вақти: 15:30

Afrika, Janubiy Osiyo davlatlari ortidan Markaziy Osiyo ham ochofat chigirtkalardan ziyon ko‘rmoqda


Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab zararli chigirtkalarning 327,4 ming gektar maydonga tarqalgani aniqlandi.

Janubiy va Markaziy Osiyodagi bir necha davlatda chigirtka galalari ekinlar yeb bitirmoqda 2018 yili Afrika sharqida tarqala boshlagan chigirtkalar ko‘p o‘tmay Yaman, Ummon, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt va Iroqqa yetib bordi. Buning ortidan chigirtkalar Eron, Pokiston, Afg‘oniston va Hindistonda ekinlarni yeb quritdi.

Keyingi oylarda esa chigirtkalar galalari Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonda ham paydo bo‘ldi. O‘zbekistonga zararli chigirtkalar xavf solayotgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib Ozodlik bundan qariyb bir oy avval xabar qilgan edi.

Zararli chigirtkalar xuruji koronavirus pandemiyasi tufayli oqsoqlayotgan qishloq xo‘jaligini yanada mushkul ahvolga solib qo‘yishi va qish oylarida oziq-ovqat taqchilligini keltirib chiqarishi mumkin.

Ekinlarni vayron qilayotgan chigirtkalar cho‘l chigirtkalari bo‘lib, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ularni «eng ochofat hasharotlarning biri» deya ta’riflaydi.

Keyingi yillarda mo‘l yog‘ingarchilik sharqiy Afrika hamda janubi-g‘arbiy Osiyoda cho‘l chigirtkalari ko‘payishiga sharoit yaratdi.

FAO tashkilotiga ko‘ra, 1 km2 hududda 40 million chigirtka bo‘lishi, ular bir kunda 35 ming kishi iste’mol qiladigan oziqni yeb tugatishi mumkin.

Qanoti chiqqan chigirtkalar kuniga 150 km masofaga yetib borishi mumkin. Shuningdek, hayoti davomida bu hasharotlar yaxshiroq muhit izlab 2 ming km masofani bosib o‘tishi mumkin.

2020 yilning fevralida chigirtkalar Eronga yetib bordi. May oyida Eron qishloq xo‘jalik vazirligi chigirtkalar 200 ming gektar maydondagi ekinlarga hujum qilganini bildirdi.

Fevralda badnafs chigirtkalar Pokistonda ham ekinlarni vayron qila boshladi. Natijada mamlakatda favqulodda vaziyat e’lon qilindi.

Mutaxassislar shu kunlarda Afrika sharqi va Arab yarimorolida chigirtkalarning ikkinchi to‘lqini Eron, Pokiston va Hindiston tomon otlanayotgani haqida ogohlantirmoqda.

Keyingi haftalarda chigirtkalar Turkmaniston va O‘zbekistonda ham ekinlarni vayron qila boshladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab zararli chigirtkalarning 327,4 ming gektar maydonga tarqalgani aniqlandi, 309,6 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazildi. Shuningdek, mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘lar hisobidan shu kungacha zararli chigirtkalarga qarshi 397 ming gektar maydonda ishlovlarni o‘tkazishni ta’minlaydigan kimyoviy vositalar zaxirasi yaratildi.

Turkmaniston rasmiylari chigirtkalar xurujini umuman izohlagani yo‘q. Ozodlikning turkman xizmati chigirtkalar kamida 35 ming gektar maydonga tarqalganini xabar qildi. Chigirtka bosqiniga uchragan Turkmanistonning Lebap viloyati, Karki tumanilik fermerlar Ozodlik turkman xizmati muxbiri bilan suhbatda zararkunandalarga qarshi davlatdan yetarli vositalarni ololmayotganliklarini aytdilar.

Markaziy Osiyodagi chigirtkalar Eron, Pokiston, Afg‘oniston va Hindistonda ekinlarni vayron qilgan chigirtkalar emasligi aytilmoqda.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jalik vazirligiga ko‘ra, mamlakatda chigirtkalarning 150 dan ortiq turi bo‘lib, ularning 10 xili ekin, dala va boshqa o‘simliklarga katta ziyon yetkazishi mumkin. Ularning orasida eng keng tarqalgani Marokash chigirtkasi bo‘lib, u Markaziy Osiyoda va Afg‘onistonda keng tarqalgan.

29 may kuni Qozog‘iston Qishloq xo‘jalik vazirligi Davlat nazorat qo‘mitasi 2020 yilda 554 ming gektar hududni chigirtka bosishi kutilayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ekinlarga asosan Italyan prusi, Osiyo va Marokash turlari xuruj qiladi.

FAO tashkiloti Qirg‘iziston hukumatiga yordam berishga tayyor ekanligini izhor qildi. Tashkilotga ko‘ra, bunday yordamsiz chigirtkalar 120 ming gektar maydondagi ekinlarni vayron qilish mumkin.

Qirg‘iziston rasmiylari hali chigirtka xurujlari haqida bildirgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekiston va Qozog‘istonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlarini chigirtkalar bosayotgani xabar qilindi.

Ozodlik radiosi tojik xizmati mamlakatning Xatlon viloyatida chigirtkalar allaqachon ekinlarga xuruj qilayotganini, fermerlar ularga qarshi samarali kurasha olmayotganini xabar qildi.

Chigirtkalarga qarshi kurashda yengib chiqish Markaziy Osiyo davlatlari uchun juda muhim, chunki pandemiya tufayli bu yil hosil har yilgidek mo‘l-ko‘l bo‘lmasligi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG