Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:50

Toshkentda nega aholi orasida koronavirusga chalinganlar birdan ko‘paydi?


Karantindagi Toshkent, may, 2020
Karantindagi Toshkent, may, 2020

So‘nggi ikki kun ichida Toshkentda aholi orasida koronavirus yuqtirgani aniqlanganlar soni 200 nafardan oshdi.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovdan olingan ma’lumotga ko‘ra, Toshkentda qayd etilgan yangi holatlardan 183 tasi bitta qurilish hududida ishlagan ishchilardir.

Poytaxt epidemiologlariga ko‘ra, mavjud 11 tumanning bir nechtasida aholi orasida koronavirusni yuqtirib olganlar aniqlangan va bemor bilan muloqotda bo‘lganlarni to‘liq qamrab olish tobora qiyin kechmoqda.

Epidemiolog: muloqotning oshgani virus kengayishiga birlamchi sababdir!

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining (SEOA) Toshkent shahridagi xizmatlaridan birida ishlaydigan mutaxassis aholi orasida virus tarqalishi ko‘payganining birlamchi sababi sifatida ijtimoiy masofaga amal qilinmayotganini tilga oldi:

“Odamlarimiz karantin yumshadi, deb niqobga bee’tibor bo‘lib qoldi. Ijtimoiy masofa saqlanmayapti – bozorlardagi ahvolni ko‘rib turibsiz, odam ko‘p. Shuning uchun, virus tarqalishi ko‘payib qoldi. Lekin, biz har bitta holatda ilk tarqatuvchi manbani aniqlab, hamma muloqotda bo‘lganlarni qamrab olishga harakat qilyapmiz. Faqat, bu vaqt oralig‘ida karantinga olinganlar ham, kuzatuvga olinganlarning o‘zlari ham ehtiyot choralariga amal qilib, uyida o‘tirishi kerak – lekin, bunga amal qilmaslik holatlari ko‘paydi, afsuski”.

Mutaxassisga ko‘ra, hozir SEOA bo‘linmalari, muloqotda bo‘lganlar orasida tahlil uchun namuna olinadiganlar qamrovini kengaytirishga harakat qilmoqda va bu jarayonga kuch ishlatar tuzilmalari ham jalb qilingan:

“Virus aniqlangan odamning oilasi, qo‘shnisi, ishxonasi, qarindoshlari. Biz, poliklinikadagilar, IIV xodimlari birga soatma soat qayerda bo‘lgani, kimlar bilan gaplashgani va hokazo ma’lumotlarni tergov qilgandek, so‘rab aniqlayapmiz. Lekin, rost ma’lumotni to‘liq aytmaydiganlar bor, berkitadiganlar bo‘lyapti. O‘rikzor bozorida bo‘lgan holatni oling – sotuvchi va uning oilasida virus aniqlandi. Bozorga faqat Toshkentdan bormaydiku odamlar?! Ya’ni, birinchi o‘rinda odamlarning o‘zi ehtiyot bo‘lishi kerak, mas’uliyatni xis qilishi kerak. Chunki, bu yangi virus, uning xususiyatlari hali to‘liq ma’lum emas”.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentning “O‘rikzor” savdo majmuasi sotuvchisi koronavirusga chalingani, so‘ngra sotuvchining o‘g‘li va qizida ham koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilgan.

SEOA rasmiysi: Toshkentda 183 ta holat bitta hududda aniqlangan

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov ham keyingi kunlarda aholi orasida karantin choralariga amal qilmaslik holati kuchayganini qayd etdi:

Kamaz haydovchilar kelyapti, ularda chiqib turibdi hozir. Aholi orasidan chiqqani sababi esa odamlar maska taqmayapti. Ijtimoiy masofa saqlamayapti. Uyma-uy ogohlantirishga harakat qilyapmiz”.

Ayni paytda u toshkentliklar orasida aniqlangan 200 dan ortiq holatning 183 tasi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bitta qurilish hududida qayd etilganini bildirdi:

“187 tasi bitta qurilishda ishlaydigan ustalar. Hozir barcha chora-tadbirlar ko‘rilgan. Karantinga olingan. Daydib chiqib ketib, magazin, bozorlarda yurgani yo‘q ular. Bozorlarga chiqib ketdi, degan gap-so‘zlar yo‘q. Hammasi izolyatsiyaga olingan. Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilishda ishlayotgan ustalardan chiqqan. Lekin, aholi orasidan ham goh-gohida bir dona, ikki dona kuzatilib turibdi. Lekin virus shahar bo‘ylab tarqalib ketdi, degan ma’lumotlar noto‘g‘ri”.

Telefon aloqasi o‘ta yomon bo‘lgani bois, matbuot kotibidan 200 ga yaqin quruvchisi koronavirusga chalingan shirkat haqida hozircha to‘liq ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

"Moddiy rag‘bat bo‘lmagani uchun nazorat susaydi"

Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi O‘rtasaroy karantin lagerida ishlagan hamshiraning Ozodlikka aytishicha, keyingi 2-3 hafta ichida karantindan chiqqanlar yoki uyida kuzatuvga olinganlar ustidan nazorat susaygan.

Hamshira¸ keyingi kunlarda aholi orasida virus tarqalishi oshishiga nazoratning susayganini sabab qilib keltirdi :

“Masalan, tibbiy kuzatuv va uy karantinida turganlar bor. Virus aniqlanmagan, ammo gumon qilinganlar. Boshida IIV va Milliy gvardiya, patronaj hamshiralar juda qattiq nazorat qilayotgandi. Hozir, shu nazorat susaydi. Chunki, ularga avval va’da qilingan 6 foizlik ustama haq to‘lanmadi. Ular kundalik ishini ustiga nagruzka sifatida qilyapti bu ishni, rag‘bat yo‘q”.

Respublika bo‘ylab, karantin hududlarida yoki uyida karantinda saqlanayotganlar bilan ishlayotgan sanitariya-epidemiologik agentlik xodimlari, patronaj hamshira yoki boshqa xodimlarga, prezident qarorida ko‘zda tutilgan, 6 foizlik ustama haq to‘lanmayotgani haqida Ozodikka ko‘plab shikoyatlar kelmoqda.

Toshkentda bir kunda aholi orasida 195 ta holat aniqlandi

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning ma’lum qilishicha, 7 iyun kunining o‘zida aholi orasida 217 ta holat aniqlangan, bularning 195 nafari Toshkentda.

9 iyun, ertalab soat 10:00 ga qadar esa Toshkent shahrida aholi orasida yana 8 kishida virus aniqlangan.

Bosh sanitar inspektor barcha holatlarda ham kasallikni tarqatgan manba - ilk shaxsni aniqlash imkoni bo‘lmayotganini ochiq tan oldi:

“Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. Yangi kasallanish holatlarining barchasi Toshkent shahri aholisi orasidan aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha epidemik surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Biz kasallikni, afsuski, kimdan, qanday yo‘l bilan tarqalganini, kasallik manbai kimligini aniqlolmagan holatlarimiz bor”, deb qayd etdi bosh sanitar inspektor.

Chetdan kelayotganlar va ular orasidan aniqlangan bemorlar soni oshdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, bevosita qo‘shni bo‘lgan mamlakatlardan 56 mingdan ortiq vatandosh quruqlik chegara postlari orqali qaytarilgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra¸ dastlabki tekshiruvlarda virus aniqlanmagan bo‘lsa-da, uyiga kirib borgan ayrim o‘zbekistonliklarda kechroq virus aniqlanish hollari qayd etilgan.

Jumladan, Andijonning Izboskan va Baliqchi tumanlarida koronavirusda gumonlangan yuk avtomashinasi haydovchisi bilan muloqotda bo‘lgan yuzga yaqin odam 14 kunlik karantinga olingan. Sog‘liqni saqlash vazirligining 28 mayda xabar qilishicha, Rossiyadan Toshkent viloyati Qibray tumani hududidagi chegara-nazorat postida virus uchun olingan tahlil natijalari chiqmay turib, chegara-nazorat posti avtoturargohidan uyiga chiqib ketgan.

O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni Ozodlikning jonli blogida kuzatishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG