Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:56

Andijonda qiynoq belgilari bilan koma xolatida yotgan yigit vafot etdi, IIBning uch xodimiga ish qo‘zg‘atildi


Andijon shahar IIBsining uch nafar xodimi mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, qonunga xilof ravishda hibsga olish, gumonlanuvchini qiynoqqa solish hamda shafqatsiz muomala qilishda ayblanib, qamoqqa olingan.

Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati 13 iyun kuni ma’lum qildi.

Shu yilning 30 may kuni Andijon shahar IIBsining 4-bo‘limidan qiynoq belgilari bilan koma xolatida kasalxonaga yotqizilgan 32 yoshli A.Abdukarimov ​11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilingandi.

Tarmoqda tarqalgan videoda singlisi kasalxonada koma xolatida yotgan akasining 30 may kuni Andijon shahar 4-son militsiya bo‘limiga soppa-sog‘ chiqib ketganini aytgan.

"Akam mana koma xolatida, 4-otdeleniyaga soppa-sog‘ chiqib ketgandi. Mana badanlarida ko‘kargan joylari bor. Akam o‘lim to‘shagida", deya gapirgan videoda Abdukarimovning singlisi.

Ma’lum bo‘lishicha, Abdukarimov komadan chiqmay 11 iyun kuni olamdan o‘tgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati 30 may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahar, Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimov tan jarohatlari bilan olib kelingani, holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

IIB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206 (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234 (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) va 235-moddalari (Qiynoqqa solish) bilan ayb e’lon qilinib, ular qamoqqa olingan.

Aniqlanishicha, IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turishgan.

"Buning oqibatida A.Abdukarimovning sog‘lig‘i yomonlashgach, Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan", deyiladi Bosh prokuratura bildiruvida.

Shu hafta boshida Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova keyingi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qiynoqqa solish holatlari ko‘payganini afsus bilan qayd etgandi.

XS
SM
MD
LG