Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:54

O‘zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi


20 iyun – O‘zbekiston Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingan kun. Bundan 30 yil oldin qabul qilingan bu tarixiy hujjat to‘g‘risida O‘zbekistonda odatda gapirilmaydi, u umumxalq bayrami sifatida nishonlanmaydi.

Karimov mustaqillik deklaratsiyasiga qarshi bo‘lgan

O‘zbekiston Xalq harakati rahbari¸ O‘zbekiston Erk demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda o‘sha paytda ham iqtidorda bo‘lgan Islom Karimov va uning safdoshlari deklaratsiya qabul qilinishiga jiddiy qarshilik qilganini eslaydi.

Juda katta qarshilik bo‘ldi. Xususan, Islom Karimovning o‘ng qo‘li hisoblangan O‘zbekiston Markazqo‘mining rus sekretari Yefimov juda katta qarshilik ko‘rsatdi. Taqdim qilingandan keyin ovozga qo‘yilishidan oldin matn tahriri ustida ishlash uchun Mirsaidov boshliq Erkin Vohidov, Nurali Qobil va boshqalar ichkariga kirib ketdi. Ular biroz hayalladi. Ular tezda olib chiqishi kerak edi. Matn ustida deyarli hammamiz kelishib olgan edik. Men bular nimaga kechikyapti, deb kirsam matn oldida Mirsaidov o‘tiribdi. Sal nariroqda Erkin Vohidov va Nurali Qobil gaplashib turibdi. Yuzlarida xavotir bor edi.

Men Mirsaidovdan nima bo‘layotganini so‘rasam, u sekin Yefimovga ishora qilib, o‘sha qarshilik qilayotganini aytdi. Yefimov Moskvaga qo‘ng‘iroq qilyapti. “Bular xoinlik qilyapti. Bu yerni natsionalistlar egallab olgan. O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilmoqchi”, deb ochiq tekstda aytyapti. Keyin u telefonni qo‘yib bizning yaqinimizga keldi.

Men unga: “O‘zbekiston sizning konstitutsiyangizda ham suveren mustaqil jumhuriyat. Sizning bizning ishimizga aralashishga nima haqqingiz bor?”, deb ochiqdan-ochiq gapirdim. “Unda bilganlaringizni qilinglar”, deb qizarib o‘rnidan turib keta boshladi. O‘sha paytda Karimov kirib keldi. U: “Nima bo‘ldi? Yana janjal qilyapsizlarmi?” dedi”¸ deb eslaydi “Erk” partiyasi yetakchisi, Mustaqillik deklaratsiyasi matni ustida chiqqan munozaraning bevosita ishtirokchisi Muhammad Solih.

Mustaqil O‘zbekiston prezidentining rasmiy tarjimai holida: “Islom Karimov 1991 yilning 31 avgustida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini e’lon qildi”, deb yozilgan.

O‘zbek xalqi uchun oliy ne’mat bo‘lmish mustaqillik uchun xalq unga, ya’ni Islom Karimovga minnatdorlik aytishi, bu yutuq bevosita uning nomi bilan bog‘liqligi rasmiy matbuotning sevimli va asosiy mavzusiga aylangan.

— Prezident, men ochiq aytishim mumkin, tom ma’noda u yerdan qochib ketdi. Prezident deklaratsiya ovozga qo‘yilayotganda ham kulis orqasida yurdi va u yerda doim provokatsiya qilib turdi. U parlament buni qabul qilmasligini ochiq istadi”, deydi Muhammad Solih.

Demokratik parlament mevasi

Muhammad Solih 27 yil davomida davlat matbuoti «o‘zbek xalqiga mustaqillik hadya qilgan prezident» deya taqdim etilgan Islom Karimovning 1990 yil 20 iyunda qilgan sa’y-harakatlarini eslar ekan¸ o‘shandagi xalq vakillari orasidagi ruh Moskvadan qo‘rquvdan ko‘ra kuchliroq bo‘lganini eslaydi.

Lekin parlamentning 100 dan 95 foizi biz tarafda edi. Hatto ruslar ham qo‘l ko‘tarib ovoz berdi. Ovozga qo‘yilib qabul qilingandan keyin o‘sha kuniyoq Karimov soat 6 larga yaqin Toshkentdan Andijonga ketdi. U Moskvadan qo‘rqqanidan qochib ketdi. Moskva buni eshitib, meni Kompartiya sekretarligidan oladi, deb qo‘rqqan. Boshqa bir sababi yo‘q¸ deydi Muhammad Solih.

1990 yili Markaziy televideniye muxbiri bilan suhbatda Islom Karimov “Bizga mustaqillik kerak emas¸ biz ikkita qop ichidagi respublikamiz¸ holimiz tang bo‘ladi» degan edi.

Markaziy televideniye muxbiri ayni ko‘rsatuv doirasida Muhammad Solihdan ham fikr so‘rab¸ «O‘zbek xalqi mustaqillikka tayyormi?» degan savolni qo‘yadi.

“Qamoqdagi odam ozodlikka qancha tashna bo‘lsa¸ biz ham shunchalik mustaqillikka tashnamiz”¸ deb javob qaytargan edi Muhammad Solih.

1990 yilgi Oliy Kengashda mustaqil deputat bo‘lgan Abduvohid Pattayev 20 iyun kungi deklaratsiya haqida eslab: “Bu mustaqillikka qarab bosilgan ilk qadam edi. SSSR respublikalari ichida birinchi bo‘lib ko‘tarilgan masala edi. O‘zbekistonning keyingi Mustaqillik deklaratsiyasi asosini biz qabul qilgan 20 iyundagi deklaratsiya tashkil qildi”, degan edi.

Millat bayrami

Muhammad Solih 1990 yil 20 iyunni o‘zbek xalqining haqiqiy mustaqillikka erishgan kuni, deb biladi.

1991 yil 31 avgustda e’lon qilinib¸ 1 sentabr kuni nishonlanadigan kundan farqli o‘laroq, uni bir kishi xalq minnatdor bo‘lishi uchun hadya qilgani yo‘q. Bu mustaqillikka xalqning o‘zi erishgan»¸ deydi Muhammad Solih.

Hech shubhasiz, 20 iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasi xalqning qabul qilingan haqiqiy deklaratsiyasi edi. Chunki 31 avgustda qabul qilingan deklaratsiya bu o‘sha xunta yiqilgandan keyin, Sovet Ittifoqi tarqab bo‘lgandan keyin majburan, zo‘raki qabul qilingan deklaratsiya edi. Bu 20 iyunda qabul qilingan deklaratsiyani rad etish, degani edi. Biz zotan mustaqil edik.

Ikkinchi marta mustaqillikni qabul qilish 20 iyunda biz mustaqil bo‘lmadik, degan gapni tan olish edi. Men buni tarixiy jinoyat hisoblayman. Chunki xalq qabul qilgan mustaqillikni rad etib, 1991 yil mart oyida referendumda qatnashish, keyin 31 avgustda ikkinchi marta Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilish, albatta, siyosiy sharmandalikdan boshqa narsa emas. Bu rejim ketgandan keyin xalq o‘z bayramini qutlaydigan kunlar keladi. 20 iyun millatimizning milliy bayramidir”, deydi Muhammad Solih.

1990 yil 20 iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Mustaqillik deklaratsiyasi o‘sha paytda bosh muharriri Halima Xudoyberdiyeva Oliy kengash deputati bo‘lgan «Saodat» jurnalida e’lon qilingan edi.

Karimov o‘limidan keyingi o‘tgan davrdagi o‘zbek matbuoti va rasmiylari ham bu kunga bepisandlik bilan qarashda davom etayotgani ko‘zga tashlanadi.

"Vaqti kelib aynan 20 iyun kuni Mustaqillik bayrami sifatida nishonlanishiga ishonaman"¸ deydi bu deklaratsiya uchun 30 yil oldin ovoz bergan sobiq deputat Dadaxon Yoqubov.

Таниқли журналист Дадахон Ëқубов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:34 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG