Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2020, Тошкент вақти: 07:58

Sardoba uchun xayriya qilmagan fermerlarga yerini tortib olish bilan tahdid qilinmoqda


Bo‘stonlik fermerlar xayriya uchun pulni topshirgan g‘allasining mablag‘idan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi fermerlardan Sardoba texnogen falokati oqibatlarini bartaraf qilishga pul o‘tkazish talab qilinmoqda.

Ozodlikka bog‘langan bo‘stonlik fermerlar, pul o‘tkazmaganlarga yerini tortib olish bilan tahdid qilinganini aytishdi.

Hokimlik mulozimi fermerlarga xayriya masalasida tahdid qilinganini tasdiqladi, ayni paytda fermerlarning "nomigagina qo‘rqitilishi"ni ta’kidladi.

Ozodlikka bog‘langan bo‘stonlik fermer yigit tuman hokimligi Sardoba toshqinidan vayron bo‘lgan uylar ta’miri uchun fermerlardan majburiy ravishda pul yig‘ilayotgani haqida 22 iyun kuni xabar qildi.

“Bo‘ston tumanidagi fermerlardan Sardobadagi uylar remontiga deb 2 million so‘mdan pul yig‘ilmoqda. Pul bermaganlarga yeri olinishi bilan tahdid qilinyapti. O‘zi yaqindagina “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga 1-2 million so‘mdan pul yig‘ilgan edi”.

Ushbu fermer va uning xabarini o‘rganish uchun Ozodlik bog‘langan bo‘stonlik yana uch fermer ham hokimlik tomonidan bosim bo‘lish xavfi sabab anonim qolish istagini bildirdi. To‘rtala fermer bilan qilingan audio suhbat ham fermerlar iltimosiga ko‘ra, e’lon qilinmayapti.

Fermerlarga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida tumandagi barcha fermerlar Sardobadagi uylar ta’miri uchun xayriyaga pul o‘tkazish lozimligidan ogohlantirilgan.

Sardobadagi uylar ta’miriga deb 2 million so‘mdan pul yig‘ilayotganini hokimlik vakili fermerlarga telefon orqali aytgan. Men ochig‘i hokimlikdan qochib, iloji boricha telefonimni o‘chirib yurishga harakat qilaman. Shuning uchun menga telefonda ayta olmadi. Lekin meni ko‘chada tutib, olib aytishdi. Menga 2 million so‘mni hokimiyatga naqd pulda olib borishimni aytishdi. O‘zi ko‘pchilik shu yig‘-yig‘laridan qochib yuradi. Hokimlik vakillari qochib yurgan fermerlarning uyiga borib, aytyapti, pul o‘tkazishni”.

Ozodlik bog‘langan bo‘stonlik fermerlarning to‘rtalasi ham xayriyaga pul o‘tkazish majburiyligini ta’kidladi.

“Zamonaviy til bilan aytganda¸ xayriya muammosi trendga chiqqan. Xayriyaga pul o‘tkazmasangiz, “yeringni olaman”, “viloyat hokimligiga aytaman”, deb qo‘rqitishadi. Fermer bilan bog‘liq gap tumandan tashqariga chiqsa, ishi rasvo bo‘lishi aniq. Shuning uchun hokimlik bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi. Shunga men ularga yo‘q deyishga haddim sig‘maydi. G‘allaning puli tushsa, shundan o‘tkazib beraman, dedim”.

Bo‘stonlik fermerlarga ko‘ra, joriy yilda xayriyaga pul yig‘ish oldingi yillarga nisbatan ko‘paygan.

“Hokimiyatning “pul ber”i hech to‘xtamaydi. Avval hamma fermerdan 5 million so‘mdan olishdi. Keyin 1 million so‘mdan berdik. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga ham kimdir 1 million¸ kimdir 2 million so‘mdan o‘tkazdi”.

Bo‘ston tuman hokimligining Sardobaga xayriya jo‘natish masalasiga mas’ullardan biri 23 iyun kuni Sirdaryoga navbatdagi xayriya jo‘natilganini aytdi.

“Hozirgina 400 kilo shakar, 2 tonna sabzi jo‘natib keldim. Lekin men Sardoba uchun pul yig‘ish masalasini yaxshi bilmayman. Men faqat mahsulot jo‘natishga mas’ulman”.

Bo‘ston tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan yana bir mulozimi fermerlarga xayriya masalasida tahdid qilinganini tasdiqlar ekan, ayni paytda fermerlar faqat nomigagina qo‘rqitilishini aytdi.

“Endi ko‘pchilik fermerlar puli bo‘lsa ham xayriya qilishdan qizg‘anadi. Shunaqalarni nomiga qo‘rqitishadi. Buni tahdid deb ham bo‘lmaydida. Faqat shunchaki aytiladi bunaqa gaplar. Fermerning yerini olish oson ekanmi? Ayniqsa, prezidentimiz fermerlarga e’tibor qaratib turgan payti. Endi bu xayriya ham hokimlikning o‘zi uchunmasku. Butun mamlakatimiz bo‘ylab xayriya qilinayotgan paytda bizning tuman qarab tursa yaxshimas”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Fermer va tadbirkorlardan turli vajlar bilan pul yig‘ish amaliyoti Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimida bo‘lgan paytdan beri davom etib kelyapti.

“Ixtiyoriy-majburiy” tarzda amalga oshiriladigan bu jarayonni rasmiylashtirish uchun turli jamg‘armalar ham tashkil etilgan.

Jumladan, ikki oy avval Mirziyoyev tashabbusi bilan karantin davrida muhtoj oilalarga yordam berish uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tashkil qilindi.

Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ mamlakat bo‘ylab fermer va tadbirkorlardan tashqari byudjet tashkilotlari ishchi-xodimlari ham "o‘z ixtiyori bilan" oyligining bir qismini shu jamg‘armaga o‘tkazishga majburlandi.

XS
SM
MD
LG