Линклар

Шошилинч хабар
02 июл 2020, Тошкент вақти: 20:09

COVID-19: Qizil hudud bo‘lgan Zarafshonda test tizimlari yetishmayapti


Bir yarim oydan buyon qizil hudud bo‘lib qolayotgan Zarafshonda, profilaktika maqsadida COVID-19 ga test topshirishni istovchilar murojaatlari qabul qilinmayotir.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shahardagi shifoxona yoki sanitariya-epidemiologik xizmati kasallikning kuchli belgilari bo‘lmasa, aholidan test uchun tahlil olmayotir.

Navoiyda infeksiyaning eng katta o‘chog‘i bo‘lib qolayotgan Zarafshon shahar sanitariya xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu kunda isitma va yo‘tal bilan murojaat qiluvchilar soni ortgan, barcha istovchilardan tahlil olish uchun test tizimlari yetishmayotir.

Ozodlik muxbiri gaplashgan zarafshonliklar, kasallik 80 foizga qadar hollarda simptomsiz kechayotgani, shu bois, sog‘ligi zaif yaqinlariga zarar yetkazmaslik uchun tahlil topshirish istagida ekanini aytdilar.

So‘nggi 20 kunda yo‘taldan aziyat chekayotgani va ta’m bilmayotganini aytgan zarafshonlikka ko‘ra, o‘zida COVID-19 alomatlari borligini aytib, 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.

Shahardagi davlat tashkilotlaridan birida ishlashini aytgan bu zarafshonlik shaxsiga oid ma’lumotlar sir qolishini istadi.

“103 raqami "Tez yordam" xizmati, ular faqat tana harorati yuqori bo‘lsa, og‘ir simptomlar bo‘lsagina, kelib tekshirishyapti ekan. Unaqa yengil yo‘tal, ta’m bilmaslik bo‘lsa, kelishmayapti ekan. Avvallari +998795732627 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib ham, tekshirtirish mumkin edi. Hozir telefon qilib, bu raqamga umuman bog‘lanib bo‘lmayapti”.

Ozodlik muxbiri bu zarafshonlik tilga olgan raqamga ish kuni davomida qayta va qayta qo‘ng‘iroq qildi, ammo bog‘lana olmadi.

Ozodlik gaplashgan yana bir necha zarafshonlik ham profilaktika maqsadida koronavirusga test topshirish istagi borligi, ammo hozircha bunga muvaffaq bo‘lmaganini bildirdi.

Shaharda savdo do‘koni bo‘lgan bir tadbirkorga ko‘ra, unga COVID-19 infeksiyasini aniqlash uchun sanitariya-epidemiologik xizmatiga murojaat qilishi mumkinligini aytishgan.

“Oldin kasalxonaga qildim, SESga (sanitariya-epidemiologik xizmatining xalq tilida saqlanib qolgan eski qisqartma nomi - sanitariya-epidemiologiya stansiyasi) telefon qiling, deyishdi. U yerdagilar 103 raqamiga telefon qiling, deyishdi. 103 esa isitma bo‘lmasa, og‘ir yo‘tal, holsizlikka o‘xshagan 2-3 ta belgilari bo‘lmasa, kelmaymiz, deyishdi. Kasal ko‘p aslida, qaysi biringizga yetishamiz, deyishdi”, dedi ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan tadbirkor.

Ozodlik muxbiri zarafshonliklar murojaat qilgan muassasalarga oddiy mijoz tariqasida bog‘lanib ko‘rganida, shikoyatlarda tilga olingan javobni oldi.

Zarafshon shahridagi markaziy shifoxona profilaktika chorasi o‘laroq tahlil topshirishni istagan mijozni SESga yo‘lladi, SES esa “Tez yordam” xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qildi.

Xususan, shahardagi sanitariya-epidemiologik xizmatlaridan birining o‘zini tanishtirmagan xodimidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozir barcha resurslar kasallik alomatlari kuchli ko‘ringan va virusni yuqtirib olish ehtimoli katta bo‘lganlarga qaratilgan.

“Test tizimlarimiz pulga sotib olingan, birinchi galda isitmasi baland bo‘lganlarga ishlatilyapti. Alomatlari bo‘lmaganlar, agar o‘zida koronavirus bor, deb gumon qilsa virusga qarshi va immunitetni kuchaytiradigan dorilarni ichib, 14 kun uyda o‘tirishi mumkin. Hozir Zarafshondagi ahvolni ko‘rib turibsiz, virusga chalinganlar ko‘p, shifokorlar ham yetishmayapti hozir”, deya ochiq tan oldi sanitariya xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimi, mijoz tariqasida bog‘langan muxbirga.

Zarafshon shahri joriy yilning 12 mayidan buyon qizil hudud bo‘lib qolmoqda. 29 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi bu shaharga Toshkentdan mutaxassis va shifokorlar guruhi yo‘llanganini xabar qilgan.

8 iyunda esa shahar chetida qurilgan 656 o‘rinlik karantin markazi ish boshlagan.

Zarafshon markaziy shifoxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozir koronavirusga chalingan bemorlar ham shifoxonalarga olinmay, to‘g‘ri karantin markaziga jo‘natilmoqda.

Bundan tashqari, isitma bilan murojaat qilganlar ham, "Tez yordam" shifokori virus yuqtirganini gumon qilsa, karantin markaziga yo‘llanmoqda:

“Hammasi bitta joyda. Hozir isitma qilgan, qattiq yo‘tal bo‘lib yotib qolgan, virusga podozreniye bo‘lganlar hammasi to‘g‘ri o‘sha yerga jo‘natilyapti”.

Ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka gapirgan zarafshonlik tadbirkor esa, bu tartibdan norozi. Uning aytishicha, virus uchun tahlil topshirishdan bosh maqsad - yonidagi sog‘ligi zaif yaqinlarini ehtiyot qilish istagidir.

“Men masalan, o‘zimda koronavirus bormi-yo‘qmi, buni tekshirtirishni istardim. Menda yengil kechsa ham, mendan boshqasiga yuqsa, u odamni vafotiga sababchi bo‘lib qolishdan qo‘rqaman, to‘g‘risi. Lekin, 103 raqami temperatura bilan tushgan odamni karantin markaziga olib borib tashlayapti . U yerdan aniq kasal bo‘lib chiqasizda. Undan ko‘ra, bepulmi-pullikmi bir xizmat ochishsa, isitmasi bo‘lmasa ham borib odamlar tekshirtirishsa. Ko‘ngli xotirjam bo‘lsa. Televizorda aytishyaptiku ana, profilaktika uchun tekshirgani borsa, virus chiqyapti odamlardan. Shunaqa xavfsiz profilaktika tekshiruvini Zarafshonda qilsa bo‘lmaydimi?! Qizil zona bo‘lsa?!”.

Ozodlik Zarafshon shahridan kelayotgan bu kabi shikoyat va talablarga aniq javob olish uchun 24 iyun kuni shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qayta va qayta qo‘ng‘iroq qildi, ammo hozircha javob ololmadi. Shahar hokimligidan ham rasmiy izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov bu boradagi savollarning hammasiga javob berishini aytdi. Ozodlikka matbuot kotibiga savollarni yo‘lladi, hozircha javob kelmadi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarning 70-80 foizida kasallik kuchli tashqi simptomlarsiz o‘tayotganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda berilayotgan rasmiy bayonotlarda aholi orasidan aniqlanayotgan yangi holatlar profilaktika tarzida tahlil topshirganlar orasidan qayd etilgani ham aytilgan.

Shu bois, 24 iyundan mamlakatdagi xususiy tibbiyot muassasalarida ham koronavirus uchun ixtiyoriy va pulli asosda test topshirishga ruxsat berildi. Shu kuni Zarafshondagi shifoxonalar va sanitariya xizmatlariga bog‘langan Ozodlik shaharda koronavirus uchun pulli test topshirish mumkin bo‘lgan biror maskan haqida ma’lumot ololmadi.

21 iyun shahar hokimligi Zarafshon hanuz qizil hudud bo‘lib qolayotgani, ammo tez orada sariq hududga aylantirilishi kutilayotganini bildirgan. Rasmiy bayonotda shaharda koronavirusga chalinish hollari soni va ko‘lamiga oid ma’lumotlar berilmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, virusologik laboratoriyalarda “Covid-19” infeksiyasiga bepul tahlildan o‘tish imkoniyati yaratilgan. Vazirlik 22 iyunda ushbu virusni aniqlash uchun 1 million 55 ming 472 ta test sinovi bepul o‘tkazilganini bildirdi.

Ayni paytda, Covid-19” infeksiyasini aniqlash uchun test tizimlari yetishmovchiligi dunyoning aksar davlatlari, xususan, vaziyat og‘ir bo‘lib qolayotgan AQSh, Braziliya, Rossiya kabi davlatlarda ham kuzatilmoqda. Ammo, O‘zbekistonda bunday tizimlar yetishmayotgani rasman e’tirof etilgani haqida Ozodlikda biror ma’lumot yo‘q.

24 iyunga kelib, virus yuqtirganlar soni dunyoda 9 million 882 mingdan, o‘lganlar soni esa 477 mingdan oshdi.

O‘zbekistonda 24 iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, infeksiyaga chalinganlar soni 6847, tuzalganlar 4 ming 588dan oshdi, 19 bemor vafot etgan.

XS
SM
MD
LG