Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:02

"SamAvto"ning kamida ikki xodimida koronavirus aniqlangach korxonada yotog‘i bilan ishlash to‘xtatildi


2009 yilda tashkil topgan "SamAvto" zavodida Yaponiyaning "Isuzu" avtobuslari yig‘iladi.
2009 yilda tashkil topgan "SamAvto" zavodida Yaponiyaning "Isuzu" avtobuslari yig‘iladi.

Samarqand shahridagi mingdan ziyod odam ishlaydigan "SamAvto" avtomobil zavodining kamida ikki xodimida koronavirus aniqlanishi ortidan korxonaning yuzga yaqin ishchisi 14 kunlik karantinga olingan.

Ozodlikka kelgan bu ma’lumotni "SamAvto" avtomobil zavodining bir-biridan mustaqil to‘rt nafar xodimi tasdiqladi.

Ularga ko‘ra, koronavirus zavod tibbiyot xodimlaridan biri¸ hamda asbob ta’minoti sexi xodimida aniqlangan.

(Ozodlikka ikkala bemor ismi sharifi ma’lum¸ ammo shaxsiy ma’lumot bo‘lgani uchun ochiqlamayotir - tahr.)

"SamAvto" avtomobil zavodining xavfsizlik bo‘yicha boshlig‘i Rustam Hamroyev Ozodlikka koronavirus holatlarini inkor etmadi, ayni paytda tafsilotlarni ochiqlashni istamadi.

Ozodlik gaplashgan ishchilar zavod rahbariyati "SamAvto"ning karantinga yopilishidan qo‘rqib​¸ virus tarqalishining haqiqiy masshtabi haqidagi ma’lumotni yashirayotganidan xavotirda ekanini bildirdi.

"SamAvto" avtomobil zavodining ismi oshkor etilishini istamagan ishchisi Ozodlik bilan suhbatda zavodning bir xodimida o‘tgan hafta, yana bir xodimida 22 iyun kuni koronavirus aniqlanganini aytdi.

- Oldiniga zavodimizdagi vrachlardan birida koronavirus chiqdi. Keyin seximiz masterida ham aniqlandi. Shu vrachdan boshqalarga yuqqan¸ degan taxmin bor. Masterimizda kasallik belgilari o‘tgan juma kuni 15 kunlik smenadan chiqqanidan so‘ng paydo bo‘ldi. Smenadan uyiga qaytganidan keyin isitmasi chiqqan, o‘z ixtiyori bilan shifoxonaga borgan. Mana shu dushanba kuni koronavirusga tekshiruvlar pozitiv ekanini ko‘rsatgan.

"SamAvto"ning koronavirus aniqlangan ikki xodimi, hamkasblarining Ozodlikka aytishicha, Samarqand viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Ulardan birining ahvoli og‘ir, kasalxonaning Jonlantirish bo‘limida yotibdi.

Aprel oyi o‘rtalaridan buyon "O‘zavtosanoat" tarkibidagi boshqa avtomobil zavodlarida bo‘lgani kabi "SamAvto"da ham xodimlar koronavirus karantini davrida uyga bormasdan korxona hududida yotib ishlatilayotgan yuzlab ishchi har kuni bir joyda yotib¸ bir joyda ovqatlanayotgan edi.

"SamAvto"ning Ozodlik suhbatlashgan ismi ochiqlanmasligini istagan rahbar xodimlaridan biri xodimlarda koronavirus aniqlanishi ortidan zavod hududida 15 kunlik yotog‘i bilan qolib ishlash 22 iyun kundan bekor qilingani¸zavod faoliyati to‘xtatilmaganini aytdi.

Bundan oldin Andijondagi "UZAUTO MOTORS" , avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan "UZ DONG YANG CO" O‘zbekiston-Koreya qo‘shma korxonasi hamda Xorazm viloyatining Hazorasp tumani Pitnak shahridagi avtomobil zavodi ishchilari zavod hududida antisanitariya holatida yotog‘i bilan ishlatilayotganliklarini Ozodlikka aytgan edi.

"O‘zavtosanoat" tarkibidagi bu zavodlarda hozircha yotib ishlash bekor qilinmagan.

"SamAvto" nega kasallikni yashiryapti?

"SamAvto"ning Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan xodimlaridan biri koronavirus yuqtirganlar va yuqtirgan deb gumon qilinayotganlar ikkitadan ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytadi.

- Hozir hech kim hech narsa bilmaydi, zavod rahbariyati kasallikni yashiryapti. Chunki masshtab ko‘pligi oshkor bo‘lsa, zavod yopilishi kerak. Rahbariyat buni istamaydi. Men ham hamkasblarim ham shu kasallik aniqlangan xodimlar bilan bir joyda yotganmiz, ikki haftadan keyin chiqib boshlasa kerak boshqalarda ham.

Ozodlik "SamAvto" avtomobil zavodidagi koronavirus bilan bog‘liq xolat yuzasidan izoh olish uchun korxonaning xavfsizlik bo‘yicha boshlig‘i Rustam Hamroyevga bog‘landi.

Hamroyev koronavirus xolatlarini inkor etmadi, bu haqda keyin o‘zi telefon qilib, izoh berishini aytdi.

- Hodimlar tekshiruvdan o‘tkazilyapti, hammasi yaxshi, telefon nomeringizni qoldiring, meni o‘zi qo‘ng‘iroq qilaman, - dedi Hamroyev.

Shundan so‘ng Hamroyev bilan qayta bog‘lanib bo‘lmadi¸ uning o‘zidan ham qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Hozircha bu xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan¸ kun davomida qo‘ng‘iroqlarga javob berilmagani bois¸ izoh olib bo‘lmadi.

O‘zbekistonda 26 iyun kuni koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni¸ Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra ¸7 ming nafardan oshgan.

XS
SM
MD
LG