Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2020, Тошкент вақти: 06:45

Prezidentning doimiy propiska haqidagi farmoni ijrosini Toshkent viloyat hokimligi to‘xtatib qo‘ydi


To‘ytepa Nurafshon bo‘lib¸ Toshkent viloyati ma’muriy markaziga aylanishi ortidan shaharda keng ko‘lamli buzilishlar boshlanib ketdi va bu to‘ytepaliklarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning doimiy propiskaga qo‘yish tartibiga oid joriy yil, 22 apreldagi farmoni Toshkent viloyati markaziga aylangan Nurafshon shahrida ijro etilmayapti.

Viloyat hokimligi Bosh vazir ikki yil oldin o‘tkazgan sayyor majlis protokolini ro‘kach qilib¸ shaharda uy sotib olgan fuqarolarning o‘z uyida doimiy propiskaga qo‘yilishini taqiqlab qo‘ygan.

Ozodlik gaplashgan shahar IIB mulozimi¸ bunday taqiqning “vaqtinchalik ekani”ni bildirgan holda¸ prezident bu yilgi farmoni ijrosining ikki yil oldingi majlis bayoni asosida to‘xtatilishini”mantiqsizlik” deb atadi va buning jiddiy e’tirozga sabab bo‘layotganini tan oldi.

Toshkent viloyat hokimligi mulozimi¸ bunday “vaqtinchalik taqiq”qa izoh berish¸ xususan¸ prezident farmoni ijrosining viloyat hokimligi tomonidan to‘xtatib qo‘yilishining naqadar qonuniyligi haqidagi savollar o‘rganilib¸ so‘ngra javob berilishini bildirdi. 29 iyun kuni Ozodlikka bunday javob kelmadi.

Ozodlik bog‘langan toshkentlik huquqshunos¸ ijro hokimiyati bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklarida prezident farmoni ijrosini to‘xtatish vakolati yo‘qligi va bunday “taqiqning qonunchilikka zid” ekanini bildirdi.

Murojaat

Asli samarqandlik Umida 2016 yili Toshkent viloyatining To‘ytepa shahridan (hozir Nurafshon) uy sotib olgan. Toshkent shahri va viloyatiga doimiy propiskasi yo‘qlarning bu hududdan ko‘chmas mulk sotib olishi taqiqlangani bois¸ Umida va turmush o‘rtog‘i 2016 yilda uyini o‘z nomiga rasmiylashtira olmay¸ xolasi nomiga olgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni yillardan beri qiynab kelayotgan propiska masalasida joriy yilning 22 aprel kuni chiqargan farmon Umida kabi minglab o‘zbekistonliklarning Toshkent shahri va viloyatida sotib olgan o‘z uyida doimiy propiskadan o‘tishiga huquqiy asos berdi.

Bu farmon bilan “fuqarolarga birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini o‘zi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda bo‘lgan manzil bilan bir qatorda egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish”ga ruxsat berildi.

Umidaning 29 iyun kuni Ozodlikka aytishicha¸ prezident farmonidan so‘ng uyini o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan. Biroq Nurafshon shahar IIB o‘z nomiga rasmiylashtirilgan hovlida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish haqidagi murojaatiga rad javobi bergan.

Prezident qaroridan keyin hamma hujjatlarni tayyorlab¸ pasport stoliga borsak¸ Bosh vazirning 2018 yilgi yig‘ilishi qarorini ko‘rsatib¸ ruxsat bermayapti¸ deyishdi. Prezident chiqargan farmonni Bosh vazir bekor qila oladimi? Nogiron bolam bor¸ shunga nafaqa to‘g‘rilaymiz¸ desak¸ doimiy propiska so‘rayapti. Hozir o‘zim ham¸ xo‘jayinim ham ishsizmiz¸ qayerga borsak¸ propiska so‘rayapti. Agar propiskaga qo‘yib bo‘lmasa¸ unda nega kadastr va notarius uyni bizning nomimizga rasmiylashtirib berdi? Prezident farmonini bitta idora bajarib¸ ikkinchisi bajarmaslikka haqlimi?

Umidaning aytishicha¸ u va turmush o‘rtog‘i bu savolga javob izlab¸ prezident portaliga murojaat qilgan.

18 iyun kuni prezident ishonch telefoni orqali qilingan bu murojaatga 25 iyun kuni Nurafshon shahar IIB boshlig‘i¸ mayor No‘’monjon Amanbayev nomidan yozma javob berilgan.

Kamoljon Sultonovning prezident portaliga qilgan shikoyatiga IIB boshlig‘idan kelgan javob.
Kamoljon Sultonovning prezident portaliga qilgan shikoyatiga IIB boshlig‘idan kelgan javob.

Nusxasi Ozodlikka taqdim etilgan bu javobida IIB boshlig‘i¸ Sultonovlarning Nurafshon shahridagi o‘z uyiga doimiy propiskadan o‘tkazish haqidagi murojaatining Bosh vazir 2018 yil 12 avgust kuni o‘tkazgan sayyor yig‘ilish bayonining 29-bandiga asosan rad etilganini ma’lum qilgan.

Javob xatida “Nurafshon shahrida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari munosabati bilan doimiy propiskaga qo‘yish to‘xtatilgani bois¸ Sultonovlarning “ko‘rsatilgan manzilga doimiy propiskaga qo‘yishning vaqtincha imkoniyati yo‘qligi” rasman ma’lum qilingan.

2020 yilning 25 iyunida berilgan bu xatda prezidentning 2020 yil 22 aprel kungi farmoni¸ go‘yo u yo‘q kabi¸ umuman tilga olinmagan.

IIB izohi

Ozodlik Kamoljon Sultonovga berilgan raddiyada keltirilgan asosga izoh olish maqsadida Nurafshon shahar IIB bilan bog‘landi. Aynan propiska masalalari uchun mas’ul bo‘lgan mulozim¸ Sultonovlarning prezident portaliga qilgan shikoyatidan xabardorligini e’tirof qildi.

Unga ko‘ra¸ o‘z nomiga rasmiylashtirilgan uy va kvartiraga doimiy propiskaga kira olmayotgan nurafshonliklar faqat Sultonovlar emas.

Nurafshon shahri hozir viloyat markaziga aylangani sababli¸ qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Shuning uchun propiska vaqtincha to‘xtatib turilipti. Bosh vazir o‘tkazgan majlis protokolining 29-bandida "doimiy propiska viloyat hokimining tavsiyanomasiga asosan amalga oshiriladi"¸ deb yozilgan. Snos degan narsa bor. Agar mulk snosga tushmagan bo‘lsa va hokimiyat tarafidan “e’tirozimiz yo‘q” deb yozib berilsa¸ biz doimiyga qo‘yib berishimiz mumkin. Viloyat hokimligi Nurafshon shahar hududida vaqtinchalik to‘xtatilsin¸ degan xat bergan. Bu bizning IIV ham¸ o‘zimizning viloyat boshqarmamiz tomonidan ham ko‘rsatib o‘tilgan”.

"2018 yilgi majlis bayoni asosida prezidentning 2020 yil 22 aprel kungi farmoni ijrosini to‘xtatish qonuniymi"¸ degan savolga javob berishga qiynalgan IIB mulozimi suhbat davomida bunday taqiqning “mantiqsiz” ekanini e’tirof qildi.

Bu narsa gerboviy pechat va imzo bilan taqiqlagandan keyin ¸ uni yuristlar tekshirib¸ tasdiqlagandan keyin biz ijro qilishga majburmiz. Biz bu bo‘yicha tegishli xizmatlarga chiqqanmiz. Fuqarolarning noroziligi oshib boryapti¸ iltimos deb¸ mutasaddi rahbarlargayam chiqqanmiz. Qo‘limizda buni tasdiqlaydigan asoslarimiz ham bor. Ular ham imkon qadar yordam qilamiz¸ deyishgan. Chiqilgan keraklicha. Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi¸ prezidentning qarori turgan joyda viloyat hokimining 2 yil oldingi bayonnomasi asosida ish tutish”¸ dedi Ozodlik gaplashgan Nurafshon shahar IIB mulozimi.

Bu izoh ortidan Ozodlik qayta bog‘langan Sultonovlar¸ IIB mas’ullari o‘zlariga hokimlikdan "e’tirozimiz yo‘q" degan tavsiyanoma olib kelishni so‘ramaganini bildirdi.

"Bizning uyimiz snoslar hududidan ancha ichkarida. Keyin bizga hech kim bu hududda snos bo‘lishi haqida hozirgacha bildiruv bergan emas"¸ dedi Umida Sultonova.

Toshkent viloyati hokimligi “o‘rganib¸ javob beradi”...

Ozodlik 29 iyun kuni Toshkent viloyati hokimligi rasmiy saytida berilgan o‘nlab telefon raqamlariga telefon qildi. Prezidentning 2020 yilgi farmonini Bosh vazir 2018 yil o‘tkazgan majlis protokoli bilan taqiqlashning naqadar qonuniyligi haqidagi savolga javob berishi kutilgan hokimlik yuridik bo‘limi bilan bog‘lanishning umuman imkoni bo‘lmadi.

Hokimlik ishonch telefoniga javob bergan mulozim¸ Ozodlik savollarini eshitdi va ularning “tegishli mutasaddilar tomonidan o‘rganilib¸ so‘ngra Telegram kanali orqali javob berilishi”ni bildirdi. Kun davomida bunday javob kelmadi. (Javob berilsa¸ u e’lon qilinadi - tahr.)

Ozodlik Toshkent shahri va viloyatida uy-joy sotib olganlarning o‘z mulkida doimiy propiskaga qo‘yilishi haqida aprel oyida chiqarilgan prezident farmoni ijrosining ikki yil oldingi protokol asosida taqiqlanishi qonuniymi¸ degan savol bilan toshkentlik huquqshunosga murojaat qildi.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan advokat¸ “bunday asosning butunlay qonunsizligi”ni ta’kidladi.

Prezident qaror va farmoni ijro hokimiyati uchun bajarilishi shart bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bosh vazir yoki viloyat hokimining bu qaror ijrosini taqiqlashga vakolati yo‘q. Xususan¸ 2020 yilgi farmonni 2018 yilgi majlis protokoli bilan taqiqlash borib turgan qonunsizlik. Istagan hokim¸ yoki vazir to‘rtta odamni to‘plab¸ majlis qilishi va uning protokoliga o‘zi istagan qarorni yozdirishi mumkin. Nurafshonda fuqarolarning doimiy propiskaga qo‘yilishini taqiqlash harakati ortida nafaqat qonunga zidlik¸ balki korrupsiya alomati ko‘ryapman. Qolaversa¸ mamlakatda bir nechta hokimiyatchilik paydo bo‘lyapti. Prezident farmonini hokimlik tan olmaydi¸ yoki IIV bajarmaydi. Bu jarayonlarga ham huquqiy¸ ham siyosiy baho berilishi lozim. Aks holda¸ fuqarolarning prezident vakolati va ijro hokimiyatiga nisbatan ishonchi kundan kunga kamayib¸ mamlakatda huquqiy nigilizm hukm surishga o‘tadi”¸ dedi toshkentlik advokat.

2017 yil 25 avgustida Oliy Majlis Senati prezident Mirziëevning To‘ytepa nomini Nurafshon deb o‘zgartirish taklifini bir ovozdan ma’qulladi va ko‘p o‘tmay shahar Toshkent viloyati ma’muriy markaziga aylantirildi.

Prezident tashabbusi bilan Nurafshonda O‘zbekistondagi birinchi «aqlli» shahar “Smart City”¸ qolaversa¸ yangi ma’muriy binolar, zamonaviy va qulay turar joylar, biznes markazlar, mehmonxonalar, sport majmualari, yoshlar ijodiyot markazi, kutubxona, maktablar, ko‘p tarmoqli kasalxona quriladigan bo‘ldi. Shundan so‘ng shahar katta qurilishlar¸ aniqrog‘i¸ buzilishlar hududiga aylandi.

O‘zbekiston Bosh vazirining 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov joriy yil fevralida Toshkentni Nurafshon bilan bog‘lovchi metro qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Hozircha bu loyihaning qiymati va uning qachon amalga oshirilishi haqida ma’lumot berilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG